O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Rossiya Federasiyasi hukumati Raisi Dmitriy Medvedev bilan uchrashdi.
Dmitriy Medvedev Shavkat Mirziyoevning Rossiya Federasiyasiga tashrifidan minnatdor ekanligini bildirdi, deb yozadi O`zA.
– O`zbekiston Rossiyaning eng ishonchli hamkorlaridan biri, – dedi Dmitriy Medvedev. – Ikki davlat turli sohalarda ishonchli hamkorlik qilib kelmoqda. Sizning tashrifingiz davomida juda katta loyihalar bo`yicha kelishuvlarga erishish ko`zda tutilgan. Men tashrifingiz samarali bo`ladi va ikki do`st davlatning hamkorligida yangi sahifa ochiladi, deb ishonaman.
– Sankt-Peterburgda ro`y bergan mash`um voqea munosabati bilan chuqur hamdardligimni qabul qilgaysiz, – dedi Shavkat Mirziyoev. –Terrorizm chegara bilmaydigan xavfdir, shu bois unga qarshi kuchlarni birlashtirgan holda kurashish lozim.
Prezidentimiz ushbu tashrif o`zaro aloqalarni yangi bosqichga ko`tarish, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish uchun qulay imkoniyat ekanligini ta`kidladi.
– Bugungi muloqotlarimiz ko`p sohalardagi hamkorligimizda yangi davrni boshlab berishiga ishonaman, – dedi Shavkat Mirziyoev.