Malayziya poytaxti Kuala-Lumpur shahrida bugun, 21 aprel kuni 19 yoshgacha bo`lgan futbolchilar orasida 2018 yili bo`lib o`tadigan Osiyo chempionatiga saralash bosqichiga qur`a tashlash marosimi bo`lib o`tdi.
Qur`a marosimida OFKga a`zo 43 mamlakat federasiyasi (assosiasiyasi) ishtirok etdi. Qur`a natijasiga ko`ra, O`zbekiston “B” guruhidan joy olib, final yo`llanmasi uchun Tojikiston, Bangladesh, Shri-Lanka va Maldiv orollari termalariga qarshi bahs olib boradi.
Saralash bosqichi reglamentiga ko`ra, guruhda birinchi o`rinni olgan 10 jamoa hamda guruhda ikkinchi o`rinni egallagan eng yaxshi besh jamoa U-19 Osiyo chempionati mezboniga qo`shilgan holda final bosqichiga yo`llanma oladi.
Eslatib o`tamiz, U-19 Osiyo chempionati saralash bosqichi shu yilning 31 oktyabr – 8 noyabr kunlari bo`lib o`tadi. Musobaqaning final bosqichi esa 2018 yilning 18 oktyabr – 4 noyabr kunlari o`tkaziladi.






