Prezident Shavkat Mirziyoyev tog'-kon sanoati va geologiya sohasida raqamli hamda sun'iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo'yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Ma'lum qilinishicha, tog'-kon sanoati mamlakat iqtisodiyotining asosiy tarmoqlaridan biri hisoblanadi. 2025 yil yakunlariga ko'ra, jami sanoat mahsulotining 20 foizi ushbu soha hissasiga to'g'ri kelgan. Tarmoq korxonalari tomonidan davlat byudjetiga 118,5 trillion so'm tushum ta'minlangan.
Taqdimotda sohani texnologik transformatsiya qilish, ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish va sun'iy intellekt yechimlarini keng joriy etish iqtisodiy xavfsizlikni mustahkamlash, investitsiyalarni ko'paytirish hamda tabiiy resurslardan samarali foydalanish uchun muhim ahamiyatga ega ekani ta'kidlangan.
Qayd etilishicha, 2025 yilda yirik tog'-kon sanoati korxonalarida raqamli yechimlar hisobiga 7,3 trillion so'm operatsion xarajatlar tejalgan va mahsulot tannarxi 9,1 foizga qisqargan.
Shuningdek, “Geomonitoring” axborot tizimi orqali 2 mingdan ortiq qazilma uchastkalari haqidagi ma'lumotlar raqamlashtirilgan.
Taqdimotda kelgusi besh yil davomida oltin zahiralarini qo'shimcha 879 tonnaga, kumushni 510 tonnaga va misni 676 ming tonnaga oshirish bo'yicha ishlar boshlangani ma'lum qilingan.
Sun'iy intellekt texnologiyalari geologik ma'lumotlarni tahlil qilish, qazilma boyliklar zahirasini prognozlash va burg'ilash ishlari samaradorligini oshirish imkonini berishi qayd etildi. Shu munosabat bilan geologiya-qidiruv ishlarining barcha bosqichlariga sun'iy intellekt yechimlarini joriy qilish rejalashtirilmoqda.
Taqdimotda tog'-kon sanoatida shakllanadigan katta hajmdagi ma'lumotlarni yagona elektron bazaga jamlash va ularni 3D modellar orqali tahlil qilish yangi konlarni aniqlash imkoniyatlarini kengaytirishi ta'kidlangan.
Mutasadidlarning hisob-kitoblariga ko'ra, bu orqali mahsulot tannarxini 10 foizga kamaytirish, yangi konlarni aniqlash muddatini ikki barobar qisqartirish va investorlarga taqdim etiladigan takliflar sonini to'rt baravarga oshirish mumkin.
Shuningdek, 2030 yilgacha geologiya va tog'-kon sanoatiga 30 milliard dollardan ortiq investitsiya jalb qilish maqsad qilingani bildirildi. Buning uchun investorlar talab qilayotgan ishonchli va sifatli raqamli ma'lumotlar bazasini shakllantirish zarurligi qayd etildi.
Taqdimotda Geologik ma'lumotlar milliy bazasini yaratish taklifi ham ko'rib chiqildi. Rejaga ko'ra, maxsus Texnologik transformatsiya markazi tashkil etilib, mavjud 36 mingdan ortiq hisobot va birlamchi ma'lumotlar raqamli formatga o'tkaziladi. Natijada konlarni modellashtirish va zahiralarni hisoblash jarayonlari ikki barobar tezlashishi kutilmoqda.
Shuningdek, 2026–2030 yillarda geologiya sohasi va oltita yirik korxona — “Navoiy kon-metallurgiya kombinati”, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati”, “Navoiyuran”, “O'zmetkombinat”, “O'zbekko'mir” hamda “O'zbekiston texnologik metallar kombinati”da raqamli texnologiyalar va sun'iy intellektni joriy etish bo'yicha 44 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.
Ushbu loyihalar ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish, korporativ boshqaruvni raqamlashtirish, sun'iy intellekt texnologiyalarini tatbiq etish, mehnat va sanoat xavfsizligini ta'minlash hamda kon-geologiya ishlarini raqamli transformatsiya qilish kabi yo'nalishlarni qamrab oladi.
Loyihalar amalga oshirilganda operatsion samaradorlik 7 foizga, texnika va uskunalar ishonchliligi 20 foizga, energiya samaradorligi esa 8 foizga oshishi kutilmoqda. Shu bilan birga, inson omili bilan bog'liq xato va xavflar 15 foizga kamayishi mumkin.
Prezident sohada texnologik transformatsiyani yangi bosqichga olib chiqish, ishlab chiqarish jarayonlarini sun'iy intellekt asosida boshqarish tizimini shakllantirish muhimligini ta'kidladi.
Shuningdek, mutasadidlarga tog'-kon sanoati korxonalari biznes-rejalariga mehnat va ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni kiritish hamda texnologik va sun'iy intellekt loyihalari bo'yicha alohida dasturlarni tasdiqlab borish yuzasidan topshiriqlar berildi.






