AsosiySport

Samvel Babayan: Jahon chempionatiga chiqish uchun oxirigacha kurashamiz

'Samvel Babayan: Jahon chempionatiga chiqish uchun oxirigacha kurashamiz'ning rasmi

Osiyo mintaqasidan JCh–2018 turniriga saralash bosqichi “A” guruhi 8-turidan o`rin olgan Eron – O`zbekiston (2:0)2:0) uchrashuvidan keyin o`tkazilgan matbuot anjumanida Samvel Babayan o`z fikrlari bilan o`rtoqlashdi.

“Birinchi navbatda Eron terma jamoasini Rossiya bo`lib o`tadigan JCh–2018 turniriga chiqqani bilan tabriklayman. Ular haqli ravishda mundial yo`llanmasini qo`lga kiritganini tan olish kerak. O`zbekistonda JCh yo`llanmasini qo`lga kiritish uchun hamon imkoniyat saqlanib qoldi.

Mazkur o`yinga tayyorgarlik ko`rish jarayonida ko`plab yo`qotishlarga duch keldik va bugungi o`yin boshida yo`qotishlar yana bittaga ko`paydi. Bu uchrashuvdagi rejamizga o`z ta`sirini o`tkazdi va kutilgan o`yinni ko`rsata olmadik. Stanislav Andreevning jarohat olib, maydonni tark etishi va majburiy o`zgartirish amalga oshirganimiz sababli o`ylangan rejaga ko`ra Server Jeparov bugun maydonga tusha olmadi.

Yuqorida ta`kidlaganimdek, Jahon chempionatiga chiqish uchun imkoniyat saqlanib qoldi va buning uchun oxirigacha kurashamiz. Qolgan ikki o`yinda sifatli o`yin ko`rsatib, bor kuchimizga ishga solgan holda g`alaba qozonishimiz va oldinga intilishimiz kerak”, – dedi Samvel Babayan.

Ma`lumot uchun, 8-turdagi g`alabadan keyin Eron terma jamoasi ochkolari sonini 20 taga etkazib, muddatidan avval Rossiyadagi mundialga yo`llanma oldi. O`zbekiston 12 ochko bilan “A” guruhida uchinchi o`rinda bormoqda.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar