O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 19 iyundagi «Ichki ishlar organlari tizimida davlat xizmatlari ko`rsatish sifatini yanada takomillashtirish va tartib-taomillarini soddalashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qaroriga asosan Vazirlar Mahkamasining “Milliy haydovchilik guvohnomasining hamda avtomototransport vositasi ro`yxatdan o`tkazilganligi to`g`risidagi guvohnomaning yangi namunalarini joriy etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaroriga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritildi.
Qarorga muvofiq 2017 yil 1 oktyabr – 2020 yil 31 dekabr davrida milliy haydovchilik guvohnomalarining yangi namunalariga almashtirish haydovchilar tomonidan pasport va eski namunadagi haydovchilik guvohnomasi hamda uning taloni taqdim etilganda amalga oshiriladi, deb yozadi O`zA.
Milliy haydovchilik guvohnomasi xalqaro standartlar asosida plastikdan tayyorlanadi. Guvohnoma o`lchami 54x86 millimetrni tashkil etadi. Guvohnomaning rangi – och pushti. Seriyali raqami ikki harfli, nomeri olti raqamli bo`ladi. Guvohnomada jismoniy shaxsning shaxsiy identifikasiya raqami (JSh ShIR) va qurilmalar o`rtasida ma`lumotlarni bevosita aloqasiz amalga oshirish imkonini beruvchi maxsus elektron belgi NFC smart-karti bo`ladi.
Milliy haydovchilik guvohnomasining plastik shakli himoya vositalariga ega. Masalan, O`zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri shaklidagi gologramma nishablikning turlicha burchagida o`z shaklini o`zgartiradi. Maksimum 30 mikron o`lchamdagi «Haydovchilik guvohnomasi», «Voditelskoe udostvorenie», «Driving license» yozuvli mikromatn, ultrabinafsha qoplama, egilganda bir rangdan boshqa rangga tovlanadigan optik turlanadigan «UZ» yozuvli bo`yoq, doimiy ravishda qiyshayib turadigan to`lqinli chiziqlarning qalin tarmog`i shaklidagi naqsh, seriyali raqamining lazer o`yma naqshi kabi mukammal himoya vositalarga ega.
Guvohnomaning old tomonidan fotosurat uchun joy nazarda tutilgan. «Haydovchilik guvohnomasi», «Voditelskoe udostvorenie», «Driving license» so`zlari yozilgan. O`zbekiston Respublikasi Davlat bayrog`ining tasviri tushirilgan. O`zbekiston Respublikasining nomi o`zbek, rus va ingliz tillarida yozilgan. Yo`l harakati to`g`risidagi konvensiyaning tegishli bandlarida nazarda tutilgan ma`lumotlar majburiy tartibda ko`rsatiladi.
Guvohnomaning orqa tomonida Yo`l harakati to`g`risidagi konvensiyaning tegishli bandlarida nazarda tutilgan ma`lumotlar majburiy tartibda ko`rsatiladi. Alohida belgilar uchun joy nazarda tutilgan. Yangi nusxadagi guvohnomada A, V, S, D, VE, SE va DE toifalari bo`ladi. Ushbu toifalarni boshqarish uchun milliy haydovchilik guvohnomasining haqiqiyligi tegishli piktogrammalar bilan ifodalangan.
E toifasi uchga bo`lingan. Bunda VE – A toifasiga kirmaydigan, to`la vazni 3,5 tonnagacha bo`lgan va haydovchi o`rnidan tashqari o`rindig`i sakkiztadan oshmaydigan avtomobillarni tirkama bilan boshqarishga, SE – D toifasiga kirmaydigan, to`la vazni 3,5 tonnadan ortiq bo`lgan yuk avtomobillarini tirkama bilan boshqarishga, DE – yo`lovchi tashishga mo`ljallangan, haydovchi o`rnidan tashqari o`rindig`i sakkiztadan ortiq avtomobillarni tirkama bilan boshqarishga ruxsat berilishini bildiradi.
Avtomototransport vositasi ro`yxatdan o`tkazilgani to`g`risidagi guvohnoma ham yangilandi. Bu guvohnomaning o`lchami ham 54x86 millimetr bo`lib, plastikdan tayyorlanadi. Guvohnomaning rangi – ko`k. Seriyali raqami ikki harfli, nomeri olti raqamli bo`ladi. Guvohnomada jismoniy shaxsning shaxsiy identifikasiya raqami (JSh ShIR), yuridik shaxs uchun soliq to`lovchining identifikasiya raqami (STIR) va qurilmalar o`rtasida bevosita aloqasiz axborot ayirboshlash imkonini beruvchi elektron belgi NFC smart-karti bo`ladi. Ular mukammal himoya vositalariga ega.
Guvohnomaning old tomonida «Avtomototransport vositasi ro'yxatdan o'tkazilganligi to'g'risida guvohnoma», «Svidetelstvo o registrasii avtomototransportnogo sredstva», «Vehicle license» so`zlari yozilgan, O`zbekiston Respublikasi Davlat bayrog`ining tasviri tushirilgan. «O`zbekiston Respublikasi» so`zi davlat tilida, rus va ingliz tillarida yozilgan. Avtomototransport vositasining davlat raqam belgisi, markasi, modeli, rangi, avtomototransport vositasining egasi to`g`risidagi ma`lumotlar, guvohnoma berilgan sana, Yo`l harakati boshqarmasining bo`limi, jismoniy shaxs uchun – shaxsiy identifikasiya raqami (JSh ShIR), yuridik shaxs uchun soliq to`lovchining identifikasiya raqami (STIR) majburiy tartibda ko`rsatiladi.
Guvohnomaning orqa tomonida avtomototransport vositasi to`g`risidagi ma`lumotlar, ya`ni ishlab chiqarilgan yili, turi, kuzov/shosse raqami, to`la vazni, yuksiz vazni, dvigatelning toifasi va quvvati, yonilg`i turi, o`rindiqlar soni, tik turiladigan o`rinlar soni hamda alohida belgilar majburiy tartibda ko`rsatiladi.
Joriy etilayotgan mazkur yangiliklar mamlakatimizda yo`l harakati xavfsizligini ta`minlashga qaratilgan islohotlarning yangi bosqichi bo`lib, bosqichma-bosqich avtomototransport vositasini majburiy texnik ko`rikdan o`tkazishda amalga oshiriladi. Eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalari hamda avtomototransport vositasi ro`yxatdan o`tkazilganligi to`g`risidagi guvohnomalar 2021 yil 1 yanvardan boshlab haqiqiy emas, deb hisoblanadi.