AsosiyJamiyat

​Xalqaro kartochkalar uchun internet-ekvayring xizmati yo`lga qo`yiladi

'​Xalqaro kartochkalar uchun internet-ekvayring xizmati yo`lga qo`yiladi'ning rasmi

O`zbekiston Milliy matbuot markazida pul muomalasini takomillashtirish va plastik kartochkalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish mavzuida matbuot anjumani bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

O`zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki joriy yilning 1 mayiga qadar 2 million 950 mingtadan ziyod plastik kartochkani muomalaga chiqargan. Joriy yilda bank 600 ming plastik kartochka sotib olishni rejalashtirgan bo`lib, hozir 160 mingta kartochka xarid qilingan. Joylarda o`rnatilgan terminallar 22 mingdan oshdi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 fevraldagi "Respublikada bank plastik kartochkalari asosida naqd pulsiz hisob-kitob tizimini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to`g`risida"gi qarori plastik kartochkalardan foydalanish tizimini takomillashtirmoqda.

Bankning xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, ularga zamonaviy texnika-texnologiyalardan foydalangan holda masofaviy elektron xizmatlar ko`rsatish ko`lamini oshirish borasidagi loyihalari olis hududlardagi ishbilarmonlarga ham qulaylik va imkoniyatlar yaratmoqda.

Milliy bank joriy yilning aprel oyidan boshlab Visa to`lov tizimi bilan hamkorlikda xalqaro kartochkalar uchun internet-ekvayring xizmatlarini yo`lga qo`ydi. Endilikda ushbu xizmatdan foydalanadigan tadbirkorlik sub`ektlari xorijga o`z mahsulotlarini internet orqali sotishi va sotilgan tovar uchun mablag`larni plastik kartochkasida qabul qilib olishlari mumkin. Bu esa, o`z navbatida, milliy mahsulotlarimizning chet ellardagi savdosi oshishi, tadbirkorlik sub`ektlari hisobraqamlariga tushayotgan valyuta hajmi ko`payishini ta`minlaydi.

Matbuot anjumanida naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimini rivojlantirish borasidagi yana bir qator yangiliklar va istiqboldagi rejalar xususida ma`lumot berildi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar