Kecha, 30 iyun kuni to`liq rekonstruksiyadan chiqqan va butunlay yangilangan “Markaziy” stadionining tantanali ochilish marosimi bo`lib o`tdi. Bu haqda "Nasaf" klubi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Marosimda viloyat hokimi, viloyat futbol federasiyasining prezidenti Zafar Sharopovich Ro`ziev ishtirok etdi va nutq so`zladi. Zafar Sharopovich o`z chiqishida, hozirgi paytda davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari hamda u kishining bevosita e`tibori tufayli mana shunday chiroyli stadionlar, sport inshootlari barpo etilayotgani to`g`risida to`xtalib o`tdi. Viloyatimiz hokim shuningdek stadionning rekonstruksiya ishlarida jonbozlik ko`rsatgan, klubimiz bosh homiysi “Sho`rtan gaz kimyo majmuasi” rahbariyatiga hamda muhandis, quruvchilarga ham hokimlik tomonidan minnatdorchilik izhor etdi.
Shundan so`ng, shu yili Jizzax shahrida bo`lib o`tgan “Barkamol avlod -2017” sport o`yinlarida g`oliblikni qo`lga kiritgan viloyatning bir qator yosh sportchilari hokimlik tomonidan munosib taqirlanishdi. Ularga viloyat hokimligi tomonidan esdalik sovg`alari topshirildi.
O`zingizga ma`lum, “Nasaf” jamoasining bosh murabbiyi Ro`ziqul Berdiev o`tgan 2016 yilgi futbol mavsumi bo`yicha yilning eng yaxshi murabbiyi sifatida e`tirof etilgan edi. Viloyat hokimi jamoamiz ustoziga ham diplom va esdalik sovg`asi topshirdi.
Tantanali marosim kuy va qo`shiqlarga ulanib ketdi. Tomoshabinlar viloyatimizning bir guruh san`atkorlari va taniqli estrada yulduzi Davron G`oyipov ishtirokidagi konsert dasturini tomosha qilishdi.






