Bugun, 31 may kuni O`zbekiston milliy terma jamoasi Tailandga qarshi o`rtoqlik o`yini va Eronga qarshi JCh–2018 saralash bosqichi uchrashuviga tayyorgarlik qilish uchun o`quv-mashg`ulotlar yig`inini boshladi.
O`quv-mashg`ulotlar “JAR” stadionida o`tkazildi. Milliy terma jamoa bosh murabbiyi Samvel Babayan bo`lajak o`yinlarda ishtirok etish uchun 28 futbolchini taklif qilgandi. O`zbekiston Kubogi o`yinlarida ishtirok etayotgan klublardan terma jamoaga chaqirilgan futbolchilar, shuningdek, bir necha nafar legioner mashg`ulotlarga keyinroq qo`shiladi.
Eslatib o`tamiz, O`zbekiston milliy terma jamoasi 6 iyun kuni Toshkentda Tailandga qarshi o`rtoqlik o`yinida maydonga tushadi. Bellashuv “Bunyodkor” stadionida soat 20:00 da boshlanishi rejalashtirilgan. Eronga qarshi uchrashuv esa 12 iyun kuni Tehrondagi “Ozodi” stadionida Toshkent vaqti bilan soat 21:45 da boshlanadi.
Ma`lumot uchun, JCh–2018 turniriga saralash bosqichi “A” guruhi 7-turidan keyin Eron 17 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. Janubiy Koreya 13 ochko bilan ikkinchi, O`zbekiston 12 ochko bilan uchinchi o`rinda bormoqda.