O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun 8 iyun kuni Ostona shahriga jo`nab ketdi, deya xabar beradi O`zA.
Avval xabar qilinganidek, sammitda ShHTga a`zo davlatlar rahbarlari tashkilotning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama etishi, mintaqaviy va xalqaro siyosatning dolzarb muammolari yuzasidan fikr almashishi kutilmoqda.
ShHTning Toshkent sammiti qarorlarini amalga oshirish doirasida Ostona shahrida Hindiston va Pokistonni tashkilot a`zoligiga qabul qilish jarayoni nihoyasiga etkaziladi.
Prezident Ostona shahrida EXPO – 2017 ixtisoslashtirilgan xalqaro ko`rgazmaning rasmiy ochilish marosimida ham ishtirok etadi, qator xorijiy delegasiyalar rahbarlari bilan uchrashuvlar o`tkazadi.






