“Lokomotiv” jamoasining aksariyat muxlislari o`z sevimli o`yinchilari haqida ko`proq ma`lumot bilishga, ularni o`zlari uchun qaytadan kashf etishga istak bildirishmoqda. Shuni inobatga olgan holda “Lokomotiv” PFK matbuot xizmati yaqin vaqtdan buyon #LOKOMANIA loyihasini taqdim etib kelmoqda.
Loyiha orqali futbolchilar va murabbiylar bilan eksklyuziv suhbat uyushtirmoqdamiz hamda ular haqida yanada qiziqroq ma`lumotlarni berib bormoqdamiz. Bir muddat qisqa tanaffus qilgan ushbu loyihamizning navbatdagi mehmoni – “Lokomotiv” jamoasining mahoratli yarim himoyachisi Jaloliddin Masharipov.
– “Lokomotiv”ga kelib qolishingiz qay tariqa ro`y bergan?
– Rostini aytadigan bo`lsam, ushbu mavsumda “Lokomotiv”da o`ynayman, deb o`ylamagandim. Biroq ushbu jamoaning Chempionlar Ligasida ishtirok etishi hamda o`zimning ham bu orqali xalqaro tajribamni yanada orttirishim mumkin ekanini hisobga olib, har ikki jamoa rahbariyati ham kelishgan holda ushbu qarorni qabul qildik. Aslida “Loko” men bilan 2 yildan buyon qiziqar edi. Mana ayni damda ushbu jamoa sharafini himoya qilyapman.
– “Lokomotiv”ga ko`nikib ketish jarayoni qanday kechdi?
– Jamoaga ko`nikish jarayoni qiyin bo`lmadi, deya olaman. Dastlab Turkiyada o`tgan o`quv-mashg`ulot yig`inida “Lokomotiv”ga borib qo`shildim. Hamma meni yaxshi kutib oldi. O`yinchilarning ko`pchiligi bilan oldindan tanish edim. Lekin bilasizmi, men uchun mavsumning boshi biroz qiyin o`tdi. Sababi yangi jamoa, yangi sheriklar bilan birgalikda to`p tepish, qolaversa, dastlabki 2 ta o`yinda o`z pozisiyamda o`ynamadim. Yana biroz hayajon bo`lganini ham ta`kidlay olaman. Shu sababli ham Chempionlar Ligasi doirasidagi dastlabki 2 ta uchrashuvda o`yinim chiqmadi. O`shanda birinchi o`yinda hujumda, ikkinchi uchrashuvda esa o`ng qanot yarim himoyasida harakat qildim. Lekin men yoshlikdan chap qanotda o`ynab o`rganganman. Buni inobatga olgan murabbiylar shtabi keyinchalik meni yana sevimli o`rnimda o`ynata boshlashdi.
– “Temiryo`lchilar” safidagi dastlabki o`tkazgan uchrashuvingiz yodingizdami?
– Ha. Biz o`sha xorij yig`ini davomida Turkmanistonning “Oltin asr” jamoasiga qarshi o`yin o`tkazgandik. O`sha uchrashuvda birinchi marta “Lokomotiv” futbolchisi sifatida maydonga chiqqandim. Yakunda gol urishga ham muvaffaq bo`lgandim.
– Shu paytga qadar ushbu klub tarkibida bir qancha o`yinlarda ishtirok etishga ulgurdingiz. Ular ichida eng qiyini qaysi bo`lgan?
– Eng murakkab o`yinlarni OChLning ilk turlarida o`tkazdik. Mavsum avvali bo`lgani va o`yin amaliyoti hali pastligi uchungina qiynaldik. Qolagan uchrashuvlarda unchalik ham qiyinchilikka duch kelmadik. Bilasizmi, Chempionlar Ligasida guruhdan chiqa olmagan bo`lsak-da, “Lokomotiv” turnirda yomon qatnashmadi. Barcha raqiblar biz bilan o`yinda oson ochko olishmadi.
– Milliy chempionatimizda qaysi himoyachilarga qarshi o`ynashda qiyinchilikka duch kelasiz?
– Ilgari Shuxrat Muhammadiev “Nasaf” safida to`p surgan paytda aynan unga qarshi o`ynashda qiynalardim. Zero “Nasaf” jamoasida himoyachilar ancha zich o`ynashardi va bir o`yinchidan o`tib ketsang ham, ortida yana bittasi poylab turgan bo`lardi. Hozirda esa Shuxrat bilan bir jamoa a`zosimiz!
– Siz ko`pincha o`yin payti turli xil aldamchi harakatlar amalga oshirasiz. Bunda sizni kim yoki nima ilhomlantiradi?
– Neymar hamda Azar! Bilasizmi, yoshligimdan menga aldamchi harakatlar qilish, chiroyli o`yin ko`rsatish yoqadi. Shuning uchun tez-tez har xil fintlar amalga oshirishni xush ko`raman. Bo`sh vaqtimda Neymar va Eden Azar kabi futbolchilarning o`yinlari videolavhalarini diqqat bilan kuzataman. Ularning raqiblarni qanday aldab o`tishi, qanotdan raqib jarima maydoniga yorib kirishlarini o`rganib, so`ng mashg`ulot payti ularning harakatlariga o`xshash urinishlarni amalga oshirib boraman. Futbol – muxlislar uchun o`ynaladi. Ishiqbozlar stadionga chiroyli futbol ko`rish istagida tashrif buyurishadi. Umid qilamanki, men ham ba`zan bajarayotgan chiroyli harakatlar ishqibozlarimizga ma`qul kelyapti.
– Sizga gol urish ko`proq yoqadimi yoki golga assistentlik qilishmi?
– Gol urish, albatta! Agar futbolchi raqib darvozasini ishg`ol etsa va jamoasi g`alabasiga xissa qo`shsa, bundan muxlislar juda-juda quvonishadi. Futbolchi ham o`z mehnatidan xursand bo`ladi. Lekin jamoadoshlari kiritgan gollarga hammualliflik qilish ham yoqimli.
– Jamoa tarkibida kimni eng xushchaqchaq o`yinchi, deya e`tirof etgan bo`lardingiz?
– Jamoamizdagi eng xushchaqchaq yigit – Marat Bikmaev. Marat aka yoshi bizdan kattaroq bo`lsa-da, doim hazillashib yuradi. Jamoa yutkazgan paytda ham hammaning kayfiyatini sal bo`lsa ham ko`tarib, jamoaga yaxshi ruhiyat berib turadigan o`yinchi.
– Eng jiddiy futbolchichi?
– Timur Kapadze. Timur aka – jamoamiz sardori, qolaversa juda tajribali o`yinchi. U kishi hammaga o`z maslahatlarini ayamaydi.
– Klubda eng yaqin do`stingiz kim? Masalan, yig`inlar paytida kim doim birga yuradi?
– Hamma bilan yaxshi munosabatdaman. Ayniqsa, Murod Bobojonov, Shuxrat Muhammadievlar bilan ko`p suhbat quramiz. Yana Ikrom Aliboev va Quvondiq Ro`ziev ham yaxshi suhbatdosh. Ular bilan birgalikda vaqt o`tkazishni yoqtiraman.
– Klub avtobusida o`zingizni alohida joyingiz bormi? Yoki har safar har xil o`rinda o`tirasizmi?
– Avtobusda o`zimning joyim bor. Doim Murod Bobojonov bilan birgalikda avtobusning markazida o`ng tarafdagi o`rindiqlarda o`tirib ketamiz.
– Nega aynan 99-raqam?
– Sababi men “Paxtakor”da 9-raqamda o`ynardim. Bu raqam menga juda yoqadi. Lekin “Lokomotiv”da ushbu raqam band ekan. Shu sababdan 99-raqamni olishga to`g`ri keldi.
– “Lokomotiv” muxlislari haqida qanday fikrdasiz? Ayniqsa, muxlisalar xususida.. Zero “Loko” O`zbekistondagi eng ko`p muxlisalarga ega futbol jamoasi…
– Bu gapingizga qo`shilaman. “Loko”ning qiz-muxlisalari ancha ko`p ekan. Umuman olganda, jamoa yaxshi ishqibozlarga ega. Ko`pchilik doim stadionga kelib, bizni qo`llab-quvvatlab turadi. Agar stadion ishiqbozlar bilan to`lib-toshsa yanada yaxshiroq bo`lardi.
– Uylansangiz, farzandingiz keyinchalik katta futbolga qadam qo`yishini istarmidingiz?
– Hayronman. Farzandim qaysi sport turini ma`qul ko`rsa, o`sha bilan shug`ullanishi tarafdoriman.
– Bo`sh vaqtingizni qanday o`tkazasiz?
– Bo`sh vaqtimni ko`proq yaqin insonim bilan o`tkazishni ma`qul ko`raman. Sababi ko`pincha o`yinlar sabab boshqa shaharlarda bo`lamiz. Shuning uchun bo`sh vaqt topsam, albatta yaxshi ko`rgan insonim bilan uchrashib, u bilan vaqt o`tkazishga harakat qilaman.
– So`nggi paytlarda gollarni o`zgacha tarzda nishonlayapsiz. Ayniqsa, “Qizilqum” bilan o`yinda futbolkangizda “V” harfi tushirilganini namoyish qildingiz…
– Rostini aytsam, menga golni o`zgacha tarzda nishonlash yoqadi. Masalan, o`sha “Qizilqum” bilan o`yinda kiritgan golimni sevgan insonimga bag`ishladim va unga kichik sovg`a sifatida futbolkamga uning ismi bosh harfini yozib chiqdim.
– Futbolchi, umuman, mashhur inson bo`lish qanday? Ko`chada sizni ko`pchilik tanib qoladi, bemalol sayr qila olmaysiz…
– Bu – juda ajoyib hissiyot. Zero hamma ham ko`pchilikka tanila olmaydi. Muxlislar tanib, xurmat qilishi uchun avvalo futbolchi o`z ustida qattiq mehnat qilishi va yaxshi natijalar ko`rsata olishi zarur. Shundagina sizni qaerga borsangiz tanishadi va omma e`tiborida bo`lasiz. Agar meni ishqibozlar tanib qolib yonimga kelishsa, bunga juda yaxshi munosabat bildiraman va xursand bo`laman.
– Tasavvur qiling, yaqin insoningiz bilan sayrga chiqdingiz. Muxlislaringiz sizni tanib qolib, siz bilan suratga tushishmoqchi…
– Men albatta suratga tushaman. Agar kimdir meni xurmat qilib, o`yinlarim unga yoqishini bildirsa, hech ham vaqt ayamayman va birgalikda suratga tushaman.
– Yoshlikda hamma ham futbol o`ynaydi. Siz ham yosh paytingizda bir kun kelib professional futbolchi bo`laman, deb o`ylaganmisiz?
– Rostini aytsam, futbol o`ynashni ko`pchilik qatori mahallada do`stlarim bilan to`p tepishdan boshlaganman. Mahallalararo uchrashuvlarda o`zimdan bir necha yoshga kattaroq bolalar bilan birgalikda o`ynardim. O`shandagi jamoadoshlarimni ko`pchiligi agar men futbol o`ynashni to`xtatmasam, albatta bir kun kelib katta futbolda o`ynashim mumkinligini aytishardi.
– Ayni paytda mamlakatimizning ko`zga ko`ringan futbolchilaridan birisiz. Siz kabi professional bo`lmoqchi bo`lgan yoshlarga nimalar qilishni maslahat berardingiz?
– Menimcha, eng asosiysi – mehnat va qiyinchilikdan qochmaslik kerak. Chunki qiyinchilik hamma joyda ham bo`ladi. Ammo mehnat va sabr bilan barchasini engib o`tish mumkin. Zero men ham yosh paytimda Toshkentga kelganman va keyinchlik Olimpiya zaxiralari sport kollejida o`qiganman. Boshida oilamdan uzoq bo`lganim uchun biroq qiynalganman. Lekin sekin-sekin barcha qiyinchiliklar ortda qoldi. Shuning uchun ham yosh futbol shinavandalariga ko`proq mehnat qilishni va qiyinchiliklardan aslo qo`rqmaslikni maslahat bergan bo`lardim.
– Futbolchi sifatidagi eng katta orzuingiz?
– Yoshligimdan milliy terma jamoa libosini kiyishni va Jahon chempionatida o`ynashni orzu qilaman. Eng katta istagim – mundial o`yinlarida terma jamoamizni sardor va etakchi sifatida maydonga boshlab tushish. Umid qilamanki, bu niyatim hali albatta amalga oshadi.
Blis savol-javob:
Sevimli …
Avtomobil – O`z mashinam.
Shahar – Barselona. Parijga borishni orzu qilaman.
Taom – Osh.
Kitob – Mutolaaga vaqtim kamroq.
Ashula – Navro`z Sobirov. O`zim ham hirgoya qilishni sevaman.
Ijtimoiy tarmoq – Faqat Instagram ishlataman.
Kino – Turk kinolarini yoqtiraman.
Aktyor – K.Kaif, B.Pitt
Xobbi – Moda va qo`shiq kuylash.