Osiyo Chempionlar Ligasi–2017 turniri “A” guruhi 5-turidan o`rin olgan “Lokomotiv” (O`zbekiston) – “Al-Tavun” (Saudiya Arabistoni) bellashuvini boshqaradigan hakamlar ma`lum bo`ldi.
Uchrashuv bosh hakami etib qatarlik Abdulrahmon Ibrohim al-Jassim tayinlandi. Qanotlarda uning hamyurtlari Tolib Salim al-Marri va Saud Ahmad al-Maqaleh ishlaydi. To`rtinchi hakam vazifasini ham qatarlik referi — Saud Ali al-Abda bajaradi.
Filippin vakili Richard Del Fonso Joson o`yin komissari bo`lib ishlaydi. Hakamlar nazoratchisi – Ali Hamad Madhad Saif al-Bedvavi (BAA).
“Lokomotiv” va “Al-Tavun” o`rtasidagi uchrashuv 25 aprel, seshanba kuni TTZ mavzesida joylashgan “Lokomotiv” stadionida bo`lib o`tadi. O`yin soat 17:00 da boshlanishi ko`zda tutilgan.
Ma`lumot uchun, “A” guruhi 4-turidan keyin “Lokomotiv” 4 ochko jamg`argan holda so`nggi, 4-pog`onada bormoqda. “Al-Tavun” hisobida ham 4 ochko mavjud, ammo jamoa “Lokomotiv”ni mag`lub etgani uchun o`zaro o`yinlar hisobida 3-o`rinda bormoqda.






