O`zbekiston milliy terma jamoasining JCh–2018 turniriga saralash bosqichi “A” guruhidagi guruhdoshi – Suriya terma jamoasi kecha, 1 iyun kuni Ummonga qarshi o`rtoqlik uchrashuvini o`tkazdi. Bu haqda O`FF matbuot xizmati ma`lum qilmoqda.
Ummon poytaxti Muskat shahrida bo`lib o`tgan o`yinda 1:1 hisobidagi durang natija qayd etildi. Uchrashuvning 56-daqiqasida ummonliklar hisobni ochgan bo`lsa, asosiy vaqtga qo`shib berilgan daqiqalarning so`nggisida Suriya vakillari hisobni tenglashtirdi.
Ertaga, 4 iyun kuni milliy terma jamoaning guruhdagi raqibi – Eron termasi O`zbekistonga qarshi o`yin oldidan Chernogoriyaga qarshi o`rtoqlik o`yinini o`tkazadi. Karlush Keyrush bosh murabbiyligidagi jamoa Avstriyadagi o`quv-mashg`ulotlar yig`inini tugatib, Podgorisaga yo`l oldi.
O`zbekiston terma jamoasi Eronga qarshi o`yindan avval Toshkentda Tailand termasi bilan to`qnash keladi. Ushbu o`yin 6 iyun kuni “Bunyodkor” stadionida, soat 20:00 da boshlanishi ko`zda tutilgan.
Eslatib o`tamiz, “A” guruhi 7-turidan keyin Eron 17 ochko bilan peshqadamlik qilayotgan bo`lsa, 13 ochko jamg`argan Janubiy Koreya ikkinchi pog`onada bormoqda. O`zbekiston terma jamoasi 12 ochko bilan uchinchi o`rinni band qilgan. 4–6 o`rinlarni mos ravishda Suriya (8 ochko), Xitoy (5 ochko) va Qatar termalari egallagan.