Xitoyning Uxan shahridagi aeroportda yo`lovchi ayollardan biri Parijga uchayotgan samolyot reysiga kech qolgani uchun qo`ymagan aeroport xodimasini kaltakladi, deb xabar berdi Lenta.ru nashri.
Polisiyachilar to`polonchi ayolni 10 sutkaga qamadi. Eri va bolasi hamrohligida yo`lga chiqqan 36 yoshli ayol qayddan o`tishga 15 daqiqa kech qolgani tufayli aeroport xodimasi unga chiptani almashtirishni yoki qaytarishni maslahat bergan. Ammo ayol Fransiyada o`tkazilayotgan muhim anjumanda ishtirok etishi lozimligini aytib, aeroport xodimasining taklifiga ko`nmagan. Birozdan keyin ayolning jahli chiqib, xodimaning yuziga shapaloq tortgan.
Shaharning nufuzli universiteti doktoranturasida o`qiydigan yo`lovchi ayol Air France kompaniyasining qora ro`yxatiga kiritildi. Xitoyning barcha ijtimoiy tarmoqlari ayolning odobsizligini keskin tanqid qilib, barcha ichki aviaparvozlarga ham unga xizmat ko`rsatmaslikni taklif etishdi.