1

​Jig`ildon «qaynashi» kasallik belgisimi?

Salomatlik 28.06.2017, 10:59
Teglar: Salomatlik
​Jig`ildon «qaynashi» kasallik belgisimi?

«To`ng`ich o`g`lim jig`ildon qaynashidan tez-tez shikoyat qiladi. Ahvoli o`nglanishi uchun unga archilgan sabzi yoki gazsiz suv beraman. Bu kabi «muolaja»lar bilan bezovtaligi kamayadiyu, ammo ertasi yoki indiniga yana takrorlanadi. Oxirgi paytlarda tunda ham jig`ildon qaynashidan betoqat bo`layapti. Bu biror kasallikning boshlanishi emasmi? Qanday yo`l tutishni maslahat berasiz?»

Gulhida Jo`raeva, Toshkent viloyati

Ma`lumotlarga ko`ra jig`ildon qaynashi keng tarqalgan muammolardan biri bo`lib, ushbu darddga yo`liqqanlarning 40 foizi o`z vaqtida mutaxassisga murojaat etadi. Qolgan 60 foiz esa vaqtinchalik holat deya e`tibor berishmaydi. Natijada esa «oddiy» deya ta`rif berilgan jig`ildon qaynashi bir qancha jiddiy xastaliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Xo`sh, buning oldini olish uchun nimalarni bilishimiz zarur? Mavzu yuzasidan Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitasiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo`lim boshlig`i, gastroenterolog Elnora DO`STMUHAMEDOVA ma`lumot beradi.

JIG`ILDON QANDAY VAZIFANI BAJARADI?

Oshqozon va qizilo`ngach birikkan joyda maxsus mushak bo`lib, u eyilgan ovqat luqmasini oshqozondan qizilo`ngachga o`tkazib beradi. Mana shu mushak turli omillar ta`sirida vazifasini bajarmay qo`ysa, oshqozon shirasi bilan ishlov berilgan luqma qizilo`ngachga o`tmay, me`daga qaytib tushadi. Bu esa o`sha siz bilgan holat jig`ildon qaynashini keltirib chiqaradi. Tibbiyot ushbu hodisaga «gastroezofogeal reflyuks» nomini bergan.

SABABI TAOMNOMAMI?

Aksar xollarda shunday. Biroq qattiq qovurilgan, yog`li, sho`r va achchiq eguliklarni muntazam iste`mol qilishdan tashqari jig`ildon bezovtaligini keltirib chiqaradigan boshqa sabablar ham yo`q emas. Jumladan:

– Tamaki , spirtli va gazlangan ichimliklar;

– Yalpiz, sirka, xantal, murch kabi ziravorlar qo`shilgan taomlar;

– Ortiqcha vazn;

– Uxlashdan avval to`yib ovqatlanish va tamaddi qilingach, darhol uzanib olish;

– Taom va eguliklarni pala-partish (aralashtirib) iste`mol qilish;

– Limon, apelsin kabi sitrus mevalar yoki ularning sharbati;

– Zich bichilgan ich kiyimlar, qomatni ko`rkamlashtiruvchi korset va bandajlar (oshqozonni siqib qo`yib, hazm faoliyatini izdan chiqaradi);

– Ayrim dori preratalari (uzoq muddat qabul qilinganida nojo`ya ta`sir ko`rsatadi).

Gastroezofageal reflyuksning vujudga kelishida sanab o`tilgan omillar bilan birga, oshqozondagi kislota muhitining ham ta`siri katta. Aksar hollarda kislota muhiti yuqori bo`lgan kishilarda kasallikka moyillik ko`proq kuzatiladi.

KEKIRISh HAM BO`LADIMI?

Jig`ildon qaynashi bilan birga vaqti-vaqti bilan to`sh sohasi yoki orqasida achishish, to`yib taomlangandan so`ng kekirish, qorin dam bo`lishi, og`irlik, og`izda nordon suyuqlikning paydo bo`lishi va tunda so`lak ajralishi kabilar ham kuzatiladi. Ba`zida mazkur belgilar tez-tez takrorlanishi ham mumkin.

«O`ZIM – O`ZIMGA YoRDAM BEROLAMANMI?»

Jig`ildon qaynashi bezovta qilganida no`xot chaynash, sabzini butunligicha yoki qirg`ichdan o`tkazib iste`mol qilish, qatiq zardobini ichish kabi usullar yordam beradi. Shu bilan birga dorixonalarda ham jig`ildon qaynashini engillashtiruvchi turli preparatlarni topish mumkin. Dori vositalaridan foydalanish mumkin bo`lsa-da, bu ham vaqtinchalik chora ekanligini unutmang. Ba`zilar jig`ildon bezovtaligini iste`mol sodasidan tayyorlangan eritma bilan bartaraf etishni maslahat berishadi. Bu noto`g`i! Iste`mol sodasi qizilo`ngach shilliq qavatini zararlaydi va qorinda gaz hosil bo`lishini kuchaytiradi.

TIBBIY KO`RIK KERAKMI?

Agar jig`ildon qaynashi muntazam davom etaversa, gastroenterolog-shifokorga murojaat eting. Mutaxassis umumiy holatingiz, shikoyatlaringizni o`rganib, gastrofebroskopiya tekshiruvini o`tkazadi. Tahlil natijalari bezovtalik sababini aniqlagach, shunga ko`ra zarur muolaja tanlanadi. Muolaja asosini esa dori preparatlari va parhez tashkil qiladi.

PROFILAKTIKA ChORASI BORMI?

Jig`ildon qaynashining oldini olish juda oddiy qoidalarga asoslanadi. Ya`ni, qaynoq choy, juda issiq taom, yangi uzilgan non va shirinliklarni cheklang. Ovqatlangandan so`ng 1-1,5 soat vertikal holatda bo`lish, faol harakatlanish, uxlayotganda bosh tagiga balandroq yostiq qo`yib yotishga odatlanish (shunda tananing yuqori qismi pastkisidan xiyol balandroq joylashadi) kabilarga rioya eting. Shu bilan birga achchiq, sho`r, yog`li, qattiq qovurilgan, shokolad va asalni ham kamaytirganingiz durust.

Sharhlar

Buyrak xastaliklari kimlarda ko`proq uchraydi? Shifokor javob berdi

06.08.2021, 17:47

CCV Matbuot xizmati buyrak etishmovchiligi qanday xastalik ekani va uni bartaraf etishda mamlakatimiz tibbiyoti nimalarga qodirligi haqida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bo`lim rahbari,...
YuTINGANDA QULOQ OG`RIG`I?!

26.12.2017, 13:12

— Uch yashar o`g`lim ovqat chaynab yutayotganida qulog`ini ushlab, og`riyotganini aytdi. Shifokorga ko`rsatsam, otit deb tashxis qo`ydi. Bu qanday kasallik? Uni uyda davolasa bo`ladimi? Nazira...
DIATEZ QAYTALAMASIN DESANGIZ…

26.12.2017, 13:08

— Emizikli chaqalog`im ekssudativ diatez kasalligi bilan og`rigandi. Hozir sog`aygan bo`lsa-da, ayrim taomlarni iste`mol qilganimda uning badanida qizg`ish dog`lar paydo bo`ladi. Go`dakda diatez qaytalamasligi uchun...
FARZANDINGIZNI MAKTAB KASALLIKLARIDA ASRANG!

26.12.2017, 11:36

Uzoqni ko`ra olmaslik;skolioz (umurtqa pog`onasining qiyshayishi);gastrit;ruhiy-asab tizimi buzilishlari kabilarni maktab kasalliklari sirasiga kiritish mumkin. Statistikaga ko`ra, har besh bolaning biri umurtqa pog`onasi muammolaridan qiynalsa, har...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1