AsosiyJamiyat

​Moskvadan Toshkentga behayo videolar olib kirmoqchi bo`lgan O`zbekiston fuqarosi 1,5 mln. so`m jarimaga tortildi

'​Moskvadan Toshkentga behayo videolar olib kirmoqchi bo`lgan O`zbekiston fuqarosi 1,5 mln. so`m jarimaga tortildi'ning rasmi

Bojxona organlari tomonidan huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirishda bojxona qonunchiligiga rioya etilishini ta`minlash, bojxona sohasida huquqbuzarliklarning sodir etilishi sabablarini va ularga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlash va bartraf etish, xususan bojxona sohasidagi huquqbuzarlikka moyil bo`lgan shaxslarni aniqlash va ularga profilaktik ta`sir ko`rsatish orqali ularning hulq-atvorini ahloqan tuzatishga alohida e`tibor qaratilmoqda.

“Shofayzi” mahallasida ham bojxona qoidabuzarliklarini sodir etib, javobgarlikka tortilgan shaxslar uchrab turibdi. Ulardan biri 32 yoshli Umidjon Sharifov (ismi-sharifi o`zgartirilgan) bo`lib, ushbu shaxs joriy yilning 9 fevral kuni Moskvadan uchib kelar ekan, Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida bojxonachilar tomonidan to`xtatib qolindi.Qarang-ki, unga tegishli qo`l telefoni o`rnatilgan tartibda ko`zdan kechirilganda, telefon xotirasida 26 dona behayo mazmundagi videolavhalar borligi aniqlandi.

Ma`lumki, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tovarlar eksportini muvofiqlashtirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida” 1997 yil 10 oktyabrdagi PF-1871 sonli Farmoniga muvofiq pornografik mazmundagi rasmlar, foto, fotoplenkalar, negativlar, kino, video va audio mahsulotlarni O`zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish taqiqlangan.

Ushbu tartiblarga rioya qilmagani uchun Umidjon Sharifov O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi Kodeksining 189-moddasi bilan ma`muriy ish yuritilib, sud xukmiga binoan ushbu shaxs aybli deb topildi hamda unga nisbatan eng kam oylik ish haqining 10 barobari miqdorida ya`ni 1 497 750 so`m jarima jazosi tayinlandi.

“Afrosiyob” mahallasida ham bojxona sohasida huquqbuzarlik sodir etib, javobgarlikka tortilgan shaxslar uchrab turibdi. Tadbir davomida ular tomonidan sodir etilgan qing`ir qilmishlar atroflicha muhokama qilindi.

Jumladan, ushbu mahallada istiqomat qiluvchi X.Axadova (ismi-sharifi o`zgartirilgan) Bokuga parvozi oldidan Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida shaxsiy ko`rikdan o`tkazilganda bojxonachilar va xolislar qarshisida uyalib qoldi. Ushbu shaxs ichki a`zolariga yashirgancha qiymati 14,5 mln. so`mlik 60 gr.dan ortiq zargarlik buyumlarini respublikamizda yashirincha olib chiqishni rejalashtirgan ekan.

Amaldagi tartiblarga muvofiq, O`zbekiston Respublikasi hududiga jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni aksiz solig`i solinmasdan olib kirishning ruxsat etilgan me`yorlariga muvofiq umumiy og`irligi 30 grammdan ortiq bo`lmagan 5 donagacha zargarlik buyumlarini olib kirishga ruxsat etiladi.

Qolaversa, bojxona chegaralarini kesib o`tish paytida jismoniy shaxslar tomonidan to`ldiriladigan yo`lovchi bojxona deklarasiyasining 5-bandida har qanday ko`rinishdagi va holatdagi qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlarning miqdori aniq ko`rsatilishi shart.

Mazkur tartiblarga rioya qilmagani bois X.Axadovaga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi Kodeksining 22722-moddasi bilan ma`muriy ish yuritilib, sud xukmiga binoan ushbu shaxs aybli deb topildi hamda unga nisbatan eng kam oylik ish haqining 2 barobari miqdorida ya`ni 299 550 so`m jarimajazosi tayinlandi. Tilla taqinchoqlar esa belgilangan tartibda davlat egaligiga o`tkazildi.

Uchrashuvlarda mazkur holatlar yuzasidan mahalla raislari va profilaktika inspektorlari o`z fikr-mulohazalarini bildirib, mahallada yashovchi fuqarolar, ayniqsa yoshlar tomonidan bu kabi ma`muriy va jinoiy huquqbuzarliklarning sodir etilishiga yo`l qo`ymaslik uchun tushuntirish ishlarini yanada faollashtirish lozimligi qayd etishdi.

Uchrashuvlar davomida ishtirokchilar o`zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar olishdi.

Boshqa yangiliklar