O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev “Bandlik sohasida davlat siyosatini yanada takomillashtirish va mehnat organlari faoliyati samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to`g`risida” farmon imzoladi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bandlik sohasida davlat siyosatini yanada takomillashtirish va mehnat organlari faoliyati samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmoni bandlik sohasida davlat siyosatini amalga oshirishda yangicha yondashuvlarni joriy etish, shu jumladan, davlat va xususiy biznes o`rtasidagi hamkorlikka asoslangan holda mehnat bozori infratuzilmasini rivojlantirish, ishsiz aholini, ayniqsa, yoshlarni ishga joylashtirishda samarali chora-tadbirlarni amalga oshirishga yo`naltirilgan.
Qabul qilingan Farmonga muvofiq, O`zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi O`zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi etib qayta tashkil qilindi.
Farmonda O`zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining asosiy vazifalari va faoliyat yo`nalishlari, jumladan, yangi ish o`rinlari yaratilishiga davlat buyurtmalarini ishlab chiqish, hududiy va tarmoqlar bandlik dasturlarini amalga oshirishni muvofiqlashtirish, oliy va o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasalari bitiruvchilarining bandligini ta`minlash, kam ta`minlangan oilalarga nafaqa va moddiy yordam o`z vaqtida to`lanishi monitoringini amalga oshirish va boshqalar belgilangan.
Alohida qayd etish lozimki, Farmonda 2018 yilning 1 yanvaridan boshlab kasb-hunar kollejlari, akademik liseylar va oliy ta`lim muassasalarining birinchi marotaba ishga joylashgan bitiruvchilari, agar ular ta`lim muassasasini tamomlagan kundan boshlab uch yildan ortiq vaqt o`tmagan bo`lsa, ishga joylashganidan keyin birinchi yil davomida ish haqidan olinadigan daromadlari bo`yicha yagona ijtimoiy to`lovning o`rnatilgan stavkasini 50 foizga, ularning ikkinchi va uchinchi yil davridagi ish faoliyati bo`yicha 25 foizga kamaytirish belgilandi. Bu imtiyoz byudjet tashkilotlari, monopolist tashkilotlar, ustav jamg`armasida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foizdan ortiq bo`lgan tashkilotlarga ishga joylashtirilganlarga tatbiq qilinmaydi.
Mazkur kiritilayotgan me`yor ish beruvchilarning oliy va o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasalari bitiruvchilarini ishga joylashtirishdan manfaatdorligini oshirish hamda imtiyozni qo`llash natijasida bo`shaydigan mablag`larning bir qismini bitiruvchilarning kasbiy malakasini oshirish bo`yicha tadbirlarga yo`naltirish imkonini beradi.
Shuningdek, aholini ishga joylashtirish sohasiga ilg`or jahon tajribasiga mos zamonaviy texnologiyalarni jalb etishni kengaytirish maqsadida, Farmonda 2019 yildan boshlab xodimlarning mehnat faoliyati davri, maxsus staji va davlat ijtimoiy sug`urtasiga to`lagan to`lovlar miqdori bo`yicha ishonchli ma`lumotni hamda xodimning kasbiy o`sishiga doir boshqa ma`lumotlarni o`z ichiga olgan “elektron mehnat daftari” tizimini bosqichma-bosqich joriy etish ko`zda tutilgan.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining yuqorida qayd etilgan Farmoni ijrosini ta`minlash maqsadida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “O`zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi faoliyatini tashkil etishga doir chora-tadbirlar to`g`risida” qarori qabul qilindi.
Qabul qilingan hujjatda O`zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish bo`yicha tuzilmaviy bo`linmalarning vakolati, funksiyalari va javobgarligini aniq taqsimlab beradigan boshqaruvning zamonaviy vertikal-yaxlit tizimini shakllantirishni ko`zda tutuvchi vazirlikning yangi takomillashgan tashkiliy tuzilmasi, vazirlik markaziy apparati, hududiy boshqarmalar, tuman (shahar) bandlikka ko`maklashish markazlarining tuzilmalari tasdiqlandi.
Fuqarolarni ishga joylashtirishda sifatli va qulay xizmat ko`rsatishni ta`minlash maqsadida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining ushbu qarori bilan quyidagilar ko`zda tutilgan:
mehnat organlari tomonidan “yagona darcha” tamoyilida davlat xizmatlari ko`rsatishning prinsipial yangi tizimini joriy etish, bunda ishga joylashtirish va bandlikni ta`minlash bo`yicha kompleks xizmatlarni aholi uchun qulay bo`lgan joylarda, shu jumladan, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlarida ko`rsatish va bunda internet imkoniyatlaridan keng foydalanish;
Tashqi mehnat migrasiyasi agentligining fuqarolarni tashkillashgan holda xorijda ishga joylashtirishni ta`minlovchi filiallari tarmog`ini kengaytirish masalasini ko`rib chiqish.
Qarorga muvofiq, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi har oy muddatda O`zbekiston Respublikasining ochiq ma`lumotlari portalida, vazirlikning rasmiy saytida va markaziy ommaviy axborot vositalarida mehnat bozoridagi vaziyat va bandlik holati to`g`risida ma`lumotlarni, shu jumladan, ish qidirib mehnat organlariga murojaat qilgan hamda ishsizlik bo`yicha nafaqa olayotgan fuqarolar soni, yaratilgan ish joylari, ro`yxatga olingan bo`sh ish o`rinlari va aholi, ish beruvchilar va investorlar uchun ahamiyatga ega bo`lgan boshqa ma`lumotlarni chop etib boradi.
Farmonning to`liq matni O`zAda e`lon qilindi.