O`zbekiston milliy terma jamoasining JCh–2018 saralashidagi raqibi – Janubiy Koreya termasi yangi bosh murabbiyi Shin Te Yong matbuot anjumanida o`z fikrlari bilan o`rtoqlashdi.
“Janubiy Koreya termasini qiyin ahvolda qabul qilganimga qaramay, bundan farxlanaman va bildirilgan ishonch uchun Koreya futbol assosiasiyasi prezidenti, Texnik qo`mita va assosiasiya rasmiylariga minnatdorchilik bildiraman. Mamlakat termasining qatorasiga 9-marta Jahon chempionatiga chiqishi uchun barcha imkoniyatlarimni ishga solaman.
Olimpiya yoki U-20 terma jamoalaridan farqli ravishda men mamlakatning eng yaxshi futbolchilarini tanlay olaman. Agar futbolchi mening uslubimda o`ynay olsa, uning klubda etarlicha o`yin amaliyotiga ega bo`lish-bo`lmasligidan qat`i nazar terma jamoaga taklif qilaman. Odamlar Son Xin Min terma jamoadan ko`ra “Tottenxem”da yaxshi o`ynashini ta`kidlaydi. Men Uli Shtilikega o`xshamayman. U ishlatmagan rejadan foydalanaman. Son Xin Mindan boshqacha usulda foydalanamiz”, – dedi Shin Te Yong.
46 yoshli mutaxassis futbolchilik davridagi armoni, murabbiy sifatidagi orzusi hamda JCh–2018 saralash bosqichining qolgan ikki o`yinida nimaga e`tibor qaratish kerakligini ta`kidladi.
“Futbolchi sifatidagi armonim – Jahon chempionatida ishtirok eta olmaganim. Bu ishni murabbiy sifatida bajarishga tayyorgarlik ko`ryapman. Janubiy Koreya Osiyoda hech qaysi terma jamoadan kam emas. Ayni damda himoyaviy o`yinga e`tibor qaratishimiz kerak. Biz mustahkam himoya tashkil qila olamiz. Saralashning qolgan ikki o`yinida ehtiyotkor bo`lishimiz va raqib darvozasiga bitta gol ursak ham, barqaror himoyaviy o`yin namoyish qilishimiz kerak”,– deya fikrini yakunladi koreyalik mutaxassis.
Eslatib o`tamiz, iyun oyi o`rtalarida Janubiy Koreya futbol assosiasiyasi JCh–2018 saralashidagi qoniqarsiz natija tufayli germaniyalik mutaxassis Uli Shtilikeni bosh murabbiy lavozimidan ozod etgandi.
Ma`lumot uchun, 31 avgust kuni Janubiy Koreya termasi o`z maydonida Eronni qabul qiladi. 5 sentyabr kuni esa Shin Te Yong shogirdlari Toshkentda O`zbekistonga qarshi bahs yuritadi.






