AsosiyJamiyat

​UZCARD tizimi GlobUzCard'ni o`ziga raqobatchi deb hisoblaydi...mi?

'​UZCARD tizimi GlobUzCard'ni o`ziga raqobatchi deb hisoblaydi...mi?'ning rasmi

UZCARD o`zining rasmiy saytida yangi GlobUzCard tizimi haqida bayonot bilan chiqdi.

2017 yilning 23 mayida Uznews.uz resursida O`zbekistonda UZCARD tizimiga raqobatchi paydo bo`lgani haqida yangilik paydo bo`ldi. Ayni paytda, GlobUzCard yangi to`lov tizimi Visa, MasterCard va boshqa xalqaro to`lov tizimlari bilani birlashishi haqida so`z yuritildi.

Shu bilan birga, atigi bir hafta o`tishi bilan 2017 yilning 31 mayida Markaziy bankka YaUPM va YaXPM rahbariyati taklif qilinib, bir oy muddat ichida UZCARD va GlobUzCard – ikki to`lov tizimining birgalikda faoliyat olib borishini ta`minlash talabi qo`yildi. “Birgalikda faoliyat yuritish” tushunchasi ostida bir tizimning kartalarini boshqa tizim terminal tarmog`iga qabul qilinishi nazarda tutilgan edi.

Ta`kidlash zarurki, bir to`lov tizimi kartalarini boshqa tizim tomonidan qabul qilinishini ta`minlash uchun axborot tizimlarining to`liq majmuini ishlab chiqish talab etiladi. Jumladan:

˗ shifrlash va ma`lumotlarni uzatish jarayoni, turli to`lov tizimlarining shifrlash kalitlarini saqlash va foydalanish, ikkala tizimni ham PCI-DSS axborot xavfsizligi standartlariga muvofiqlik bo`yicha sertifikasiyadan o`tkazish;

˗ plastik kartalar emissiyasi bazasini yangilash va banklarning mavjud mijozlari uchun qaytadan kartalarni ishlab chiqarish;

˗ tizimning barcha jabxalarida, ya`ni kartochka chipidagi ilova va terminal qurilmasi dasturidan boshlab, ma`lumotlar bazalarini boshqarish tizimlari, moliyaviy o`zaro hisob-kitoblar uchun ma`lumotlarni shakllantirish va saqlashgacha dasturiy ta`minotni oxiriga etkazib qo`yish va qayta sozlash;

˗ to`lov tizimlarining barcha ishtirokchilari va foydalanuvchilarining turli darajalardagi o`zaro hamkorlikdagi faoliyati uchun aloqaning yangi kanallarini qurish;

˗ elektron tijorat, jumladan, mobil ilova va elektron to`lovlar portallari orqali hisob-kitoblarni amalga oshirish mexanizmlarini qayta ishlab chiqish va o`zgartirish;

˗ hamkorlikda ish olib borishning iqtisodiy samaradorligini hisoblab chiqish hamda tegishli narx siyosatini ishlab chiqish va muvofiqlashtirish.

O`zining faoliyatdagi prosessing markazi bo`lmagani, hali biron bir karta chiqarilmagani va terminal o`rnatilmagani sababli GlobUzCard tizimi uchun yuqorida ko`rsatib o`tilgan vazifalarni bajarish qiyinchilik tug`dirmasligi mumkin. UZCARD tizimida esa allaqachon qariyb 20 mln. karta va 230 mingta terminal uskunasi ish olib bormoqda. UZCARD tizimi ishtirokchilari va foydalanuvchilari o`rtasida yo`lga qo`yilgan o`zaro mustahkam munosabatlarning o`zgarishi uning ish faoliyatida to`xtalishlar bo`lishi ehtimoli va pirovardida foydalanuvchilarning asosli noroziliklarini yuzaga kelishini e`tibordan chetda qoldirmagan holda, tizimni tubdan qayta qurish zaruratini keltirib chiqaradi.

Qolaversa, ushbu jarayon mablag` va intellektual jihatdan sezilarli darajadagi sarf-xarajatlarni talab qiladi.

Shu tariqa, ikki tizimning birgalikda faoliyat olib borishini ta`minlash talabi bir tomondan bir oydan ko`ra ancha ko`p vaqt talab qilsa, boshqa tomondan tizimga shoshma-shosharlik va yaxshi tayyorlanmasdan o`zgartirish kiritilishi jiddiy ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Yuqoridagilarga qo`shimcha sifatida asosli savol tug`iladi. GlobUzCard tizimi uning faoliyati uchun UZCARD tizimi resurslari talab qilinayotgan bo`lsa, unga raqobatchi bo`la oladimi?

Va, umuman, foydalanuvchilarga muayyan bir foyda keltirmaydigan bo`lsa, sarf-xarajatlar evaziga ishlab turgan tizimni o`zgartirib, boshqa logotip bilan yangi kartalarni ishlab chiqarishdan nima naf?

Eng muhimi, modomiki, GlobUzCard na to`lovlarni boshqarish tizimi (prosessing markazi), na mijozlarning ma`lumotlar bazasi va na to`lovlarni qabul qilish tarmoqlariga ega emas ekan, mazkur tizimlarning birgalikda faoliyat olib borishini qanday tashkil qilish mumkinligi tushunarsiz.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar