Musbat va manfiy. Loyihamizning galdagi ishtirokchilarini ana shunday ta`riflashni ma`qul topdim. Biri xushchaqchaq va shaddodgina bo`lsa, ikkinchisi uning aksi, og`ir-bosiq. Gap kim haqida borayotganiga qiziqayapsizmi? Unda «duet»chilarimizning fe`l-atvoriyu dunyoqarashlari yaqqol namoyon bo`lgan suhbatimizni o`qing.
– Suhbatni keskin savoldan boshlayotganimga ajablanmang. Yosh, kelishgan va bugungi kunda talabgir hisoblangan aktrisalarning do`stligi chinmi? Yoki bu ayrimlarniki kabi piarmi?
Shahzoda Muhammedova: – Piar?! Yo`g`ey, shunaqa do`stlashadiganlar ham bor ekanmi? Muqaddas bilan ko`p yillardan beri dugonamiz. Etti yil oldin «Poyqadam» filmining suratga olish jarayonida tanishganmiz. Ushbu kartinada Gulchehra Sa`dullaeva onamni ijro etgan. S`yomka vaqti Gulchehra opa qizlari haqida ko`p gapirib berardi va bir kuni «Ertaga Muqaddasni olib kelaman, tanishasizlar», degan. U paytlari Muqaddas san`at sohasidan yiroq, soddagina qizcha edi. Suratga olish maydonchasiga ham uyalibgina kirib kelgan.
Muqaddas Sa`dullaeva: – San`atkor bo`lishni xohlardim-u, lekin ota-onam ruxsat berishmagandi. «Men ham kinoda rol o`ynasam qaniydi», deya orzu qilardim. Suratga olish maydonchasiga kelganimda aktyor-aktrisalarni kuzatib, rosa havas qilganman. Shahzoda bilan tanishganimizdan keyin esa tezda chiqishib ketdik. Mana, bugungacha qadrdon dugonalarmiz.
Shaxzoda: – Muqaddas bilan tez-tez ko`rishib turamiz. Deyarli har kuni qo`ng`iroqlashamiz.
Muqaddas: – Ijtimoiy tarmoqlarga hamisha birga tushgan suratimizni joylaymiz. Agar bir kun surat qo`yilmasa, «Arazlashib qoldinglarmi, nechuk Shahzoda va Muqaddas birga emas» mazmunidagi savollar yog`iladi.
Shahzoda: – Ateleda ishlarim ko`payib ketsa, dugonamni «Kel bezaklarni tikishga qarashib yubor», deb yordamga chaqiraman. Ancha qo`li kelishib qolgan.
Muqaddas: – Dugonamga shogird tushib, tikuvchilikni o`rganmoqchiman. Liboslar bo`yicha dizayner bo`lishni ham rejalashtirayapman.
– Mana buni yangilik desa bo`ladi. Rostmi so`zingiz?
Muqaddas: – Ha!
Shahzoda: – Ikkimiz birgalikda liboslar kolleksiyasini yaratmoqchimiz. 30-40 ta libosdan tashkil topgan to`plam ustida fikr almashamiz, g`oyalarimizni o`rtoqlashamiz. Rejamiz amalga oshsa, san`atkorlar ishtirokida moda namoyishini o`tkazamiz.
– Qizlar, birgalikda bajarishni maqsad qilgan rejalaringizni bildik, xo`sh, xarakteringizda o`zaro uyg`unlik aynan nimalarda namoyon bo`ladi?
Muqaddas: – O`xshash taraflarimiz bor. Lekin biz ko`proq musbat va manfiymiz desam, to`g`ri bo`ladi. Shahzoda sho`x-shaddod, men esa aksincha, og`ir-bosiqman. Balki mana shu qarama-qarshi sifatlar ham munosabatlarimizni mustahkamlar.
Shahzoda: – Ikkimiz ham qizg`anchiqmiz, rashkimiz kuchli! Bir-birimiz uchun yaxshi suhbatdoshmiz.
Muqaddas: – Ishonuvchanligimizni ham ayt. Bu ikkimizda ham bor jihat...
Shaxzoda: – Dugonamning klip va filmlardagi rollarini ko`rib, u haqida salbiy fikr bildiradiganlar ham bo`ladi. Ana shunaqalar yo`limdan chiqsa bormi, to Muqaddasning nomini oqlamaguncha tinchimayman. Hatto, biror yaqin tanishim bo`lsa ham ayamayman. Dugonam ekranda salbiy obrazlarni ham ijro etadi. Lekin hayotda juda ko`ngilchan, sodda qiz. Ba`zan «Buncha bo`shashasan, dadilroq bo`l», deb urishib beraman.
Muqaddas: – Jim yurganim bilan dugonam haqida biror noo`rin gap eshitsam, sherga aylanaman.
Shahzoda: – Etti yildan beri biror marta ham xafalashib qolmaganmiz.
– Yo`g`ey?..
Shahzoda: – Ha, rost. Arazlashib, biror mavzuda kelisholmay qolgan paytlarimiz bo`lmagan. Dugonam bilan yana bir o`xshashligimiz bor: ikkimiz ham mashina boshqaramiz-u, lekin shaharni yaxshi bilmaymiz (kuladi).
– Biror yoqqa borishlaringiz kerak bo`lsa, nima qilasizlar?
Shahzoda: – Agar uzoqroq joyga boradigan bo`lsak, taksi to`xtatamiz-da, manzilni tushuntirib, uning ortidan ergashib ketaveramiz.
Muqaddas: – Etib borgach, haydovchi bilan hisob-kitob qilamiz-u, shu bahona yo`lni o`rganib olamiz.
– Bir-biriga qalqon bo`la oladigan dugonalar aktrisa sifatida raqobatlashadimi?
Muqaddas: – Yo`q, biz raqobatchi emasmiz! Bir voqeani aytaman, rejissyor Jahongir Ahmedovning «Baxt ortidan» filmida suratga tushishim kerak edi. S`yomka ishlari xorijda o`tkazilishi rejalashtirilgandi. Jo`nab ketish uchun hamma narsa taxt, samolyot chiptalari ham olingan paytda oyog`im sinib qoldi. Birgina meni deb hammasini bekor qilib bo`lmasdi-ku. Xullas, Jahongir aka Shahzodani chaqirib, «Dugonangizning o`rniga siz shu rolni o`ynang», debdi. U bo`lsa, «Bu o`rtog`imning roli, nega men ijro etishim kerak?» deb rad qilibdi. O`shanda Shahzodaning oqibatiga yana bir karra ishonchim ortgan. Jahongir aka ham «Haqiqiy do`st ekan, qoyil qoldim», degandi.
Shahzoda: – «Cho`loqlanib bo`lsa ham, Muqaddasni o`zi boradi», degandim. Chunki bu rejissyor bilan ishlashni u juda xohlagandi-da. Qolaversa, dugonamning yuzidan o`tib, bunday qilolmasdim.
Muqaddas: – Jahongir akaning o`zi aytmaganida, bu gaplardan xabarim ham yo`q edi.
– Tasavvur qiling, kinosinovga ikkingizni ham taklif etishdi. Tag`in bitta rolga. Ammo bu haqida ikkingiz ham bilmaysiz. Xo`sh, buyog`i nima bo`ladi?
Shahzoda: – Pavilonda uchrashib qolgudek bo`lsak, «Vo-o-oy seni ham chaqirishdimi?» deb ko`rishamiz-u, bir-birimizga omad tilab sinovda qatnashaveramiz.
Muqaddas: – Qay birimiz rolga tasdiqlansak ham, gina-qudrat bo`lmaydi.
– Ahilchiligingizga ko`z tegmasin-u, biroq atay o`rtangizga sovuqchilik solishni istaganlar ham topiladi-da.
Shahzoda: – Sekin aytasizmi, bunaqalar juda ko`p.
Muqaddas: – Lekin shu paytgacha kimdir yoki nimadir sabab bo`lib, urishib qolmaganmiz. Oxirigacha shunday bo`lsin! Men nazar-nafaslardan juda qo`rqaman. Ko`z tegishiga ham ishonaman. Har doim «Birovning yomon nazaridan o`zing asra», deb duo qilaman.
Shahzoda: – Men sizga nima degandim, dugonam juda samimiy va oqko`ngil qiz.
– Eng to`g`ri tanqidni faqat yaqin insoninggina ayta oladi, to`g`rimi? Keling, aktrisa sifatida bir-biringizning kamchiliklaringizni sanab o`tamiz. Kim boshlaydi?
Shahzoda: – Nechta aytish kerak?
– Shunchalik ko`pmi?
Shahzoda: – (kuladi) Yaxshi, Muqaddas sen boshla.
Muqaddas: – Bilmasam, dugonam ijodini mendan avval boshlagan. O`z muxlislariga ega aktrisa. Nimasini aytsam ekan.
– Siz o`ylab turing, ungacha Shahzodadan eshitamiz.
Shahzoda: – So`nggi paytlarda salbiy rollarni ko`p ijro etayapti. Garchi bu kamchilik hisoblanmasa-da, ko`proq ijobiy obrazlarni gavdalantirishini istardim. Odamlarimizni bilasiz-u, ekrandagi obrazni ko`rib, hayotda ham shunday ekan deb o`ylashadi. O`z ustida ishlasa, ijobiy qahramonlarni ham maromiga etkaza oladi.
Muqaddas: – Shahzoda, berilgan kino ssenariysining faqat o`ziga tegishli bo`lgan qismini o`qiydi-da, qolganiga e`tibor bermaydi. S`yomka kunlari belgilangachgina, ssenariyni to`liq o`qib chiqadi. Mana shu odatini to`g`irlasa, o`zi uchun foyda qilgan bo`ladi, nazarimda.
Shahzoda: – Vaqtim tig`iz bo`lgani uchun ham shunday qilaman-da, o`rtoq.
– Teatr va rassomchilik institutiga hujjat topshirmoqchi edinglar?..
Shahzoda: – Ha, shunday niyatimiz bo`lgandi. Ammo bu yil kech qoldik. Muqaddasning farzandi bor, men esa yangi atele va liboslar salonini ochdim, hozir faqat shular bilan bandman.
Muqaddas: – Aslida, bu yil birga hujjat topshirishni reja qilgandik. Ammo nasib qilmadi.
Shahzoda: – Buning ustiga, diplomimni ham yo`qotib qo`yganman. Benkov nomidagi dizayn va rassomchilik hamda Iqtisodiyot universitetini tamomlaganim haqidagi diplomlarim yo`q. Qaerga qo`yganman, sira aqlim etmayapti. Hujjatlarning dublikatini to`g`irlashga esa vaqt kerak. Shular ham rejamizga xalaqit berdi. Agar turmushga chiqib ketmasam, kelasi yil, albatta, o`qishga kiramiz.
– Oila qursangiz, o`qimaysizmi?
Shahzoda: – Ham oila, ham s`yomkalar, bir tarafda atele ishlari — qiynalib qolsam kerak, deb o`ylayapman.
– Professional aktrisa bo`lish uchun, albatta, o`qish kerak. Muhimi qobiliyati bo`lsin deyishadi-yu, ammo ustoz ko`rgan san`atkorlar hamisha bir pog`ona yuqorida turishadi.
Shahzoda: – Haqsiz! Albatta, o`qiymiz. Aktrisa bo`lishni astoydil niyat qilgandik, mana oz bo`lsa-da, orzumiz amalga oshdi. Vaholanki, ikkimizning oilamizdagilar ham bunga qarshi bo`lishgan. Demak, hali hammasi oldinda.
Muqaddas: – Dadam tanlovimga qarshi edi. Hozir esa o`qishimga rozi.
Muqaddas, samarali ijod qilayapsiz, ketma-ket rollar, kliplar... Ishingizdan ko`nglingiz to`layaptimi?
Muqaddas: – Rostini aytsam, yo`q! Yuragim jiz etgan rol bo`lmadi hali. Ilgarilari ssenariy berishsa, tezroq tanilishim kerak, deb ijro qilaverardim. Onam «Unday qilma, avval tanishib chiq», deb ko`p gapirgan. Ammo quloq solmasdim. Ishtirok etgan bir-ikkita filmlarimni tomosha qilganimdan so`ng onam to`g`ri aytgan ekan deb, uyalib qoldim. Hozir har bir ssenariyni yaxshilab o`qiyman. Rollarga ham jiddiy yondashayapman.
– Shahzoda sizni ijodingizda nima yangiliklar? Oxirgi paytlarda kamnamosiz?
Shahzoda: – Filmlarda suratga tushmayapman. Asosan dizaynerlik ishim bilan bandman. Negadir, kinodan zerikdim. Balki ketma-ket rol ijro qilganim uchunmi yoki yaxshi ssenariy bo`lmayotganigami, qanday qilib tushuntirishni bilmayapman. Ehtimol, yangi ish boshlaganimgami, xayolimda liboslar eskizi, turli-tuman g`oyalar... Ammo kino ko`rinmayapti.
Muqaddas: – Ikkita ateleni boshqarish oson emas. Menimcha, kinodagi biror taklifni qabul qilsang, s`yomka ishlariga chalg`ib qolishingdan cho`chiyapsan.
Shahzoda: – Menimcha ham shunday. Atelega kelgan har bir mijoz bilan shaxsan o`zim suhbatlashaman. Didiga mos qilib libos eskizini chizamiz. Qolaversa, ishchilarni ham nazorat qilib turish kerak.
– Mijozlaringizni o`ylayapsiz-u, ammo muxlislaringiz-chi?
Shahzoda: – Ozgina tanaffus qilsam, muxlislarim meni tushunishadi, deb o`ylayman. Yaqinda ham ikkita serialdan taklif tushdi. Ammo rozi bo`lmadim. Chunki serialning suratga olish ishlari yarim yildan ko`proq vaqtni egallaydi. Ayni dam bunga imkoniyatim yo`q.
– Takliflarni rad qilaversangiz...
Shahzoda: – Chaqirmay qo`yishlari mumkin demoqchisiz-da? Ishlarimni yo`lga qo`yib olay, yana kinoga qaytaman.
– Atrofingizda gap-so`zlar haqida so`rasam?..
Muqaddas: – Dedi-dedilar tinch yashashga xalaqit beradi. Ammo na iloj, aktrisalarning hech biri gap-so`zlardan xoli emas. Bunday munosabatga ota-onam ham ko`p yillar davomida sabr qilib kelishgan. Ulardan o`rnak olib, men ham og`ir-bosiqlik bilan yondashishni o`rganayapman.
Shahzoda: – Lekin Gulchehra opa bilan Sa`dulla akaning yoshligida internet, turli xil ijtimoiy saytlar bo`lmaganda.
Muqaddas: – To`g`ri aytasan. Bular ham ig`voning tarqalishiga hissa qo`shayapti. Avvallari san`atkor bo`lsam, chiroyli kiyinib, suratga tushib, muxlislarimga dasxat ulashaman, deb shirin xayollarga berilarkanman. San`atning ichiga kirgach, tasavvurim o`zgardi. Ammo ortga yo`l yo`q!
– Xonandalikda ham o`zingizni sinab ko`rdingiz. To`y xizmatlariga ham chiqayotgandingiz. Nega ijodingiz to`xtab qoldi? Yo raqobat cho`chitdimi?
Shahzoda: – Kichikligimdan xonanda bo`lishni orzu qilardim. Aktrisalik umuman xayolimga kelmagan. Bir-ikkita rollarni ijro etgach, konservatoriyaga kiraman, qo`shiq kuylayman dedim. Ammo atrofimdagi turli gap-so`zlar meni chalg`itdi. Avval aktrisa sifatida tanilib, keyin xonandalikni boshlaganimga juda afsuslanaman.
Muqaddas: – Qo`shiq aytishni juda yoqtiradi. Yo`l-yo`lakay biror ashulani xirgoyi qilishini aytmaysizmi?
Shahzoda: – Uy yumushlarini bajarayotib qo`shiq kuylaganimda ham o`zimni sahnada turgandek his qilardim. Katta orzum edi-da bu! Ammo hozircha xonandalik faoliyatimni to`xtatib turibman. Shu kungacha o`ntacha qo`shiq yozdim, uchtasiga klip suratga olindi. Bir tarafdan moliyaviy masalalarda ham qo`lim salgina kaltalik qildi. Shou-biznesda o`rnimni topaman desangiz, yo ijodingizga pul tikadigan otangiz, yo baquvvat «homiy»ingiz, yoki shartnoma asosida ishlashni taklif qiladigan kompaniyalar bilan kelishishingizga to`g`ri keladi. Menda puldor «homiy» yo`q. Otam yoshligimda vafot etgan, shartnoma bilan ishlashni esa qabul qilolmayman. Otam rahmatli asos solgan biznesni rivojlantirib, bugun o`z kunimni ko`rayapman. Biror kompaniya bilan kelishuv imzolasam, shak-shubhasiz uning yo`rig`iga yurishim, aytganini qilishim kerak. Kimnidir menga buyruq berishini esa ko`tarolmayman.
– Qizlar, mazmunli suhbatingiz uchun rahmat! Ijodingizga rivoj tilaymiz!
Blis: Muqaddas haqida
– Ishni sekin bajaradi, har doim kech qoladi, ishonuvchan — qaysi ta`rif dugonangizga mos?
– Kechikib yuradi.
– O`ziga nisbatan nohaqlik qilinayotganini sezsa, qanday javob qaytaradi?
– Yig`laydi.
– Uni tavakkalchi deyolamizmi?
– Yo`q, tavakkal qilishdan qo`rqadi.
– Uchtasidan qay birini Muqaddas bajara oladi, sizningcha, rep yo`nalishida kuylash, tanovor raqsini ijro etish yoki balet tushish?
– Tanovorga raqs tusholsa kerak.
Blis: Shahzoda haqida
– Sirini kimgadir ishonib pand eganmi?
– Bo`lib turadi.
– So`nggi bor qachon ko`zyosh to`kkanini ko`rdingiz?
– Bugun. Intervyuga kelayotganimizda yig`lab oldi.
– Kinoda qaysi rolini ijro etishga qiynalgan?
– Xabarim yo`q ekan, menimcha hech birida qiynalmaydi.
– Tasavvur qiling, moddiy tarafdan qiyin vaziyatga tushib qoldi. Qarshisida tikuvchilikdan tashqari yana uchta yo`l bor, u qay birini tanlaydi? Ingliz tilida repititorlik qilish, pishiriq tayyorlab sotish, kliplarga suratga tushish.
Shahzoda: – O`zim javob beray, pishiriq tayyorlab sotaman. Shirinliklarni tayyorlashga qiziqaman.
Dildora YuSUFBEKOVA tayyorladi.