O`zbekiston terma jamoasi sardori Odil Ahmedov Rossiyaning "Futbol" nashriga intervyu berdi. Ushbu intervyuda Ahmedov «Krasnodar»dan nima uchun ketganini, Andre Villash-Boashga rahmi kelayotganini va Rossiyaga boshqa qaytmasligini aytib o`tgan, deb yozadi CA nashri.
«Fransuzlar transferim narxini ko`tara olishmadi»
— Aksel Vitsel Xitoy klubidan tushgan taklifni qabul qilish uchun uxlay olmagan ekan. «Shanxay SIPG»ga o`tishdan oldin necha kun uxlamagansiz?
— Bu men uchun juda qiyin qaror edi. Qishda «Krasnodar»dan ketishim aniq edi.
— Nima bo`ldi?
— Shalimov bosh murabbiy bo`lgan bir necha oy davomida faqat bir marta suhbatlashdik: «Maydon markazida senga joy yo`q. Imkonsiz».
— Qanday tushuntirdi?
— Balki unga maydon markazidagi harakatlarim ma`qul kelmagandir. Nima deyish mumkin? Har bir murabbiyning futbolga qarashi bor. Shalimov qo`l ostida asosan qanotda o`ynadim va kam foyda keltirdim. Men markaziy yarim himoyachiman! Qanotda foydam ikki baravar kamayadi. Mana shu suhbatdan so`ng klubdan ketishga qaror qildim. Vaziyatni tahlil qilib 2017 yilda ham «Krasnodar»dagi holatim o`zgarmasligiga amin bo`ldim.
— Qishda BAA va Saudiya Arabistonidan ham taklif bo`lganmidi?
— Ha, arab klublari anchadan buyon meni ta`qib qilishmoqda. Yana Fransiya chempionatidan ham taklif bo`lgandi.
— Ammo siz pulni tanladingiz?
— Shunchaki fransuzlar transfer narximni ko`tara olishmadi, «Shanxay» esa «Krasnodar» so`ragan pulni to`lay oldi.
«Xitoyga pul uchun borganim yo`q»
— Oskar «Shanxay»da «Chelsi»dagidan besh baravar ko`p maosh oladi. Sizning maoshingiz qanchaga ko`paydi?
— «Krasnodar»dagidan biroz ko`proq maosh olayapman. Ammo Xitoyga pul uchun borganim yo`q. Men uchun hech qachon pul birinchi o`rinda bo`lmagan. Bilasizmi «Paxtakor»dagi oyligim qancha bo`lgan?
— Qiziq.
— 100 dollardan kamroq. Hozirgi yoshlar buncha pul evaziga xatto mashg`ulot ham o`tkazmasa kerak. Men esa borim bilan o`ynardim. Sababi o`z oldimga maqsad qo`ygandim: o`rtamiyona emas eng yaxshi futbolchi bo`lish. Yo`lkiraga arang etardi. Hozir esa yoshlar million pul topmoqda. Unga qarab haqiqatdan ham qobiliyatli futbolchi deb o`ylaysan. Ikki yildan so`ng u yo`q bo`lib qoladi. Barchasi pullar tufayli .
— Siz «Paxtakor» asosiy tarkibida Valeriy Nepomnyashiy qo`l ostida debyut qilgansiz shekilli?
— Ha, aynan u meni o`rinbosarlar safidan asosiy tarkibga qo`shgandi. Intelligent murabbiy. Hech qachon futbolchilarni so`kkani yoki baqirganini eshitmaganman. Barchasini og`ir bosqichlik bilan tushuntiradi – hamma tinglaydi. Avtoritet.
— Nepomnyashiy sizning «Shanxay»ga o`tishingizga shunday munosabat bildirgandi: «Afsuski, Odil Xitoyga ketdi, Evropaga emas. U ko`prog`iga loyiq».
— Agar «Krasnodar»da Valeriy Kuzmich bosh murabbiy bo`lganida hech qaerga ketmasdim. Hozir Evropa haqida gapirishdan ma`no yo`q. Yaqinda 30 yoshga to`laman, istalgan Evropa klubi yosh futbolchini olishni istaydi. Ikki-uch yildan so`ng xorijdagi faoliyatimni tugatib uyga qaytaman. Bolalarim katta bo`lmoqda, ular O`zbekistonda o`qishlari kerak. Ota-onamni ham so`nggi yillarda kam ko`rayapman.
«Limit tufayli Villash-Boash qiynalmoqda»
— Xitoy chempionatining dastlabki uchta turidan ikkitasida siz qaydnomada ham yo`q edingiz. Bu nimani anglatadi?
— Barchasi limit tufayli. Superliga o`yin qaydnomasiga faqat 3 legionerni qo`shish mumkin. Qolganlar xatto zaxirada ham bo`lmasligi shart. Shu sabab u tarkibni almashtirib turishga majbur. Bitta o`yinda dam olaman – ikkinchisida o`ynayman.
— Agar oldindan buni bilganingizda Xitoyga borarmidingiz?
— Agar Boash oldinroq limit haqida bilganida ko`p legioner taklif qilmasdi. Qaror jamoamizda besh legioner bo`lgan paytda qabul qilindi (Ahmedovdan tashqari «Shanxay»da Oskar, Xalk, Elkeson va Rikardu Karvalyu kabi legionerlar bor). Nima ham qila olamiz… Buni men emas, murabbiy emas Xitoy Federasiyasi o`ylab topdi. OChLda esa «3+1» limiti bor. Maydonga to`rt legionerni tushirish mumkin, ulardan biri osiyolik bo`lishi kerak. Osiyolik futbolchi aynan menman.
— Villash-Boash nima demoqda?
— «Tarkibni almashtirib turishga majburman». Agar barchasi unga bog`liq bo`lganida hamma legionerlar o`ynashlarini aytmoqda. U to`g`ri tushuntirdi, men to`g`ri tushundim. Agar chempionat boshlanishi arafasida limit o`zgarib ketsa nima ham qilish mumkin? Qiynalayotgani sezilmoqda, sababi aynan u bizni jamoaga taklif qilgan. Shaxsan menga Boash dekabr oyida qo`ng`iroq qilgandi.
«JCh-2018ga chiqish uchun yaxshi imkoniyatga egamiz»
— Nima uchun 1 mlrd 357 mln aholiga ega bo`lgan Xitoyda umuman mashhur futbolchi yo`q?
— Yaxshi yigitlar bor, shunchaki ular xorijda o`ynashmaydi va hech kim tanimaydi. Agar Xitoyning o`zida barcha sharoitlar yaxshi bo`lsa boshqa mamlakatga ketishdan nima naf?
— Agar yaxshi yigitlar bor bo`lsa nima uchun terma jamoa miqiyosida yaxshi o`ynay olishmayapti?
— Ularga yana 4-5 yil beringlar barchasi bo`ladi. Xitoy futboli Xalk va Oskar kabi yulduzlar evaziga kuchaymoqda: mahoratli futbolchilar bilan birga mashg`ulot o`tkazib kuchayib boraverasan. Xitoylik futbolchilar Gollandiyada, Portugaliya va Ispaniya birinchi ligalarida o`ynashadi. Bundan tashqari Superliganing har bir klubi asosiy tarkibda 23 yoshga to`lmagan futbolchini tushirishga majbur. Aynan shu yigitlar terma jamoaning kelajagi.
— Hozircha esa Xitoy JCh-2018ga chiqa olmasligi deyarli aniq, bundan tashqari oktyabr oyida O`zbekistonga yutqazgandi - 0:2.
— Nimaga xayron qolasiz? Bizda ham kuchli jamoa bor. Braziliyadagi mundialga faqat to`plar nisbatiga ko`ra bora olmagandik: Koreya saralashda bizdan ikkitagina ko`proq gol urgandi. Hozir yana ikkinchi o`rin uchun kurashayapmiz. Agar mart oyida Suriyaga yutqazmaganimizda, tepada bo`lardik.
— O`yin Suriyada bo`lmagandir?
— Malayziyada o`ynadik. Kuala-Lumpurga keldik, u erda esa tomosha boshlandi. Markaziy stadionni sizlarga bera olmaymiz deyishdi. Ikki soat yo`l bosib boshqa shaharga bordik. Arena – shunchaki daxshat. Maydon umuman tayyor emasdi. Maysa tagida toshlar bor edi. O`sha maydonda bir marta yiqilib tushgandim, haliyam davolanayapman. Bundan tashqari havo juda ham dim edi. Jahon chempionati uchun yo`llanma taqdiri hal bo`layotganda bunday maydonda qanday o`ynash mumkin?! Menimcha, bu faqat Osiyoda bo`lsa kerak. Golgacha o`ynadik va qo`shimcha daqiqalarda penaltidan gol o`tkazib yubordik.
— Guruhdagi uchinchi o`rin tamom degani emasmi?
— Uchinchi o`rinni olgan jamoa narigi guruhdagi uchinchi jamoa bilan o`ynaydi. Ayni paytda bu Avstraliya. Bu juftlik g`olibi KONKAKAF mintaqasi jamoalaridan biriga qarshi o`ynaydi. Ammo Rossiyaga to`g`ridan-to`g`ri yo`llanma olsak yaxshi bo`lardi, buning uchun yaxshi imkoniyatga egamiz.
«Xitoyda sariq sabzini topib bo`lmaydi»
— Oldin Krasnodar va Moskvadagi restoranlarda oshni yaxshi tayyorlay olmasliklarini aytgandingiz. Xitoyda qanday ekan?
— Bu erda guruch sifatli, ammo biznikiga sira o`xshamaydi. Yaxshi oshni faqat o`zbek guruchidan tayyorlash mumkin.
— Yaxshi palovsiz qanday yashayapsiz?
— Qanday qilib palovsiz yashash mumkin? Turmush o`rtog`im uni tayyorlab turadi. Shunchaki barcha mahsulotlarni O`zbekistondan olib kelamiz. Guruch, ziravorlar. Yana Xitoyda sariq sabzi topish muammo, u ham asosiy mahsulot.
— Yana nima etishmayapti?
— Xitoy tilini bilmasligim. Hech nima tushunmayapman. Qolgan barchasi joyida. Ajoyib murabbiy, inoq jamoa, ajoyib muxlislar, zamonaviy stadionlar. Shanxay chiroyli shahar ekan, oilamga bu erda yoqdi. Barchasi super.
— «Krasnodar» Rossiyadagi so`nggi klubim degandingiz. Qaytmasligingiz aniqmi?
— Qaytamayman. Xitoyda 2-3 yil o`ynayman va uyga qaytaman. Vaqti keldi.






