1

​Yurak salomatligining muhim qoidalari

Salomatlik 22.05.2017, 10:18
Teglar: Salomatlik
​Yurak salomatligining muhim qoidalari

Yurak salomat bo`lishida sog`liqni saqlash va mustahkamlash tadbirlari ayni muddao.

Yurak-qon tomir xastaliklarining oldini olish haqida gap ketganda, avvalo sog`lom turmush tarzini nazarda tutamiz. Tamaki chekishdan voz kechish, jismoniy faollik, ortiqcha vaznga yo`l qo`ymaslik, to`g`ri ovqatlanish kabi ba`zi qoidalarga amal qiladiganlar yurak muammolariga deyarli uchramaydilar. O`tkazilgan tajribalarga ko`ra, ana shu qoidalarga sodiq qolgan insonlar 50 yoshda tengqurlariga nisbatan o`zlarini ancha yaxshi his etishgan.

Yap-yangi uskunalar bilan boyitilgan eng yaxshi shifoxonada davolanishdan ko`ra, sog`lom turmush tarzini olib borish nihoyatda muhim, deydi shifokorlar. Agar yuqorida keltirilgan qoidalarning bariga amal qilsangiz, infarkt kasalligi paydo bo`lish ehtimolini 50 foizga kamaytirasiz.

Ko`pchilik ayollar ortiqcha vazn bo`lmasa, jismoniy mashg`ulotlar shart emas, deb hisoblashadi. Biroq jismoniy faollik qomatingizni saqlabgina qolmay, balki salomatligingizni ham mustahkamlaydi. Sog`lom hayot uchun ishni nimadan boshlashingiz kerakligi haqida birma-bir xabardor etamiz.


Harakatlaringiz huzur bag`ishlasin!

Agar rolik, velosiped yoki tennis raketkangiz omborxonangizda chang bosib yotgan bo`lsa, ularning izzatini joyiga qo`yish fursati keldi.

10 yil davomida tadqiqot o`tkazgan olimlarning ta`kidlashicha, o`rtamiyona, ammo doimiy ravishda jismoniy mashg`ulotlar bilan shug`ullangan odamlar yurak xuruji ehtimolini ikki baravar kamaytirar ekan. Toza havoda shoshilmay sayr etganlar hamda bog` ishlari bilan yuzaki band bo`lganlar esa bu kabi yaxshi natijalarga erishmasliklari mumkin. Dugonalaringizga birgalikda sport bilan shug`ullanishni taklif etsangiz, yanada quvonchbaxsh onlarga oshno bo`lasiz. Piyoda sayrni ixtiyor etgan bo`lsangiz, daqiqasiga 90 dan 113 qadamgacha faolroq harakat qilishga urinib ko`ring. Etarli darajada tez yurayotganingizni tekshirish juda oson: agar yurish paytida gapirishga biroz qiynalayotgan bo`lsangiz, demak, to`g`ri yo`ldasiz.

Terlatadigan faol mashg`ulotlarni xush ko`rsangiz, juda soz. Ammo mador ketguncha shug`ullanish shart emas. Bundan tashqari, o`tkazilgan tadqiqotlar shuni ko`rsatdiki, ayollar mashg`ulotlar tinka-madorni quritmagan taqdirdagina sport bilan doimiy ravishda shug`ullanishni ixtiyor etisharkan.

Hayotdan zavqlaning!

Agar ishingiz, oilangiz, qomatingizdan qoniqmasangiz, yuragingiz chindan ham og`rishi mumkin. Buyuk Britaniyada bir necha davlat korxonalari xodimlarining salomatligi ustida tadqiqot o`tkazildi va doimiy ravishda o`z hayotidan ko`ngli to`lmagan odamlar yurak xastaliklariga uchrab turishlari aniqlandi. Shuningdek, yurak muammolariga tushkunlikka tushish, odamlarga nisbatan xavotirli munosabatda bo`lish yoki ruhiy zo`riqishni boshdan kechirish kabi omillargina emas, balki hayotining qaysidir qismidan norozilik yoki shodlik tuyg`usidan mahrumlik ham sabab bo`lishi mumkin. Demak, kayfiyatni ko`tarish usullarini izlab topishingiz zarur. Shifokorlarning fikricha, oila a`zolari bilan munosabatlarni yaxshilash va amaldagi ishingizni qiziqrog`iga almashtirish eng samarali choralardir.

Genlaringizni hiyla bilan enging!

Afsuski, biz ota-onamizdan o`tgan DNKni o`zgartirolmaymiz. Biroq xavfli kasalliklarga javob beruvchi genlarimizning yo`llariga «to`siqlar» qo`ya olamiz. Albatta, irsiyat muhim ahamiyat kasb etadi, biroq ko`pgina mamlakatlar kardiologlari bir necha yillik tajribalarga asoslanib, yurak xastaliklari sababchisi birinchi navbatda noto`g`ri turmush tarzi ekaniga ishonch hosil qilishdi. Hatto ba`zi kasalliklarga irsiy jihatdan moyil bo`lganlar ham sog`lom turmush tarzi olib borib, yurak va tomirlarning asosiy ko`rsatkichlarini nazorat qilib yurishsa, kasallanish ehtimoli ancha pasayadi.

To`yib uxlang!

Bir qator tajribalar o`tkazgan chet ellik mutaxassislarning fikricha, uyquning etarli darajada bo`lmasligi (7 soatdan kam) yurak kasalliklari ehtimolini 65 foizga oshiradi. Shuning uchun uyqu sifatiga jiddiy yondoshish o`ta muhim. Agar uyqusizlikdan qiynalayotgan bo`lsangiz yoki uxlab turib ham o`zingizni engil his etmasangiz, albatta shifokor ko`rigidan o`tishingiz kerak. Shuningdek, bir necha oddiy qoidalarga amal qilganingiz ma`qul:

  • kunning ikkinchi yarmida tarkibida kofein moddasi bo`lgan mahsulotlar hamda ichimliklardan voz keching.
  • Bir xil paytda uxlab, bir xil paytda uyg`oning.
  • Uyquga yotishdan avval televizor tomosha qilmang, kompyuterda ishlamang.

Bularning bari uyquni yaxshilashingizga ko`mak beradi.

Gazli ichimliklardan voz keching!

Shirin gazli ichimliklar foydadan xoli ekanini bilsangiz ajab emas. Yaqinda o`tkazilgan tadqiqotlarga ko`ra, ular erkaklarga qaraganda ayollarga ko`proq ziyon etkazarkan. Agar shirin gazli ichimlikni kuniga ikki stakandan iste`mol qilsangiz, yurak muammolariga uchrash ehtimolini to`rt barobar oshirar ekansiz. Sababi organizmingizda trigliseridlar (zararli yog`lar) darajasi jiddiy ravishda oshib ketishiga bog`liq. Bundan tashqari, shirin ichimliklar ortiqcha vazn muammolarini tug`dirib, qondagi qand darajasini keskin ravishda o`zgartiradi. Natijada qandli diabet kasalligini keltirib chiqarishi mumkin. Shifokorlar bunday ichimliklardan nega aynan ayollar organizmi zarar ko`rishini aniq izohlab berolmaydilar. Ehtimol bu ayollar organizmi erkaklarnikiga nisbatan kamroq kaloriya talab etilishi bilan bog`liqdir. Axir ikki stakan shirin ichimlik katta kaloriyaga ega. Ayollar tashnalikni suv yoki choy bilan qoldirganlari ma`qul. Ammo agar gazli ichimlik ichish istagi kuchaysa, gazli ichimlikka limon sharbati solib iste`mol qiling.

D vitaminining darajasini kuzatib boring!

Ana shu «quyosh vitamini» etishmasligi yurak-qon tomir kasalliklari paydo bo`lishi ehtimolini oshiribgina qolmay, qon bosimi ko`tarilishi, shamollash, metobolizmning buzilishi va ortiqcha vazn yig`ishni qo`zg`atuvchi omillardan biri bo`lishi mumkin. Taningizning qaysidir qismini quyoshga tutib turishingiz, D vitaminiga to`yinishning eng tabiiy usulidir. Faqat quyosh nurlari ostida uzoq qolib ketishni shifokorlar tavsiya etishmaydi Chunki teringizga ziyon etkazishingiz mumkin. Shuningdek, D vitaminini ba`zi mahsulotlar orqali qabul etishingiz mumkin. Sut, yog`li baliq va tuxumlar tarkibida mazkur vitamindan talaygina. Agar bu tavsiyalar etarli bo`lmasa, shifokoringiz bilan maslahatlashgan holda maxsus vitaminli qo`shimchalarni qabul qilishingiz mumkin.

8 ta asosiy savolga javob

Yurakning tez tez urishini aritmiya yoki taxikardiya deb ataymiz. Ammo tabiiy holatlardan (yugurish, hayajon) kelib chiqqan «beozor» taxikardiyani yurak kasalligi belgilaridan qanday farqlash mumkin?

— Yurak mushaklarining bir maromda daqiqasiga 90-100 gacha qisqarishi muammo tug`dirmaydi. Biroq bunday tezlashuvda ritmning o`zgarishi tibbiy ko`rikdan o`tish uchun jiddiy sabab.

— EKG ko`rigi yurak muammolarini qanchalik to`g`ri aniqlay oladi?

— EKG tekshiruv usuli yurakdagi elektrofiziologik jarayonlarni aks ettiradi xolos va boshqa jarayonlarni «e`tibordan chetda qoldiradi». Shuning uchun ham yuragi xastalangan bemorning EKGsi yaxshi natijalarni ko`rsatishi mumkin. Aniq ma`lumotni jismoniy harakat testi bera oladi (ya`ni EKG bemorning maxsus trenajyorlardagi harakati jarayonida yozib olinganida). Mazkur vaziyatda ma`lum bir o`zgarishlar, ritmning buzilishi qayd etilishi mumkin.

— Ritm buzilishidan tashqari, yana qanday belgilarda shifokorga murojaat etish zarur?

— Jismoniy yoki ruhiy zo`riqishda nafas qisilishi va ezilish hissi paydo bo`lsa, ko`krak ostida chap qo`l, bo`yin, jag`, chap kurakka ta`sir ko`rsatadigan darajada og`irlik sezilib, tezda o`tib ketsa, darhol shifokorga murojaat etish darkor. Ko`krakdagi og`irlik ovqatlanishdan so`ng paydo bo`lishi mumkin. Sababi qon ayni damda ishlayotgan a`zoga kelib quyulishiga bog`liq. Inson ovqatlanganidan so`ng, tabiiyki, oshqozonda og`riq paydo bo`ladi. Shuning uchun hatto engil jismoniy harakatda og`irlik va og`riq sezilishi mumkin.

— Sog`lom, ammo chiniqmagan odam yugurishni boshlaganida yoki avtobus ortidan shoshilganida, unda ham nafas qisilishi paydo bo`ladi. Bu nafas qisilishini yurak muammolari sabab nafas qisilishidan qanday farqlash mumkin?

— Bu shifokor bilan savol-javobdan so`ng aniqlanadi. Farqlashning o`ta muhim belgilari mavjud: og`riqli nafas qisilishi jismoniy vazifalarni boshlashingiz bilan paydo bo`ladi-yu, harakatni to`xtatganingizdan darrov o`tib ketadi. Bunday belgilar stenokardiya, miokard ishemiyasi ehtimoli borligidan dalolat beradi. Sog`lom, biroq chiniqmagan odamlarda esa nafas qisishi asta-sekin paydo bo`lib, ana shunday asta-sekinlik bilan o`tib ketadi.

2 muhim test

  • Xolesterin darajasi tahlili.
  • Qon bosimini o`lchash.

Necha marotaba? Bu tahlil kamida besh yilda bir marotaba o`tkazilishi kerak. Agar yoshingiz 50 dan oshgan bo`lsa (erkaklarda 45 dan) yoki xavf-xatar guruhida bo`lsangiz (oilangizda yuragi xastalanganlar yoki diabet kasalligiga chalinganlar bo`lsa, yuqori qon bosimi, ortiqcha vazndan aziyat cheksangiz, tamaki cheksangiz), tahlilni ko`proq amalga oshirish lozim.

Natijalar ishonchli bo`lsin. Agar aniq natijalarni qo`lga kiritishni istasangiz, «yaxshi» va «yomon» xolesterinlarning o`zaro bog`liqligini hamda trigliseridlar darajasini ko`rsatuvchi batafsil tahlil kerak bo`ladi. Darvoqe, tahlil oldidan 9-12 soat hech nima emagan bo`lsangiz, aniq natijaga erisholmaysiz.

Necha marotaba? Yiliga kamida ikki marotaba, biroq agar qon bosimingiz 130/80 dan oshiq bo`lsa, ko`proq o`lchab turing.

Natijalar ishonchli bo`lsin. Har qanday davolash muolajalaridan avval uy sharoitida o`lchagan qon bosimingizning natijalarini shifokoringiz bilan muhokama qiling. Qon bosimim baland degan bemorlarning ba`zilari «oq xalat» sindromidan aziyat chekkanlar, ya`ni shifokor huzurida hayajonlanib, natijada qon bosimlari ko`tarilgan.

Shifokor-kardilog Dinara FAYZIEVA tavsiyalari asosida Ra`no ALIMOVA tayyorladi.

Sharhlar

Buyrak xastaliklari kimlarda ko`proq uchraydi? Shifokor javob berdi

06.08.2021, 17:47

CCV Matbuot xizmati buyrak etishmovchiligi qanday xastalik ekani va uni bartaraf etishda mamlakatimiz tibbiyoti nimalarga qodirligi haqida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bo`lim rahbari,...
YuTINGANDA QULOQ OG`RIG`I?!

26.12.2017, 13:12

— Uch yashar o`g`lim ovqat chaynab yutayotganida qulog`ini ushlab, og`riyotganini aytdi. Shifokorga ko`rsatsam, otit deb tashxis qo`ydi. Bu qanday kasallik? Uni uyda davolasa bo`ladimi? Nazira...
DIATEZ QAYTALAMASIN DESANGIZ…

26.12.2017, 13:08

— Emizikli chaqalog`im ekssudativ diatez kasalligi bilan og`rigandi. Hozir sog`aygan bo`lsa-da, ayrim taomlarni iste`mol qilganimda uning badanida qizg`ish dog`lar paydo bo`ladi. Go`dakda diatez qaytalamasligi uchun...
FARZANDINGIZNI MAKTAB KASALLIKLARIDA ASRANG!

26.12.2017, 11:36

Uzoqni ko`ra olmaslik;skolioz (umurtqa pog`onasining qiyshayishi);gastrit;ruhiy-asab tizimi buzilishlari kabilarni maktab kasalliklari sirasiga kiritish mumkin. Statistikaga ko`ra, har besh bolaning biri umurtqa pog`onasi muammolaridan qiynalsa, har...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1