AsosiySIYOSAT

O'zbekiston havo sarhadlarini himoya qilishning yangi tizimiga o'tadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev mudofaa sohasidagi ayrim masalalar yuzasidan o‘tkazilgan taqdimot bilan tanishdi.

'O'zbekiston havo sarhadlarini himoya qilishning yangi tizimiga o'tadi'ning rasmi

Undа mamlаkаt hаvo sarhаdlаrini himoya qilish tizimini takomillashtirish, Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlarini zamon talablariga moslashtirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda Qurolli Kuchlar tarkibida havo hujumidan mudofaa tizimi izchil isloh qilinib, qo‘shinlar zamonaviy aviatsiya texnikalari, havo hujumidan mudofaa vositalari hamda uchuvchisiz uchish apparatlari bilan ta’minlanmoqda. Shuningdek, amaliy parvoz mashg‘ulotlari hajmi kengaytirilib, aviatsiya bo‘linmalarining jangovar shayligi oshirilmoqda.

Taqdimotda havo sarhadlarini himoya qilishning mutlaqo yangi tizimini joriy etish va aviatsiya bo‘linmalarini qayta tashkil qilishga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi. Ta’kidlanishicha, bu o‘zgarishlar Harbiy havo kuchlarining jangovar qobiliyatini oshirish, qo‘shinlarning tezkorligi va harakatchanligini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, harbiy aviatsiya uchun milliy kadrlar tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Ma’lum qilinishicha, Qarshi shahrida joylashgan Harbiy aviatsiya institutining o‘quv-moddiy bazasi xalqaro standartlar asosida modernizatsiya qilingan. Institutda zamonaviy trenajyorlar va simulyatsiya texnologiyalari joriy etilgan bo‘lib, kursantlar amaliyotni "Xonobod" aerodromida tajribali mutaxassislar rahbarligida o‘tamoqda.

Taqdimotda harbiy tibbiyot sohasida Turkiya bilan hamkorlikni kengaytirish masalasi ham muhokama qilindi. Bu borada ikki davlat o‘rtasida imzolangan bitim doirasida harbiy shifokorlar tayyorlash, ularning malakasini oshirish, magistratura va aspirantura dasturlarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, tibbiyot sohasida ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma tadqiqotlar va mashg‘ulotlar tashkil etish, talabalar hamda mutaxassislar almashinuvini yo‘lga qo‘yish taklif etilgan.

Taqdimotda chaqiriluvchilarni qayd etish, tibbiy va chaqiruv komissiyalari faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha tashabbuslar ham ko‘rib chiqildi. Mazkur jarayonlarning shaffofligi va tezkorligini oshirish muhim vazifalardan biri sifatida qayd etildi.

Shuningdek, mudofaa ishlari organlari fuqaro xodimlarining ish haqini bosqichma-bosqich oshirish, harbiy xizmatchilarga Toshkent va Samarqand shaharlarida uy-joy ijarasi uchun to‘lanadigan oylik kompensatsiya miqdorini ko‘paytirish takliflari bildirildi.

Yig‘ilish yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev qo‘shinlarning jangovar shayligi va tayyorgarligini yanada oshirish, harbiy boshqaruv hamda ta’lim tizimiga ilg‘or tajribalarni joriy etish bo‘yicha ustuvor vazifalarni belgilab berdi.

    Boshqa yangiliklar