Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Shayxontohur tumanining Beltepa va Jarariq ko`chalari kesishgan joyda barpo etilayotgan ko`ngilochar istirohat bog`i qurilishini ko`zdan kechirdi, deb yozadi O`zA.
Mazkur bog` konsepsiyasida milliy me`morlik an`analari va zamonaviy shaharsozlik talablari uyg`unligiga alohida e`tibor qaratilgan. Bog` hududi 10 gektar bo`lib, bu erda ko`ngilochar maskanlar, zamonaviy attraksionlar, bionik ayvonlar, qishki bog`, charxpalak, musiqali favvoralar, skeytbord va chang`i uchish joylari, velosiped yo`laklari, istirohat bog`i bo`ylab dor yo`li, kafelar, 5 qavatli avtomobillar turar joyi qurilishi rejalashtirilgan.
Ushbu bog`dagi yopiq ko`ngilochar maskanlar yilning to`rt faslida ham odamlar hordiq chiqarishi uchun keng imkoniyat yaratadi. Bog` hududiga quyosh energiyasi yordamida ishlaydigan yoritish ustunlari va zamonaviy soyabonlar o`rnatiladi.
Hudud musaffoligini ta`minlash maqsadida boqqa kashtan, qarag`ay, yapon saforasi, magnoliya, dub, qayin kabi havoni tozalovchi va kislorod bilan boyituvchi daraxtlar, turli butalar ekiladi.
Istirohat bog`ida umumxalq bayramlari, ommaviy tomoshalar, konsert dasturlari, ko`rgazma va forumlar, sport musobaqalari o`tkazish imkoniyati yaratiladi. O`g`il-qizlar uchun turli hunarmandlik, sport to`garaklari, mahorat darslari tashkil etiladi.
Loyihani amalga oshirish uchun birinchi bosqichda 18 million dollar, ikkinchi bosqichda 22 million dollar mablag` o`zlashtirilishi mo`ljallanmoqda.
Bog`ning birinchi bosqichini 2018 yilda, ikkinchi bosqichini 2019 yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Ko`ngilochar bog` to`liq ishga tushgach, 350 kishi ish bilan ta`minlanadi.
Davlatimiz rahbari bog` loyihasi bilan tanishar ekan, mazkur maskan poytaxtimiz aholisi va mehmonlarning sevimli dargohlaridan biri bo`lishi kerakligini, odamlar hordiq chiqarishi uchun barcha zarur qulayliklar, atrof-muhit musaffoligini ta`minlaydigan infratuzilma barpo etish lozimligini ta`kidladi.
Bizning eng muhim vazifamiz – odamlarning fidokorona mehnati va dam olishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratishdan iborat, dedi Shavkat Mirziyoev. Bu erda sayr qilish uchun imkoniyat yaratish va turli attraksionlar o`rnatish bilan cheklanmay, bu maskanni katta-yu kichik uchun sevimli hordiq maskaniga aylantirish zarur.
Mutasaddi rahbarlarga qurilish ishlarini sifatli amalga oshirish, obodonlashtirish ishlarida manzarali daraxt va butalarni ko`proq ekish bo`yicha zarur ko`rsatmalar berildi.
Prezidentimiz ko`rsatmalariga muvofiq poytaxtimizda bunyod etiladigan Qoraqamish istirohat bog`i, “Eski shahar” savdo markazi, ko`p qavatli turar-joylar, talabalar milliy ilmiy-ma`rifiy markazi, Islom madaniyati markazi loyihalari yanada takomillashtirildi.
Islom Karimov ko`chasida 3,5 ming o`rinli Universal sport saroyi, Maxtumquli ko`chasida Ashxobod bog`i, Shayxontohur tumanida zamonaviy savdo markazi, Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston Milliy bog`ida Yozuvchilar uyushmasi binosini qurish bo`yicha loyihalar ishlab chiqildi.
Davlatimiz rahbari ushbu loyihalar bilan tanishdi, ularning qurilishini tezlashtirish bo`yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.






