O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan 4 aprel kuni davlat tashrifi bilan Moskva shahriga jo`nab ketdi, deb yozadi O`zA
Avval xabar qilinganidek, Rossiya rahbariyati bilan uchrashuv va muzokaralarda O`zbekiston bilan Rossiya o`rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan keng ko`lamli masalalar, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investisiyaviy, transport-kommunikasiya, ilmiy-texnik, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi o`zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari atroflicha muhokama qilinadi.
O`zbekiston va Rossiya Prezidentlari mintaqaviy va xalqaro dolzarb muammolar yuzasidan ham fikr almashadilar.
Oliy darajadagi muzokaralar yakunlari bo`yicha ikki davlat Prezidentlarining Qo`shma bayonoti qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Tashrif doirasida O`zbekiston – Rossiya munosabatlarini izchil rivojlantirish, o`zaro hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga ko`tarishga qaratilgan hukumatlararo, idoralararo bitimlar, tijorat shartnomalari va boshqa qator hujjatlar imzolanishi ko`zda tutilgan.