O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 6 aprel kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan MDH Ijroiya qo`mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedevni qabul qildi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, Hamdo`stlik doirasida o`zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash masalasiga muhim ahamiyat qaratilayotganini alohida ta`kidladi. Bugungi kunda MDH ko`p tomonlama hamkorlik, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida qo`shma dastur va loyihalarni amalga oshirishning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashish va muhokama etish uchun o`ziga xos maydon hisoblanadi.
Suhbat chog`ida MDH doirasida erkin savdo zonasining to`laqonli faoliyat yuritishini ta`minlash, shuningdek, transport-kommunikasiya tarmoqlarini jadal rivojlantirish va butun mintaqaning tranzit salohiyatini yuksaltirishga yo`naltirilgan istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e`tibor qaratildi.
Uchrashuvda mamlakatimizda ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va huquqiy islohotlar amalga oshirilayotgani, 2017 2021-yillarga mo`ljallangan Harakatlar strategiyasida O`zbekistonni rivojlantirishning ustuvor yo`nalishlari belgilangani, Prezidentning virtual qabulxonasi, joylarda tashkil etilgan Xalq qabulxonalari odamlarning talab va istaklarini ro`yobga chiqarayotgani, Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili doirasidagi ishlar yurtdoshlarimizning davlatga ishonchini mustahkamlayotgani ta`kidlandi.
S.Lebedev Prezidentimizga samimiy qabul, Toshkent shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi Tashqi ishlar vazirlari kengashi majlisiga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazishda O`zbekiston Respublikasi faol ishtirok etgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Uchrashuvda O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev Tashqi ishlar vazirlari kengashi majlisi samarali o`tishiga muvaffaqiyat tiladi.






