O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Simpoziumlar saroyida “Ijtimoiy barqarorlikni ta`minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi” mavzuida tashkil etilgan anjumanda ishtirok etgani haqida xabar bergandik.
Tadbirda O`zbekiston musulmonlari idorasi rahbarlari, din arboblari, "Nuroniy" va "Mahalla" jamg`armalari, Xotin-qizlar qo`mitasi, "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati faollari, hokimliklar, huquq-tartibot idoralari vakillari, ilm-fan va madaniyat namoyandalari, islomiy ta`lim muassasalari mutasaddilari va talabalari, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Anjuman yakunida Prezident Shavkat Mirziyoev Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov xotirasiga bag`ishlab yurtimizning barcha viloyatlarida iftorlik marosimlari tashkil etilganini aytib o`tdi:
“Birinchi Prezidentimiz muhtaram Islom Abdug`anievich Karimov tomonidan mamlakatimiz mustaqilligini barcha sohalarda mustahkamlash, xususan, muqaddas dinimizni tiklash, uning pokligini saqlash, jamiyatimizda diniy bag`rikenglik, millatlar o`rtasida do`stlik va hamjihatlik muhitini qaror toptirishda ulkan ishlar amalga oshirilganini barchamiz yaxshi bilamiz.
Bugun, Olloh roziligi yo`lida, xalqimizning ulug` farzandi Islom Karimov xotirasiga bag`ishlab yurtimizning barcha viloyatlarida iftorlik marosimlari tashkil etilmoqda.
Shu fursatdan foydalanib, siz, azizlarning barchangizni kechki payt “Navro`z” majmuasiga taklif etishga ijozat bergaysiz. Tutgan ro`zalaringiz dargohida qabul bo`lsin.”
Iftorlik dasturxoniga mamlakatimizdagi diniy konfessiyalar, turli millat va elat vakillari, diniy ulamolar va keng jamoatchilik taklif etildi. O`tganlar yodiga Qur`on tilovat qilindi.
Ana shunday iftorlik tadbirlari yurtimizning barcha viloyatlarida tashkil etildi.