Shu yilning 16–26 may kunlari Tailandda tarixda birinchi bor futzal bo`yicha U-20 Osiyo chempionati bo`lib o`tdi. Unda O`zbekiston U-20 terma jamoasi ishtirok etib, to`rtinchi o`rinni qo`lga kiritdi.
O`FF matbuot xizmatining ma`lum qilishicha, ana shu musobaqa futzal terma jamoasi bosh murabbiyi Xose Mariya Pazos Mendez uchun oxirgisi bo`ldi. Bangkokda o`tgan musobaqadan keyin ispaniyalik mutaxassis O`FF bilan tuzgan shartnomasi muddati tugagani sabab o`z lavozimini tark etdi.
Xose Mariya Mendez 2015 yilning mart oyida O`zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlangan edi. Uning qo`l ostida terma jamoa 2016 yil Toshkentda bo`lib o`tgan Osiyo chempionatida finalga qadar etib borgan va Eronga 1:2 hisobida mag`lub bo`lgandi.
Bundan tashqari, aynan Xose Mariya Pazos Mendez futzal bo`yicha O`zbekiston terma jamoasini ilk bor Jahon chempionatiga olib chiqqan. O`tgan yil kuz oyida Kolumbiyada bo`lib o`tgan mundialda O`zbekiston ishtirok etib qaytgandi.
Murabbiyning mamlakatimizdagi faoliyati ancha samarali bo`ldi. Quyida janob Mendez 2015 yilning mart oyida faoliyatini boshlaganidan keyin erishgan yutuqlarini keltirib o`tamiz.
O`zbekiston milliy terma jamoasi bilan:
– 2016 yili Toshkentda bo`lib o`tgan Osiyo chempionati finalchisi (10-21 fevral, 2016 yil, Toshkent);
– 2016 yili Kolumbiyada o`tkazilgan futzal bo`yicha Jahon chempionati ishtirokchisi (10 sentyabr - 1 oktyabr, 2016 yil, Kolumbiya).
O`zbekiston U-20 terma jamoasi bilan:
– 2017 yil Tailandda bo`lib o`tgan U-20 Osiyo chempionatida 4-o`rin (16-26 may, 2017 yil, Tailand).
“Ardus” jamoasi bilan:
– O`zbekiston kubogi sohibi (2015, 2016);
– O`zbekiston chempionati kumush medali sohibi (2015-2016, 2016-2017);
– Assosiasiya kubogi sohibi (2015);
– O`zbekiston kubogi finalchisi (2017).
O`zbekiston futzal Assosiasiyasi rahbariyati va xodimlari mutaxassisga yurtimizdagi samarali faoliyati uchun chuqur minnatdorchilik bildirib qoladi.
Eslatib o`tamiz, Xose Mariya Mendez O`zbekiston terma jamoasini oldin ham boshqargan, uning avvalgi murabbiyligi davrida terma jamoamiz 2012 yilgi Osiyo chempionatida chorak finalga qadar etib borgan edi.