1

​Mohira ASADOVA: "O`Z XOHIShIM BILAN SAN`ATDAN VOZ KEChDIM"

Shou-biznes 17.04.2017, 10:53
Teglar: Xonanda
​Mohira ASADOVA: "O`Z XOHIShIM BILAN SAN`ATDAN VOZ KEChDIM"

Galdagi qahramonimiz haqiqatda noyob iste`dod egasi, musiqadan oliy ma`lumoti bo`lmay turib, o`zidagi qobiliyat, izlanish ortidan yuqori marralarni zabt eta olgan xonanda Mohira Asadova. Xonanda ortga nazar tashlab, umr va hayot yo`lini yodga oldi...

"Sho`xlikda ham, o`zlashtirishda ham ‘chempion’ edim"

— 1966 yil 16 sentyabrda Toshkent shahrida ziyoli oilada dunyoga kelganman. Otam Fatxullo mexanik, onam Mahmudaxon tarbiyachi edi. Oilada uch o`g`il, uch qizning uchinchisiman. Bolaligim ota-onam bag`rida beg`am, betashvish o`tgan. Do`stlarim asosan o`g`il bolalar edi, shomga qadar velosiped uchish, ketka o`ynash, varrak uchirish, futbol, basketbol kabi barcha o`yinlarni o`ynardik. Hozir o`ylasam, charchamagan ekanmiz, qornimiz ham ochmasdi (kuladi). O`yinqaroqligimga qaramay, 138-o`rta maktabning eng a`lochi o`quvchilaridan biri, faxri edim. Aniq fanlarga nisbatan ijtimoiy fanlarni yaxshi ko`rardim. Sinfdoshlarim “Doskaga chiqsang, kitobga qarab turardik. Nuqta, verguligacha yodlab olarmiding?” deb kulishadi. Dars qilishga vaqtim bo`lmaganda, tanaffusda mavzuni bitta o`qiganimdayoq yodlab olardim, “absolyut” xotiraga egaman-da. Qisqasi, to`polonda ham, fanlarni o`zlashtirishda ham, tadbirlarda faollikda ham birinchi o`rinda turardim. Darslardan qochish bo`yicha ham “chempion” edim. Bunga sabab, hind filmlariga qayta-qayta borardik, qo`shiqlariga oshiq bo`lardim, yodlab olardim. Musiqaga ixlosim balandligi bois, 1975 yil onam meni 6-sonli bolalar musiqa maktabining rubob prima bo`limiga o`qishga berganlar. Onamning aytishicha, “Axborot”ning musiqasini eshitsam ham raqsga tushaverarkanman (kuladi). O`sha davrdagi “San`at­ g`unchalari” kabi bir qator tanlovlarda birinchilik doim menga tekkan. Tinib-tinchimagan qiz edim, “Paxtakor” stadioniga — engil atletikaga ham qatnaganman. Maktabdan kelib, haftada besh kun musiqa maktabiga, ikki kun sportga qatnardim, kamiga do`stlarim bilan o`ynashga ham ulgurardim. Besh yillik musiqa maktabini ham a`lo baholarga tamomlaganman.

"Pasportsiz ishga olishgan"

— 1979 yili Yo`ldosh Oxunboboev nomidagi Ma­daniyat uyida maktab o`quvchilaridan iborat “Dutorchi qizlar” dastasi tuzilgan. Yuqorida ta`kidlagan mashg`ulotlarim etmaganidek, bu erga ham qatnay boshladim, ovozim ajralib turgani bois “solist” qilib qo`yishgandi. Ustozlarimiz Abdusamad Ilyosov dutordan saboq berardi, Tamara Ilyosova qo`shiq o`rgatardi. Bu dasta o`z davrida juda mashhur bo`lgan, “Yangra, dutorim” nomli film-konsert ham suratga olingandi.

1981 yilda hozirgi “Istiqlol” san`at saroyining ochilishi bo`lgan. Unga qadar o`sha davrdagi davlat rahbari Sharof Rashidov ustoz san`atkor G`anijon Toshmatovga “Radio va televidenie qoshida musiqa asbobini chala oladigan faqat qizlardan iborat ansambl tuzsangiz”, degan ekanlar. Shundan so`ng tanlov boshlangan. G`anijon aka madaniyat uyining “Dutorchi qizlar” dastasini va “Dutorchi qizlar” ansambliga saralanganlarni birlashtirib, 40 ta qiz bilan ochilish marosimi uchun repetisiya boshlagan. Ular orasida ustozning nazari menga tushib, “Sen bizni dastaga o`tgin”, dedi, ma`qulladim-u, e`tiborsiz qol­dir­dim. Ustozim rahmatli Zaynab Mirzatillaeva orqali ham “O`sha kichkina qizni topib kel”, deb tayinlagan, bunga ham befarq bo`ldim. Ma`lum vaqtdan so`ng, 1981 yili G`anijon akaning o`zi Madaniyat uyiga kelib, “Abdusamadjon, shu qizingizni menga berasiz endi”, deya ustozimning roziligi bilan mashinalariga o`tqizib, televideniega olib borgan. Hanuz yodimda, xonaga kirganimizda, ansambldagilarga qarab, “Qani, bir qarsak chalinglar-chi!”, degan. Bu gapni menga nisbatan juda ko`p ishlatardi. Konsertlar ko`payib ketgach, madaniyat uyiga borolmasligim haqida Abdusamad Ilyosovni ogohlantirdim. Chunki qatnaydigan mashg`ulotlarim ko`pligidan bariga ulgurmasdim-da. Oradan bir oy o`tgach, G`anijon aka “Hujjatlaring qani?” deb qoldi. Hayratlanganimni ko`rib, “Bu erga “kasha” egani kelyapsanmi? Ishga olinasan, oylik beramiz, mehnat daftarchasi ochiladi”, deya kulib, kerakli hujjatlar ro`yxatini aytdi. Pasport yoshiga etmaganim uchun o`zi yugurib-elib, tug`ilganlik guvohnomam bilan ishga olgan va 90 so`m maosh tayinlagan. Birinchi toifaga o`tganimda 120 ming, so`ng 150 ming so`m maosh olishni boshlaganman. U davrda san`atkorlarga salbiy nazar bilan qarashardi. Hozir esa farzand ona qornidaligidayoq mashhur san`atkor bo`lishini istashadi. Undaylarni dardi tezroq tanilsa-yu, pul suvdek oqib kelaversa... Musiqaga ixlosim bo`lsa-da, o`zim san`atkor bo`lishni istamaganman, ota-onam ham shu fikrda edi. San`atga shunchaki xobbi sifatida qarardim. Taniqli bo`lishimga qaramay, hozirgi Toshkent Davlat pedagogika universitetining pedagogika-psixologiya fakultetida o`qiganman. Kunduzi o`qib, kechki payt ishga borardim. Qattiqqo`l dom­lalarning darsi bo`lsa, G`anijon akani kechroq kelishim haqida ogohlantirib qo`yardim. Ikki daqiqa kech qolsak ham tushuntirish xati yozdiradigan G`anijon aka menga kelganda juda ko`p sharoitlar yaratib bergan. 2-bosqich talabasi edim, institut binosi yonib, darsimiz soa­ti o`zgardi: 12.00 dan kechki 20.00 gacha edi. O`qishdan ham, ishdan ham voz kecholmasligim bois darsdan qochishga majbur bo`lardim. Institutda uch yil domlalar meni sinovda tutgan, oxiri “O`zlashtirishni ham uddasidan chiqar ekan”, deya tan olishgan. Bir kuni ishga kechikib borib, eshikni ochmasimdan G`anijon aka g`azab bilan “Orqasidan yop!” desa bo`ladimi, aslida ogohlantirgandim. Gap ko`tarolmaganim bois ko`zimdan duv-duv yosh oqib, ariza yozib domlaga berdim. Qo`limdan ushlab, chetga oldi-da, men borgunga qadar qizlar “Nega unga sharoit yaratib berasiz?” deb janjal qilgani uchun go`yo menga jahl qilgan kishi bo`lganligini tushuntirdi va arizamni qo`limga tutqazdi.

Onam “Uy ishlarini eplaydigan qiz bo`lgin”, deb yumushlarni zimmamga yuklardilar. Kechasi bilan uxlamay, tog`ora-tog`ora lochira patir, yig`inlar uchun qovurma chuchvara, somsa yopardim. Kun tartibim juda qiziq edi: institutga ketgunimga qadar supur-sidir qilardim, keyin ish, qaytgach, tongga qadar oshxonamizdan chiqmasdim. Bir qo`limda chakich, ikkinchisida kitob-daftar. Kamiga tokchaga magnitofon qo`yib, ashula o`rganardim, yo`qsa shuncha ishga vaqt qayoqda deysiz. Shu tariqa institutni qizil diplom bilan tamomlaganman. Imtiyoz sifatida viloyatga bormay, shaharda qolib, ikki yil istalgan erda ishlab berish imkoni tug`ilgan. Shumligim tutib, ishga borgach, domlaga “Meni Qashqadaryoga bog`chaga ishga yuboradigan bo`lishdi”, deya hazillashsam, “Bekoringni aytibsan, seni “kasha” eyishga bog`chaga yuboradigan ahmoq yo`q!” deb jahl bilan xonadan chiqib ketgan (kuladi). Keyin­ bilsam, G`anijon aka institutimizda ishlaydigan pedagog o`g`li Muhsin G`aniev bilan maslahatlashib, “Dutorchi qizlar” ansambli rahbari sifatida institutga meni ansamblda qoldirishlarini so`rab, iltimosnoma yuborgan ekan. Diplom topshirish marosimida rektor “Boshqa yo`nalishda tahsil olib, butunlay o`zga yo`nalishga ishga yuborish institutimiz tarixida ilk bor kuzatilayotgan voqea”, deya domlaning iltimosnomasini o`qib bergan (kuladi). San`atkor bo`lish taq­di­rimga yozilgan ekan-da. Yo`qsa, musiqa bo`yicha ta`limim bo`lmagan, o`qishmas uqish kerak, degani shu bo`lsa kerak. “Absolyut” eshitish qobiliyatim orqali yutuqlarga erishganman, hatto mustaqil ravishda ko`plab musiqa asboblarini chalishni o`rganganman. Yana bir holat: 1986 yil so`nggida, ya`ni talabalik kezlarim Temur Mahmudov “Yunus Rajabiy nomidagi Respublika maqomchilar ko`rik tanlovi bo`ladi, qatnashsangizchi”, deb qoldi. Maqomdan butunlay yiroqligimni aytsam-da, “O`rganib olasiz, hali vaqt bor”, deya hujjatlarimni Madaniyat vazirligiga topshirib kelgan. Maqom ustalari bilan bellashish uchun xasdek bo`la turib, katta yurak bilan ikki hafta tundan tonggacha doimgidek oshxonamizda tayyorlanib, uch bosqichli tanlovga qatnashibman-da. Yutug`im shunda bo`lganki, “Fig`on”, “Yovvoyi segoh”, “Saraxbor”ni dutor, qonun chalib kuylaganman. Tanlov tugagach, hay`at a`zolari yarim tunga qadar meni ustimda bahs qilib, oxiri Mohira Asadovani Yunus Rajabiy nomidagi Respublika maqomchilar ko`rik tanlovi laureati, deb topishgan.

"Kurashishdan charchadim"

— 1994 yil fevralda G`anijon aka olamdan o`tgach, iyulda o`z xohishim bilan ishdan bo`shadim. Boisi, domla ruhiyat, fayz, nurni o`zlari bilan olib ketgandi. Ansamblda domladek yangilik o`rgatadigan odam topilmagach, zerikishni boshlaganman. Va O`zbekiston xalq artisti Abduhoshim Ismoilov boshchiligidagi Maqomchilar ansambliga ishga o`tganman. Unga qadar Abduhoshim aka ko`p bor “Ustoz, Mohira maqomni maromiga etkazib kuylaydi, bizga o`tsin”, deganida hazil aralash “Bu iste`dodni seni ansamb­ling uchun tarbiyaladimmi?” deb rad etardi. Estradadagi ildam qadamlarim sabab, 1996 yil o`z xohishim bilan Maqomchilar ansamblidan ishdan bo`shadim. Ustozimiz Abduhoshim Ismoilov qayta-qayta arizamni yirtib tashlagan. Oxiri xonasida yo`qligidan foydalanib, arizani stoli ustiga qo`yib, ertasi kun­dan ishga bormaganman. Qisqasi, taklif asosida Estrada birlashmasiga ishga o`tib, “Shohsanam” nomli guruh tuzib, shu yo`nalishda ijod qila boshladim. O`sha yili Yangi yil oqshomi uchun yozilgan “Shohsanam” qo`shig`im ommalashib ketgandi. 1998 yil Germaniyaning Shtutgart shahrida dunyo yulduzlari disk chiqaradigan kompaniyadan taklif tushib, ijodim u erga ko`chdi, 6 ta diskim chiqarildi va butun dunyoga sotildi. “Istiqlol” san`at saroyi va Evropa bo`ylab yakkaxon konsert dasturlari bilan dunyo kezganman. Nafaqat yurtimiz, balki xorijda o`tgan xalqaro festivallarda bir necha bor Gran-pri sohibasi bo`lganman. Lekin shuncha yutuqqa qaramay, o`zimni maqomchi, deb bilaman.

1999 yil noma`lum sabablarga ko`ra, davlat teleradiokanallari kliplarimni efirga bermay qo`ydi. Bir eshik yopilsa, ikkinchisi ochiladi, deb bejiz aytishmagan. Baxtimga chet eldan takliflar yog`ildi, xususiy telekanallar ochildi, ijodim davom etaverdi. Yillar o`tib, qadrimga achina boshladim. Televizorni yoqsam, iste`dodsizlar yomg`irdan keyin chiqqan qo`ziqorindek ko`paygan. Tarozi pallasini san`at emas, shou biznes bosib ketdi. Shu bois 2012 yil o`z xohishim bilan san`atdan voz kechdim. Mulohaza qilib, qo`shiqda kuylanganidek, “Kimligimni el bilsa bo`ldi”, muhimi muxlislar uchun sevimliman-ku, degan xulosaga keldim. Televideniega pul to`lab klip aylantirish orqali kimga nimani isbotlayman? Har kuni tomoshabinning ko`nglini ozdirib, televizorda chiqish shart ham emas. Axir Mohira Asadova e`tiborga tushgan, ijodini xalq biladi-ku!

"Ahdimga sodiq qoldim..."

— Shaxsiy hayot haqida ko`p ham to`xtalishni xushlamayman. Mohira Asadova bo`lib tanilgan kezlarim, qo`shnim, sinfdoshimning ishqi tushib qolgan. Uyimdagilar rad etgani uchun qaynonam o`rtaga anchagina odam qo`ygan, foydasi bo`lmagan. Oxiri otamni shaxtidan qaytara oladigan amakimni ishga solib, qaynonam niyatiga etgan. Besh yil yashaganmiz. Oila­da bitta o`g`il bo`lgan yigitga turmushga chiqqanim bois qaynonam o`g`lini juda qizg`anardi. Shu sabab o`z xohishim bilan u xonadondan bosh olib chiqib ketdim... Keyin qaytib turmush qurmaganim bo`lsin, deya ahd qildim va co`zimda sodiq qoldim. Bir o`g`lim bor! Iste`dodini bilsam-da, san`at yo`lidan borishiga qarshi bo`ldim. Tanlovini ma`qullamaganim uchun Yorqin iqtisod sohasini tanladi, yanglishmadi. Nasib bo`lsa, shu yil kelin tushirishni niyat qilganman, baxtli kunlar arafasi­damiz.

Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi.

Sharhlar

Mashhur xonanda 61 yoshida vafot etdi

10.12.2019, 20:06

 Taniqli shved guruhi — «Roxette» solisti Mari Fredriksson 61 yoshida vafot etdi. Bu haqda Shvesiya OAVlariga asoslanib xabar berildi.Dagens Nyheter nashrining yozishicha, xonanda uzoq yillar davomida saraton xastaligiga...
​ FARRUH ZOKIROVDAN TANQID EShITGAN VA TOHIR SODIQOV DUET KUYLAShDAN BOSh TORTGAN UMIDAXON

11.08.2017, 16:04

"Darakchi" gazetasidagi "10 qaltis savol" loyihasining galdagi mehmoni professionalmusiqiy bilimga ega xonanda UMIDAXON... 1 — “Umr o`tar”, “Yulduzimsan”, “Sendadur ko`nglim” va “Yo`limdan qoch”, “Serial”, “Safsata”...
​OZODBEK NAZARBEKOV MADANIYaT VAZIRLIGIDAGI BIRINChI ISh KUNI QANDAY O`TGANINI SO`ZLAB BERDI

11.08.2017, 13:51

O`zbekiston va Qoraqalpog`iston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov jurnalist Jasur Hamroev bilan suhbatda madaniyat vaziriningbirinchi o`rinbosari sifatidagibirinchi ish kuni qanday o`tgani hamda endilikda ijodini davom ettirishi...
​VIA "MAROQAND"ChI ABDURAShID UYLANDI(FOTO)

08.08.2017, 10:55

7 avgust kuni o`zbek shou-biznesining ikki vakili oila qurdi. Poytaxtdagi "Osiyo grand" restoranida Shohruhxonning ukasi, aktyor Muhammadali va Irodaxonning visol oqshomi bo`lib o`tdi. Shu kuni...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1