Bahor boshlanishi bolalar kasalliklari bosh ko`taradigan mavsum hisoblanadi. Uzoq qishdan so`ng bolalarning immuniteti pasayib, ularga xavf solishi mumkin bo`lgan bahoriy xastaliklar anchagina. Qish davomida kamharakatlilik, quyosh nuri va vitaminlar etishmasligidan organizm biroz zaiflashadi. Bahorning ilk oyida quyosh kuchsizgina charaqlab, «uyquda yotgan» infeksiyalar gurkirashiga imkon yaratadi. Erta bahorda avj oladigan kasalliklar haqida so`z yuritamiz.
O`RVI va gripp
Bu eng keng tarqalgan infeksiyalardan saqlanish uchun «qishki uyqu»dan so`ng organizmdagi kuchni tiklash, ya`ni ovqatlanish tartibiga rioya qilib, taomnomaga foydali, vitaminlarga boy mahsulotlarni kiritish kerak (masalan, ko`katlar, sitrus va rezavor mevalar, na`matak hamda turshak damlamasi, yalpizli choy).
Infeksiyali mononukleoz
Bu odamlar orasida «bez kelishi» deb tushuniladi. Mazkur kasallikdan himoyalanish uchun gigiena qoidalariga amal qilish lozim. Infeksiyali mononukleoz ham kir qo`llar va o`pich orqali yuquvchi xastaliklar sirasiga kiradi. Aniqrog`i, u havo-tomchi yo`l bilan yuqadi. Tana harorati birdan ko`tarilib, uzoq vaqt davomida pasaymaydi. Limfa tugunlari kattalashib, burun-halqum yo`llari qizarib, shishadi. Aniq tashxis qo`yishga umumiy qon tahlili yordam beradi. Vaqtida davo choralari ko`rilsa, kasallik tezda o`tib ketadi va bemorda o`ziga qarshi bir umrga immunitetni shakllantiradi. 2-8 hafta ichida kasallikdan asar ham qolmaydi.
Soxta sil
Kasallik uzoq muddat saqlangan oziq-ovqat mahsulotlari, yaxshi yuvilmagan poliz ekinlarini iste`mol qilganda va xastalik tashib yuruvchi jonivoru qushlardan yuqadi. Oshqozon-ichak infeksiyasidan himoyalanish uchun eguliklarni to`g`ri saqlash, kemiruvchi jonivorlarga qarshi kurashish hamda sanitariya-gigiena qoidalariga rioya qilish kerak. Kasallikda quvvatsizlik, ishtahaning yo`qolishi, ich buzilishi kuzatiladi va 1-3 hafta davom etadi. Bemorning yuzi qizarib, shishadi. Tanada mayda toshmalar paydo bo`ladi, 3-7 kun ichida ular yo`qolib, teri ko`chishi kuzatilishi mumkin. Soxta sil kasalligi bo`g`imlarga zarar etkazish ehtimoli yuqori bo`lgani uchun antibiotiklar bilan davolanadi.
Angina
Angina — xavfli infeksion kasallik. Undan himoyalanish uchun immunitetni shakllantirish kerak. Chunki tish, og`iz bo`shlig`i xastaliklari va shamollash anginaga sabab bo`ladi. Bundan tashqari, ba`zi onalarni hayratga solsa-da, tomoqni chiniqtirish lozim. Bolani muzdekka emas, sovuqqa o`rgatish lozim. Angina tufayli bo`g`imlar, yurak va buyrak faoliyati buzilishi mumkin. Tana harorati to`satdan 38 va undan yuqori darajaga ko`tarilib, halqum, bodomcha bezlari qizarib shishadi, yallig`lanadi. Samarali davo choralarini tanlash uchun umumiy qon va peshob tahlili tavsiya etiladi.
Qizilcha
Bu infeksiya havo-tomchi yo`li, kasallangan bolaning idishi yoki ovqati orqali yuqadi. Immuniteti kuchli bolalar ham qizilchadan himoyalanmagan. Bu xastalikda albatta karantin e`lon qilinadi. Bemor kasallikdan so`ng bir umrlik immunitetga ega bo`ladi. Holsizlik, tomoq og`rishi, tanada, ayniqsa, uning bukilgan joylarida pushti-qizil rangli toshmalar ko`payadi. Asorat qolishini istamasangiz, qizilchaga shubha qilishingiz bilan shifokor ko`rigidan o`ting.
Yuqumli mollyuskalar
Teri kasalliklari sirasiga kiradi. Bemordan, kir buyumlardan, hattoki hovuzdagi suvdan ham yuqadi. Tanada bir necha millimetrlik pushti doirachalar paydo bo`ladi. Biroz qichishishni inboatga olmaganda hech qanday yoqimsizlik paydo bo`lmaydi. Bir necha oyda toshmalar o`zi ham yo`qolib ketishi mumkin. Lekin dermatolog-shifokorga uchrab davolanish, ba`zida esa ularni dori vositalari yordamida kuydirish tavsiya etiladi.
Parazit gijjalar
Bola ko`chada o`ynashni boshlashi bilan parazitlarni yuqtirib olish xavfi kuchayadi. Ular bilan zararlanish yoqimsiz oqibatlarni keltirib chiqaradi: allergik reaksiya, teri, o`pka kasalliklari va boshqalar. Profilaktika qoidasi: bolani gigiena qoidalariga o`rgatish, meva-sabzavotlarni toza yuvish, hayvon va jonivorlar bilan muloqot qilmaslik.
Zamburug`li kasalliklar
Bahoriy iliq nam havo zamburug`larning ko`payishi uchun ideal muhit sanaladi. Ularning hujayralari nafas olish a`zolariga tushib, organizm bo`ylab tarqaladi. Kuchli allergiya, zaharlanish hamda yallig`lanish jarayoniga sabab bo`ladi. Ko`pincha zamburug`li zaharlanish teri qichishishi bilan namoyon bo`ladi, aniq tashxisni mikolog-shifokor qo`yadi.
Erta bahorda ahamiyat bering!
Oliy toifali shifokor-pediatr Nafisa SULTONOVA tavsiyalari asosida
Dilnoza MIRTOLIPOVA tayyorladi