Osiyo Chempionlar Ligasi–2017 musobaqasi “A” guruhi so`nggi – 6-turidan o`rin olgan “Al-Ahli” (BAA) – “Lokomotiv” (O`zbekiston) uchrashuviga rasmiylar tayinlandi. Bu haqda O`FF matbuot xizmati xabar berdi.
Bahraynlik Ali Hasan Ibrohim Abdulnabi mazkur o`yinda bosh hakam bo`lib ishlaydi. Unga qanotlarda hamyurtlari Muhammad Ja`far Muhammad Saolmon hamda Navaf Shahin Halifa Musa yordam beradi.
Uchrashuv komissari vazifasini malayziyalik Subramanian Manikam bajaradi. Hakamlar nazoratchisi – Anaz Hoqon (Avstraliya).
“Al-Ahli” – “Lokomotiv” o`yini 9 may kuni Dubaydagi Rashid Stadium maydonida bo`lib o`tadi. O`yin mahalliy vaqt bilan 19:50 da boshlanadi.
Ma`lumot uchun, “A” guruhi 5-turidan keyin “Lokomotiv” 5 ochko bilan so`nggi – 4-o`rinda bormoqda. “Al-Ahli” 8 ochko bilan guruhda peshqadam. “Lokomotiv” Dubayda g`alaba qozonib, Tehronning “Istiqlol” klubi “Al-Tavun” maydonida mag`lubiyatga uchramasa, “temiryo`lchilar” pley-off bosqichiga yo`l oladi.






