O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Rossiya Federasiyasiga davlat tashrifi yakunlari bo`yicha qator hujjatlar imzolandi.
Oliy darajadagi muzokaralarda o`zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishning muhim yo`nalishlari belgilab olindi, deb yozadi O`zA. Prezidentimizning tarixiy ahamiyat kasb etgan ushbu davlat tashrifi O`zbekiston va Rossiya o`rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqishiga xizmat qiladi.
O`zbekiston Respublikasi va Rossiya Federasiyasi Prezidentlari Shavkat Mirziyoev va Vladimir Putin Qo`shma bayonotni imzoladilar. O`zbekiston – Rossiya munosabatlarini izchil rivojlantirish, o`zaro hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga ko`tarishga qaratilgan hukumatlararo, idoralararo bitimlar va boshqa qator hujjatlar imzolandi.
O`zbekiston va Rossiya Prezidentlari oliy darajadagi uchrashuv va muzokaralar yakunlari bo`yicha ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdi. Shavkat Mirziyoev va Vladimir Putin muzokaralar ochiqlik, o`zaro ishonch va amaliy ruhda o`tganini ta`kidladilar. Tashrif asnosida erishilgan 50 dan ortiq kelishuvlar, imzolangan hujjatlar O`zbekiston va Rossiya taraqqiyotiga, ikki mamlakat xalqlarining farovonligini yanada yuksaltirishga, davlatlarimiz o`rtasida hamkorlikni yangi bosqichga ko`tarishga xizmat qilishi qayd etildi.