Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Andijon viloyatiga tashrifini “Bog`i Bobur” istirohat bog`i bilan tanishishdan boshladi, deb yozadi O`zbekiston Prezidentining rasmiy veb-sayti.
Mazkur istirohat bog`i Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 510 yilligi munosabati bilan foydalanishga topshirilgan. Bobur xalqaro jamoat fondi tasarrufidagi so`lim maskan 357 gektar maydonni egallagan. Bog`da Bobur Mirzoning ramziy qabri va haykali, “Bobur va jahon madaniyati” muzeyi barpo etilgan. Bobur hayoti va merosini o`rganishga bag`ishlangan xalqaro ilmiy ekspedisiya tomonidan olib kelingan noyob qo`lyozmalar, kitoblar va tarixiy ashyolar o`rin olgan muzey mamlakatimizdagi diqqatga sazovor maskanlardan biriga aylangan.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan istirohat bog`ini yanada obod qilish, muzeyni ta`mirlash va faoliyatini kengaytirish rejalashtirilgan.
Har bir hududga borganda o`sha erning tarixini o`rganish va tiklashga e`tibor qaratmoqdamiz. Bobur Mirzo xalqimizning buyuk farzandi. Adabiyot, ilm, ma`rifat nuqtai nazaridan u hamon yashayapti. Bu maskanni yanada obod qilib, tarbiya o`chog`iga aylantirish zarur. O`zligimizni anglab, buyuk tariximizni yoshlarga tushuntirsak, ilm-ma`rifatni rivojlantirsak, hech qachon kam bo`lmaymiz, dedi Shavkat Mirziyoev.
Prezidentimiz muzey eksponatlari bilan tanishdi. Olimlar va nuroniylar bilan muloqotda bo`ldi.






