Oliy Liga 15-tur uchrashuvlari doirasida mamlakatimizning amaldagi chempioni – “Lokomotiv” “Bunyodkor” jamoasi maydoniga safar uyushtiradi.
Ushbu ikki grand klubning o`zaro o`yinlari tarixiga nazar solsak, “Lokomotiv” “Bunyodkor”ga qarshi ichki chempionatimiz doirasida 18 marta o`yin o`tkazgan. O`yinlarning 8 tasi “qaldirg`ochlar” foydasiga, 5 tasi esa “temiryo`lchilar” foydasiga hal bo`lgan. Yana 5 ta o`yin durang bilan tugagan.
O`zaro uchrashuvlarda “Lokomotiv” futbolchilari “Bunyodkor” darvozasiga 19 ta gol kiritib, 25 marta o`z darvozalaridan to`p olib chiqishgan. “Lokomotiv” jamoasining ushbu raqib ustidan qozongan eng yirik hisobidagi g`alabasi (3:0) 2015 yilgi mavsumning birinchi davrasida qo`lga kiritilgan.
Yana bir diqqatga sazovor jihat shundan iboratki, “Bunyodkor” futbolchilari so`nggi bor “Loko” darvozasini 2014 yilning 28 avgustida ishg`ol qilishgandi. Shundan buyon o`tkazilgan 4 ta o`yinda “Lokomotiv” darvozasi daxlsiz qo`riqlanib kelmoqda. Ushbu 4 o`yinda “Lokomotiv” vakillari raqib darvozasiga 5 ta gol urib, biror marta ham gol o`tkazib yuborishmagan.






