AsosiyJamiyat

​Bugungi kinoning muammo va echimlari muhokama markazida bo`ldi

'​Bugungi kinoning muammo va echimlari muhokama markazida bo`ldi'ning rasmi

2017 yil 30 mart kuni «O`zbekkino» Milliy agentligida kinematografiya san`atining oldida turgan muammolar va hal etilishi lozim bo`lgan masalalar hamda xususiy kinostudiyalarning faoliyatiga bag`ishlab «Bugungi kino: muammo va echimlar» mavzusida uchrashuv bo`lib o`tdi.

Unda «O`zbekkino» Milliy agentligi rahbariyati, O`zbekiston Kinoarboblari birlashmasi a`zolari, xususiy kinostudiyalar va kinoteatrlar rahbarlari, kinoshunoslar, rejissorlar, aktyor-aktrisalar, operatorlar, rassomlar va boshqa ko`plab kinoijodkorlar ishtirok etishdi.

Agentlik Bosh direktori Otabek Musaev olib borgan ushbu yig`ilishda mutaxassislar tomonidan milliy kinematografiya san`atining ajralmas qismi bo`lgan xususiy kinostudiyalar tomonidan suratga olinayotgan filmlarning badiiy-g`oyaviy saviyasi, mavjud muammo, yutuq va kamchiliklar atroflicha tahlil etildi, shuningdek, ijodkorlar oldida turgan dolzarb vazifalar belgilab berildi.

Yig`ilishda san`atshunos olimlar Nigora Karimova, Shuhrat Rizaev, Oybek Kopadze, rejissyorlar Zulfiqor Musoqov, Rustam Sa`diev, Bahriddin Aynazarov, Anvar Soliev, stsenarist Elmira Xasanova, «O`zbekiston adabiyoti va san`ati» gazetasining bo`lim mudiri Gulchehra Umarova kabilar o`z chiqishlarida bugungi kinojarayonni atroflicha tahlil qilar ekanlar, xususiy studiyalar faoliyatini tartibga soluvchi me`yoriy-huquqiy baza etarli darajada emasligi ustida alohida to`xtalib o`tdilar.

Ishtirokchilar xususiy kinostudiyalar tomonidan suratga olinayotgan filmlarning professional, badiiy, tarbiyaviy va estetik saviyasini oshirishga qaratilgan bir qator takliflarni ilgari surdilar. Bu kabi ijodiy uchrashuvlarni tez-tez o`tkazib turish taklif qilindi.

Boshqa yangiliklar