AsosiyJamiyat

​O`zbekistonda YaIMning o`sishi 7,8 foizni tashkil qildi

'​O`zbekistonda YaIMning o`sishi 7,8 foizni tashkil qildi'ning rasmi

1 iyun kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi. Deputatlar parlament nazorati doirasida O`zbekiston Respublikasi moliya vaziri tomonidan taqdim etilgan Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg`armalari byudjetlarining 2016 yildagi hamda 2017 yilning birinchi choragidagi ijrosi to`g`risidagi hisobotni ko`rib chiqdilar.

Eslatib o`tamizki, hisobot siyosiy partiyalar fraksiyalarining va O`zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhining ilgari bo`lib o`tgan majlislarida dastlabki tarzda ko`rib chiqilgan edi.

«World Economic Outlook» Xalqaro valyuta fondi ma`lumotlariga ko`ra, 2016 yilda jahon iqtisodiyoti o`rtacha 3,1 foizga oshdi, tashqi savdo hajmi esa atigi 1,9 foizga oshgan bo`lib, bu esa investisiyalar hajmining 2015 yildagi ko`rsatkichga nisbatan 13 foizga pasaygani bilan bog`liqdir.

Majlisda ta`kidlanganidek, ushbu sharoitda, Davlat byudjeti tasdiqlangan ko`rsatkichlarga muvofiq va 132 milliard so`mdan ortiq miqdorda profisit bilan ijro etildi. YaIMning o`sishi 7,8 foizni, sanoat mahsulotlari, qishloq xo`jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi tegishincha 6,6 foizni tashkil etdi. Bundan tashqari, aholi jon boshiga real yalpi daromadlar 11 foizga, byudjet tashkilotlari xodimlarining o`rtacha oylik ish haqi, pensiyalar, nafaqalar va stipendiyalar miqdori tegishincha 15 foizga oshdi.

Shu bilan birga, O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg`armalari byudjetlarining 2017 yil birinchi choragidagi ijrosi to`g`risidagi hisobotni ko`rib chiqish davomida deputatlar ushbu sohadagi ishlarning joriy holatini tanqidiy ravishda tahlil qildilar.

Jumladan ta`kidlanganidek, jahon bozorlarida kon`yunktura barqaror emasligini va raqobat kuchayib borayotganligini hisobga olgan holda investisiyalarni jalb etishda 2017 yilgi Investisiya dasturiga kiritilgan va O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning mamlakatimiz hududlariga safarlari chog`ida ishlab chiqilgan loyihalarning so`zsiz bajarilishiga birinchi darajali e`tiborni qaratish darkor.

Davlatimiz rahbarining parlament tomonidan to`liq qo`llab-quvvatlangan tashabbusiga ko`ra Qonunchilik palatasi deputatlari har oyda mamlakatimizning turli hududlariga boradilar va 10-12 kun mobaynida joylardagi ishlarning haqiqiy ahvolini o`rganadilar. Bunday amaliyot ko`plab muammolarning haqiqiy sabablari va shart-sharoitlarini aniqlash imkonini beradi. O`rganishlar yakunlari shundan dalolat beradiki, uy-joy kommunal xizmat tizimidagi, transport va yo`l xo`jaligidagi, aholi bandligini ta`minlash, sog`liqni saqlash, ta`lim sohalarini ta`minlashdagi, ya`ni rivojlantirilishi uchun Davlat byudjetining salkam 60 foizi sarflanadigan ijtimoiy sohadagi kamchiliklar mamlakatimiz mintaqalari aholisini tashvishlantirayotgan eng dolzarb masalalar hisoblanadi.

Bu borada bugungi kunda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturini ijro etish maqsadida yo`l-transport, muhandislik-kommunikasiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish hamda modernizasiya qilishga, sog`liqni saqlash tizimini, ta`lim va sportni takomillashtirishga qaratilgan 100 dan ziyod qonun hujjatlari qabul qilindi. O`z navbatida, qabul qilingan qonun hujjatlarida belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun jiddiy moliyaviy mablag`lar talab etiladi.

Majlis davomida deputatlar vazirliklar va idoralar bilan birgalikda normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, mahalliy davlat organlari mansabdor shaxslarining ijro intizomini oshirish, Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg`armalari byudjetlarining kelgusi davr uchun o`z vaqtida va sifatli ijro etilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshirishda xalq deputatlarining tegishli Kengashlari bilan hamkorlik qilish borasida oldinda turgan aniq vazifalarni belgilab oldilar.

Majlis yakunlariga ko`ra Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg`armalari byudjetlarining 2016 yildagi hamda 2017 yil birinchi choragidagi ijrosi to`g`risidagi hisobotni tasdiqlash haqida qaror qabul qildi.

Boshqa yangiliklar