1

​Mahmud Nomozov: "Shou-biznes hech hachon san`at bo`lolmaydi!"

Shou-biznes 06.04.2017, 11:09
Teglar: Xonanda, Shou-biznes
​Mahmud Nomozov: "Shou-biznes hech hachon san`at bo`lolmaydi!"

Bir olam hayajon, orzular bilan poytaxtga intiq shoshgan va yillar tajribasi o`z “so`z”ini aytib, haqiqiy san`atkor, degan e`tirofga sazovor bo`lgan O`zbekiston va Qoraqalpog`iston xalq artisti Mahmud Nomozov “Darakchi” gazetasiga bergan intervyusida o`zbek estrada san`ati borasidagi fikrlari bilan o`rtoqlashdi.

— Mahmud aka, aslida oshxonada ham mohir “ijodkor”misiz?

— Aslida oshxonaga osonlikcha kirmaymanku-ya, lekin bir yo`lim tushsa, mendan o`tadigan “ijodkor” topilmaydi (kuladi). Uydagilar qishloqqa ketishganida, oshxonaning “qiroli”ga aylanaman. Eng qizig`i, biryo`la bir nechta egulik tayyorlayman. Buning boisi ovqatning pishish jarayonidagi kutish onlarini bekor o`tkazmaslik.

— Navro`z bayramida Surxon vohasi o`zgacha ko`rinish kasb etsa kerag-a?

— Nimasini aytasiz! Beixtiyor bolalikdagi Navro`z bayramlari yodimga tushaveradi. Bahorning kelishi bilan “Darveshona” o`tkazish odatga aylangan. Ya`ni hosillar mo`l bo`lsin, degan ma`noda hamma dalaga chiqadi va jonliq so`yiladi. Tabiiyki, bu biz bolalar uchun haqiqiy bayram bo`lardi, o`sha kuni maktabga bormasdik-da (kuladi). Oshxonada gazetxonlarimiz uchun bahoriy salat tayyorlayotganimda, beixtiyor bayramdagi shoh taomlarimizdan biri bo`lgan g`ilmindi ko`z oldimda gavdalandi. Sumalakdan tayyorlanadigan bu egulikni juda yaxshi ko`raman. Mazkur taomni hali birorta viloyatda uchratmaganman. Xamirning ichiga sumalak solib, xuddi “chebureki”dek tugib, qovurib olinadi. Juda to`yimli va uzoq vaqt aynimaydigan egulik. Bolaligimdagi va hozir o`tkaziladigan Navro`z bayramlarini solishtirsam, faqat va faqat rivojlanishni ko`raman. Ertalabdan eguliklar, milliy matolarimiz, hunarmandlik ishlari bilan to`lgan rastalar ish boshlaydi. Eng qizig`i, o`sha vaqtlarda poytaxtdan oshpaz olib kelib, kaboblar pishirtirilardi, o`zimizda bunday oshpazlar bo`lmaganda. Bugungi kunda barcha sohada o`zgarishlar katta, poytaxtdan borgan san`atkorlarimiz ishtirokida katta-katta sayllar o`tkaziladi.

— Boshqa viloyatlardan alohida farqli qaysi urf-odati-yu, o`ziga xos taomnomasini e`tirof etolasiz?

— Yo`q, u qadar katta farqni ko`rmayman. Lekin shuni e`tirof etish kerakki, har bir viloyatdagi o`ziga xos urf-odatlar bir-biriga singib bormoqda. Yaxshilik va yangilikka intiladigan xalqmiz-da. Ammo asrlardan asrlarga o`tgan, biroq bugun unutilib borayotgan urf-odatlarimizning saqlanib qolishi tarafdoriman.

— “San`atda erisholmagan narsalarim uchun og`rinmaganman. Hamma narsaning vaqti-soati bor”, degandingiz. Vaqti-soati kelib, nimalar o`zgardi?

— Har birimiz o`zimizda shukronalik hissi va nafsni jilovlay olishni shakllantirishimiz shart! Bu yillar davomida amin bo`lgan xulosalarim. Masalan, 25 yoshida mashhurlikning cho`qqisiga chiqqan, biroq hozir unutilgan xonandalarga nazar solsak, “O`z vaqtida talabgir xonanda bo`lganman”, deb o`zini eslatib turishni kanda qilmasliklariga guvoh bo`lamiz. Shu ma`noda birni ko`rib fikr, birni ko`rib shukr qilishimiz kerak. Mashhurlik, mablag` hayotda hech qanday rol o`ynamaydi, muhimi, insoniylik! Omad pillapoyalaridan shaxtam ko`tarilayotgan yosh ijodkorlarimizni ko`rsam, faxrga to`laman, aslo hasad “ko`cha”siga kirmayman. Chunki o`z vaqtida bu “kasallik”ka qarshi “emlanganman”. Biroq ming afsuski, ko`pchilik hamkasblarimiz yuqoridagi fikrlarni to`tiqushdek qaytarishdan charchashmaydi, lekin amal qilishga kelganda...

— Davr tushunchasini hech kim chetlab o`tmaydi. Hech davringiz o`tishi haqida o`ylaganmisiz?

— Bilasizmi, har bir davrning o`z jozibasi, go`zalligi, gashti bor. Masalan, “yulduz” deb e`tirof etilayotganlarning konsertiga yuz minglab muxlis tushishi, menikiga esa ikki minggina tomoshabin kelishi mumkin. Bundan sira afsuslanmayman, chunki o`z vaqtida men ham konsert zallar, stadionlarni o`shalardan ziyoda to`ldirganman. Vaziyatni boricha qabul qilishni o`rganish kerak. Har doim “Otdan sira tushmayman”, deb yurish noto`g`ri! To`g`ri, ma`lum darajaga chiqish uchun qilgan mehnatlarimiz, ko`rgan qiyinchiliklarimiz o`zimizgagina ayon. Lekin har birimiz insonmiz va shunday yashab o`tishimiz kerak. Ozmi-ko`pmi muxlislarim bor va buning uchun shukr qilaman.

— Institutda to`rt yil chang musiqa asbobi bo`yicha o`qigansiz. Nega kliplaringiz yo konsertingizda bu qirrangizni xalqqa namoyish etmaysiz?

— Ijodda qilgan yangiliklarim etarlicha. Nazarimda, aynan o`zim chang chalib chiqishim uchun etarlicha zaruriyat sezmayapman. O`z vaqtida talaba yigit uchun eng qimmat chang asbobini sotib olib, keragicha chalganman. Bugungi kunda qadrdon musiqa asbobimni "Maqomchilar ansambli"ga sovg`a qilganman.

— “Ko`za”dan keyin “xit” qo`shiq eshitmadik. Yo galdagi tavakkal ish bermasachi, deb o`ylanyapsizmi?

— “Ko`za” qo`shig`i klipiga juda katta mablag` sarflaganman. Televidenieda namoyish qilish uchun ham yaxshigina pul ketgan. Ijodim mobaynida birorta qo`shiqqa bu qadar ko`p mablag` ishlatgan emasman. Eksperiment qilishni yaxshi ko`radigan ijodkor bo`lganim uchun bu ishga qo`l urgandim. Shu qo`shiqdan so`ng chiqqan uchta albomimdagi birorta qo`shiqning darajasi “Ko`za”dan past emas. Faqat ularning har birini yana shuncha mablag` evaziga “promo” qilgim kelmayapti.

— Fikringizni tushundim, biroq “promo”siz ham “xit” bo`layotgan qo`shiqlar talaygina-ku! Lekin sizning misolingizda bunday deyolmayman, balki yanglishayotgandirman?

— Siz mening muxlisim emassiz-da (kuladi). Yaqinda bir davrada “Toshkanim” qo`shig`ini kuylab bering, raqs tushamiz”, deb qo`yishmadi. Yo`qsa, bu qo`shiq chiqqaniga uch yil bo`lgan. O`rni kelganda aytmoqchiman, Xudoga yoqqan ishim bordirki, taqdir meni poytaxtga olib keldi. Qiyinchilik, armonning achchiq azobi-yu, baxt, muvaffaqiyatning gashtini shu erda totib ko`rdim. Farzandlarim shu erda dunyoga keldi, o`qidi, o`z yo`lini topdi. “Toshkanim” poytaxtning baland binolari-yu, so`lim go`shalari uchun emas, balki yuqoridagilarning bari uchun minnatdorchilik sifatida kuylangan qo`shiq edi.

— O`n ikki yillik o`qituvchilik davringizda uzoqdan mashinangiz ko`rinishi bilan maktab hovlisida bironta o`quvchi qolmagan ekan. Musiqa darslaringiz xuddi matematika darsidek o`tganidan xabarim bor. Shu ma`noda bugungi shou-biznesdagi “o`quvchi”lar ham sizdan xuddi avvalgidek hayiqib turishlariga nima xalal beradi? "Musiqa o`qituvchisi" nazari bilan qarab, kemtiklarni aytib berolasizmi?

— Mashhurlikka erishgan yoshlar – Ulug`bek Rahmatullaev, Jahongir Poziljonov, Sardor Mamadaliev kabi ko`pchilik xonandalar meni ko`rganda, “Ustoz”, deb hurmat qiladi. Kerak vaqtda tajribalarimni bo`lishaman. Lekin suvni ham singiydigan erga sepish kerak. Biroq qaltis xatolarni ko`rsam, chetga tortib, tushuntiraman, o`rni kelsa, “O`zingni biroz bosib ol”, deb tanbeh ham beraman. Shou-biznesdagi yoshlarimiz olqishlardan sarmast bo`lib, “sakrab” yurishibdi, yillar o`tsa, qanday balandlikkacha “sakrash”larini ko`raman. Chet ellarga borib, konsertlar berishsin, turli noqulay vaziyatlarni engib o`tishni uddasidan chiqishsin. Shundagina yillar sinovidan o`tgan haqiqiy san`atkor, deb e`tirof etsak arziydi.

— Shou-biznes qachon san`at darajasiga ko`tariladi?

— Hech qachon! Shou-biznes o`z nomi bilan biznes. O`zini “Zo`r san`atkorman”, deydiganlarning qaysi yo`nalishda ijod qilishiga e`tibor qaratish kerak. Yoshlar nazari bilan qaralsa, tarozi pallasini shou-biznes bosadi albatta. Bu yo`nalishning zararlari etarlicha ekanligini ham unutmaslik lozim. Kerakli tashkilotlar san`atga ham keragicha e`tibor qaratishsagina tarozi pallasi tenglashadi. Televidenieni gohida “Ma`naviyat o`chog`i”, deyishadi. Lekin ularning targ`iboti qaysi tomonga qaratilgan? Bu savolga javob beradigan odamning o`zi yo`q. Lekin baribir haqiqiy san`atga yillar o`z ta`sirini ko`rsatolmaydi.

Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi. Fotomuxbir: Alisher XOLXO`JAEV

Sharhlar

Mashhur xonanda 61 yoshida vafot etdi

10.12.2019, 20:06

 Taniqli shved guruhi — «Roxette» solisti Mari Fredriksson 61 yoshida vafot etdi. Bu haqda Shvesiya OAVlariga asoslanib xabar berildi.Dagens Nyheter nashrining yozishicha, xonanda uzoq yillar davomida saraton xastaligiga...
Zoxirshoh Jo`raev Botir Qodirov uning akasi ekani haqidagi mish-mishlarga nuqta qo`ydi

06.11.2019, 12:06

Zoxirshoh Jo`raev "Milliy" telekanalining "Nishondasiz" ko`rsatuvida ishtirok etib, oilaviy mish-mishlarga nuqta qo`ydi...Ko`rsatuv davomida boshlovchi Zoxirshohdan Botir Qodirov Sherali Jo`raevning farzandi ekani haqidagi mish-mishlarga oydinlik kiritishini...
​SITORA ALIMJONOVA ShAXSIY HAYoTINI MUHOKAMA QILGANLARGA MINNATDORChILIK BILDIRDI

14.08.2017, 12:34

Aktrisa Sitora Alimjonova 8 avgust kuni turmushga chiqdi. Uning to`yi Tailandning Pxuket orolida bo`lib o`tdi.Sitora o`z intervyularida turmush o`rtog`ining 27 yoshda ekanligini va u tadbirkorlik...
​ FARRUH ZOKIROVDAN TANQID EShITGAN VA TOHIR SODIQOV DUET KUYLAShDAN BOSh TORTGAN UMIDAXON

11.08.2017, 16:04

"Darakchi" gazetasidagi "10 qaltis savol" loyihasining galdagi mehmoni professionalmusiqiy bilimga ega xonanda UMIDAXON... 1 — “Umr o`tar”, “Yulduzimsan”, “Sendadur ko`nglim” va “Yo`limdan qoch”, “Serial”, “Safsata”...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1