Sochi shahrining serqatnov yo`llaridan birida ketayotgan avtomashina yukxonasidan ikki nafar bola tushib qoldi, deb xabar berdi Tengrinews.kz nashri.
Voqea avtomobil harakatlanayotgan paytda yuz berdi. Nashrning xabar berishicha, avtomobilni 39 yoshli ayol boshqargan, hozirda unga nisbatan ma`muriy bayonnoma tuzildi. Nima uchun u bolalarni yukxonaga joylashtirgani hozircha noma`lum. Videoregistrator orqali ayol avtomashinani shahar markazidagi serqatnov ko`chalardan birida boshqarib ketayotganligini, qaysidir soniyada mashina yukxonasi ochilib, uning ichidan avval bir nafar, keyin yana bir bola tushib qolganini ko`rish mumkin. Shundan keyin orqadan kelayotgan mashina to`xtab, uning haydovchisi bolalarni yiqilgan joylaridan ko`tarib oldi. Ularning tushib qolganini ayol darrov sezmadi. Oradan ma`lum vaqt o`tgach, voqea joyiga qaytib keldi. Ma`lumotlarga ko`ra, 3 yoshli qizcha yiqilish oqibatida tan jarohati olib, kasalxonaga yotqizilgan, ikkinchi bolaga esa hech narsa qilmagan.






