O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev o`zi uchun ajratilgan qarorgohda Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Navoz Sharif bilan uchrashdi, deb yozadi O`zA.
Uchrashuvda asosiy e`tibor mamlakatlarimiz o`rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari, mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash masalalariga qaratildi.
O`zbekiston Pokistonning ShHTga a`zo davlat sifatida qabul qilinishini qo`llab-quvvatlab, tashkilotga raisligi davrida bu masalaga alohida e`tibor qaratdi.
Mamlakatlarimiz xalqaro maydonda bir-birini qo`llab-quvvatlab kelmoqda. O`zbekiston va Pokiston o`rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo 50 ga yaqin hujjat imzolangan. Mamlakatimizda Pokiston bilan hamkorlikda tashkil etilgan 55 korxona faoliyat ko`rsatmoqda.
O`zbekiston Pokistonga paxta tolasi, ko`nchilik xomashyosi, transport va turizm xizmatlarini eksport qiladi. Pokiston mamlakatimizga dori vositalari, kimyo va qishloq xo`jaligi mahsulotlari etkazib beradi, transport xizmati ko`rsatadi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev O`zbekiston Pokiston bilan ko`p qirrali va o`zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish tarafdori ekanini qayd etdi.
Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharif Pokiston O`zbekiston bilan barcha sohalarda hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanini ta`kidladi.