“Darakchi” gazetasi tahririyatiga elektron pochta orqali Farg`ona politexnika instituti Ma`naviyat va ma`rifat bo`limi boshlig`i, shoir Ravshan Madumarov (Nursux)dan e`tiroz xati keldi. Maktubda yozilishicha, xonanda Sardor Mamadaliev shoirning she`rini o`zgartirib kuylagan ekan. Masalaga oydinlik kiritish maqsadida shoir bilan bog`landik...
— Xatingizda “Yaqinda qo`shiqchi Sardor Mamadaliev tomonidan yana bir yangi “sovg`a” bo`ldi, ya`ni Oxunjon Madalievning “madhiya”siga aylangan, mening qalamimga mansub, “Unutmoq osonmas bizlarni” qo`shig`i so`zlari buzib kuylandi. Bu kabi qiliqlar uning uchun o`zini tanitishning yo`li. Lekin bu yo`lning noto`g`riligini o`zi qancha erta anglab etsa, shuncha yaxshi bo`lar edi”, — deb yozgan ekansiz. She`rning aynan qaerini o`zgartirgan?
— Ustoz san`atkorlar kuylagan juda ko`p qo`shiqlarni buzib, ya`ni boshqa kuyga solib o`z talqinida kuylayapti. Bunga uning haqqi yo`q. Aynan “Unutmoq osonmas bizlarni” she`rimni ham butunlay o`zgartirib, musiqasinigina saqlab qolgan holda kuyladi. Asabim buzilgani uchun Sardor kuylagan qo`shiqni eshitmadim.
— Unda o`zgartirganini qaerdan bildingiz?!
— Eshitdim, faqat so`zlari yodimda qolmadi.
— Uning talqinidagi qo`shiqni eshitgach, Sardor bilan bog`lanib masalaga oydinlik kiritishga harakat qildingizmi?
— Yo`q, bog`lanmadim. Yosh bola bilan masalaga oydinlik kiritib o`tirishni o`zimga ep ko`rmadim. Hatto sizlarga xat yozishdan avval ham rosa o`yladim... Ustoz san`atkorlar kuylagan, xalqning dilidan joy olgan qo`shiqlarni buzib, o`z talqinida kuylayverish bu — xato. Masalan, Rossiyada Alla Pugachyova, Filipp Kirkorovning qo`shig`ini birov buzib kuylab ko`rsin-chi, nima bo`larkin? Nega endi bizning yosh xonandalar bunga jur`at qilishi kerak? O`zbekiston xalq artisti Sherali Jo`raevning bir qo`shig`ida shunday jumlalar bor: “Birovning qo`shig`i bilan obro` topguncha, botqoqda qurbaqa bo`lib sayragan ma`qul”. Ushbu misraning naqadar to`g`riligiga bugun yanada amin bo`ldim. Nahotki bunday buzg`unchilarga nisbatan hech qanday chora ko`rilmasa?
Ikkinchi tomonning ham fikrini bilish uchun xonanda Sardor Mamadalievning fikri bilan qiziqdik.
— Sardor aka, “Unutmoq osonmas bizlarni” she`r muallifi ustingizdan shikoyat qilib, tahririyatimizga murojaat qildi. Shoirning aytishicha, she`rining so`zlarini o`zgartirib kuylabsiz?
— “Unutmoq osonmas sizlarni” she`rini ikki yil avval andijonlik shoir Omadbek Vafo yuborgandi. Mavridi bo`lgani uchun o`tganlarni xotirlash maqsadida shu she`rni qo`shiq qildim. Bilishimcha, Omad Vafo ustoz san`atkorimiz kuylagan qo`shiqdan ilhomlanib, muxammas yozgan. Nazarimda, bu she`rni buzishmas, shoirga bo`lgan hurmat-ku?! Mavjud she`rdan yana bir she`r “tug`ilgani”, o`tganlarni xotirlash uchun yana bir yangi qo`shiq yozilgani quvonarli hol-ku. Ijodkorlarga bir-birining ortidan bunday shikoyat, norozilik bildirib yurish yarashmaydi. Yaxshilikni targ`ibot qiladigan soha vakillaridan birimiz. Aksincha, shoirimiz Ravshan Nursux biz bilan hamkorlik qilsinlar, hamkorlikda yangi qo`shiqlar yozaylik.
Oxunjon Madaliev ijrosida kuylangan shoir Ravshan Nursuxning 1992 yilda yozilgan she`ri:
“UNUTMOQ OSONMAS BIZLARNI”
Soyaman ortingdan ergashgan,
Yostiqman tunlari dardlashgan,
Tushingman o`ngingga almashgan,
Unutmoq osonmas bizlarni.
Yurakka o`q sanchgan kamonman,
Yuzingga rang sochgan somonman,
Yomonman, men o`sha yomonman,
Unutmoq osonmas bizlarni.
Afsusman egilgan boshlarda,
Tim qaro, uyulgan qoshlarda,
Armonman ko`zdagi yoshlarda,
Unutmoq osonmas bizlarni.
Qalbingni tark etsa vafolar,
O`rnini egallar jafolar,
Bu dardga yo`q erur davolar,
Unutmoq osonmas bizlarni.
Soyaman ortingdan ergashgan...
Sardor Mamadaliev ijro etgan variant:
“UNUTMOQ OSONMAS SIZLARNI”
Soyasiz bulutga ergashgan,
Sizlarga yaxshilik ergashgan,
Soyasiz bulutga tirmashgan,
Sizlarga yaxshilik ergashgan.
Yodingiz dillarga joylashgan,
Unutmoq osonmas sizlarni.
Siz yo`qsiz qalbimda yarolar,
Ayting bu dardni kim davolar.
Shukr bor siz aytgan navolar,
Unutmoq osonmas sizlarni.
Afsusdan egildi boshlar ham,
Sog`inib uyuldi qoshlar ham,
Firoqdan dengizdir yoshlar ham,
Unutmoq osonmas sizlarni.
Bu dunyo o`tkinchi bevafo,
Siz shoir, siz hofiz, siz daho
Ushbu dam qalbimda bir vido,
Unutmoq osonmas sizlarni.
Shu o`rinda shoir yigit Omad Vafo bilan ham bog`lanishni lozim topdik.
— 2014 yil ustoz san`atkor Oxunjon Madalievning “Unutmoq osonmas bizlarni” qo`shig`idan ilhomlanib, qolaversa, o`tganlarni xotirlash maqsadida “Unutmoq osonmas sizlarni” nomli muxammas yozgandim. Xonanda Sardor Mamadalievni ijodiga befarq bo`lmaganim va u Oxunjon Madalievning qo`shiqlarini ham kuylagani uchun she`rimga bee`tibor bo`lmasa kerak, degan o`yda xonandaga bergandim.
— “Unutmoq osonmas bizlarni” qo`shig`i she`r muallifini bu haqda ogohlantirganmidingiz?
— Rosti, shoirimizning ism-familiyasini bilmayman, qo`shiqni eshitib, yaxshi niyatda yozgandim, havaskor shoirman. Ranjishi mumkinligi xayolimga ham kelmagandi. U kishi bilan bog`lanib, shaxsan o`zim uzr so`rab qo`yaman.
Eslatib o`tamiz, muxammas so`zi arab tilidan tarjima qilinganda, beshlik yoki har bandi besh misradan iborat she`riy asar degani. Masalan, Ogahiy Navoiy g`azallariga ko`plab muxammaslar bog`lagan. Mazkur ikki she`rga nisbatan g`azal va muxammas atamalarini qo`llash noo`rin. Balki nazira deyilsa to`g`riroq bo`lar?
Keyingi vaqtlarda shu kabi e`tirozlar ko`paysa ko`payaptiki, kamaygani yo`q. Harqalay ijodkorlar she`r va musiqa mualliflariga e`tiborliroq bo`lsalar yaxshi bo`lardi. Albatta, “nazira” yozilgani yaxshi, lekin ijod namunasini muxlislarga taqdim etayotganda asl muallif ham ko`rsatilsa — olam guliston.
Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi
10.12.2019, 20:06
Taniqli shved guruhi — «Roxette» solisti Mari Fredriksson 61 yoshida vafot etdi. Bu haqda Shvesiya OAVlariga asoslanib xabar berildi.Dagens Nyheter nashrining yozishicha, xonanda uzoq yillar davomida saraton xastaligiga...11.08.2017, 16:04
"Darakchi" gazetasidagi "10 qaltis savol" loyihasining galdagi mehmoni professionalmusiqiy bilimga ega xonanda UMIDAXON... 1 — “Umr o`tar”, “Yulduzimsan”, “Sendadur ko`nglim” va “Yo`limdan qoch”, “Serial”, “Safsata”...11.08.2017, 13:51
O`zbekiston va Qoraqalpog`iston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov jurnalist Jasur Hamroev bilan suhbatda madaniyat vaziriningbirinchi o`rinbosari sifatidagibirinchi ish kuni qanday o`tgani hamda endilikda ijodini davom ettirishi...08.08.2017, 10:55
7 avgust kuni o`zbek shou-biznesining ikki vakili oila qurdi. Poytaxtdagi "Osiyo grand" restoranida Shohruhxonning ukasi, aktyor Muhammadali va Irodaxonning visol oqshomi bo`lib o`tdi. Shu kuni...