AsosiyShou-biznes

​Munisa va Karima Rizaevalar: “Nima bo`lsa ham, dadam doim biz taraf”

'​Munisa va Karima Rizaevalar: “Nima bo`lsa ham, dadam doim biz taraf”'ning rasmi

Bu san`atkorning fe`l-atvorini yaxshi bilsam-da, ish masalasida o`ta mas`uliyatli ekanligini yana bir bor kashf qiloldim. Suhbatning boshlanishiga sanoqli soniyalar qolganida singlisining kelolmasligini eshitgan Munisa Rizaeva unga shunday tanbeh berdiki, ortiqcha izohga hojat ham qolmadi. Roppa-rosa yarim soatdan so`ng esa intervyuni boshlab yubordik.

– Adashmasam oilada uch farzandsizlar?

Munisa: – Ha, katta opam, men va Karima. Uch qizmiz. Opam turmushga chiqqan, uch nafar farzandi bor, oilasi bilan Londonda yashaydi. Singlim Karima universitetni tugatib, Toshkentga qaytdi. Bugungi kunda «Munis» do`konini boshqarayapti. Men haqimda esa yaxshi bilasiz (kuladi).

– Opa sifatida singlingizga qattiqqo`l bo`lsangiz kerak?

Munisa: – Keragidan ortiq deyavering. Karima oilamiz kenjasi bo`lgani uchun yaxshigina erkaligi bor, ammo mendan hayiqib turadi. Sal avval o`zingiz ham guvoh bo`ldingiz, urishib berdim. Kichikligidan hamma uning ko`ngliga qaragan, ayniqsa, dadam hech qaysi istagiga yo`q demagani bois bugun salgina qaysarligini ko`rsatib turadi. Ammo hayot bir tekis emas, o`ziga yarasha qiyinchiliklari bor. Singlim men qilgan xatolardan xoli bo`lishini istayman. Shunga ham tergab, kezi kelganida tanbeh berib turaman. Gapirsam xafa bo`ladi, «Nega meni urishaverasiz», deb. Lekin oxir-oqibat aytganimni qiladi.

– Chindan ham shundaymi, Karima?

Karima: – Kimdir sizga tanbeh bersa, albatta, xafa bo`lasiz, arazlaysiz. Ammo Munis meni opam, yaxshi bo`lsin, deb gapiradi. Jaxlim chiqsa ham, rost so`zlayotganini bilaman va fikriga quloq solaman.

Munisa: – Ba`zan o`z bilganicha ish qilib, so`ng «To`g`ri aytgan ekansiz, bekor sizga quloq solmabman», degan paytlari ham bo`lgan.

– Nazarimda, opa-singillarning xarakteri har xil?

Karima: – Uchalamiz uch xilmiz.

Munisa: – Dunyoqarashlarimiz turlicha. Bir xil tarbiya olganimizga qaramay fikrlashimiz bir-birimiznikidan tubdan farq qiladi. Ota-onamiz barchamizga birdek munosabatda bo`lishgan, faqat men va opamga ruxsat berilmagan ayrim narsalar Karimaga mumkin bo`lardi, negadir.

– Karima, opangizning xarakteridagi aynan qaysi jihatni o`zingizda ko`rishni istardingiz?

Karima: – Munisning xarakterini hurmat qilaman. O`zimnikidan ham ko`nglim to`q. Undagi biror sifat menda ham bo`lishini o`ylamaganman-u, lekin liboslari meniki bo`lishini xohlardim (kuladi).

Munisa: – Haligacha shunday. Garderobimdagi biror kiyimning yo`qligini ko`rsam, bilamanki, bu Karimaning ishi.

Karima: – Menimcha, bu hamma opa-singillarga xos odat. Siz ham mening kiyim javonimga mo`ralab turasiz-u.

– Munisa odam ajratadi degan fikrga nima deysiz, Karima?

Karima: – Yo`q, bu noto`g`ri. Opam odam ajratishni bilmaydi. Bu odat ko`proq menga xos. Munis juda ko`ngilchan, ishonuvchan qiz. Tanigan-tanimagan odamiga ham yaxshilik qilib ketaveradi. Kuyinchaklik menda ham bor, ammo bu fazilatimni faqat yaqinlarimga, astoydil ishongan insonlarimga nisbatan qo`llayman.

– Lekin o`zi va atrofidagilarga nisbatan juda talabchan, to`g`rimi?

Karima: – Bu fikringizga qo`shilaman. Ayniqsa ishga nisbatan o`ta mas`uliyat bilan yondashadi. Hatto «Bu singlim-ku» deb ham o`tirmaydi, agar birga ishlaydigan bo`lsak.

– Bu qadar talabchanlikning o`ziga yarasha yuki bo`ladi. Salgina engillashishni istamaysizmi, Munisa?

Munisa: – Menga qolsa, juda ko`p istaklarim bor, lekin sustkashlik qilolmayman. Oyoqni uzatib yotaversangiz, osmondan pul tushmaydi-ku. Harakatda baraka, mana, mening shiorim! Nafaqat san`atimga, balki biznes masalasida ham o`ta talabchanman. Umuman har qanday mavzuga jiddiy qarayman. Ish masalasida singlim bo`ladimi yoki boshqa biror yaqinimmi, mas`uliyatni talab qilaman.

– Bir-biringiz bilan bo`lishgan siringizni ota-onangizdan yashirgan paytlaringiz bo`lganmi hech?

Munisa: – Yo`q! Hech qachon bunday bo`lmagan. Karima bilan oramizdagi farq etti yil. Biror gapimni qulog`iga ilmasa, dadam orqali ta`sir o`tkazaman. Dadamning gapini erda qoldirolmaydi-da. Onam bilan esa dugonalardekmiz, biror marta qattiq so`zlaganini eslolmayman.

Karima: – Onam bilan haqiqatan ham juda yaqinmiz. Bemalol sirlasholamiz, fikr almashamiz. Dadam bilan esa o`ylab muomala qilaman. Gapirmoqchi bo`lganlarimni avval xayoldan o`tkazib olaman-da, keyin yuzlanaman.

Munisa: – Oilamizda bir-birimizdan yashirgan sirimiz yo`q. Xoh bu shaxsiy hayot bo`lsin, xoh ish yoki tanish-bilishlar bilan munosabatlar, ota-onamiz biz haqimizda hammasini biladi. Kimlardir otamga gapirib qoladi «Qizingizning mast ahvoldagi suratini ko`rdim», deb. «Munis spirtli ichimlik ichmaydi, agar buning aksi bo`lganida men bilardim, chunki qizlarimning mendan yashiradigan siri yo`q», deydi dadam javoban. Kichikligimizdan ota-onamiz bizga erkinlik berib, ko`ngling tusagan ishni qil, ammo bu sening hayoting ekanligini unutma, deb tarbiya berishgan.

Karima: – Otam aytardi «Uni qilma, bu ish mumkin emas, deganim bilan, baribir, o`z bilganingni qilasan. Yaxshisi, hech nimani yashirma», deb. Bolalikdan o`z holimizga qo`yib berishgani bilan bizga bildirilgan ishonchni yo`qotmaganmiz.

Munisa: – Kimlardir atrofingizdagilarning ta`siri bo`ladi, deydi. Ishonsangiz, shu paytgacha hech kim menga ta`sir o`tkaza olmagan. Nafaqat men balki opam va singlimda ham shunday. Bir necha yillar oldin atrofimdagi «do`stlarim»ning ichida yaxshisi ham, yomoni ham bo`lgan. Bugun esa ularning hech biri yonimda emas. Ota-onam, opam, singlim va ijodiy jamoam – shular bugun mening atrofimdagilar.

Karima: – Xorijda bir o`zimiz yashagan paytlarimiz ko`p bo`lgan. Nazorat yo`q, hech kim tergamaydi, lekin shunda ham ortiqcha harakat qilmaganmiz. Chunki tarbiyamiz bunga yo`l qo`ymasdi.

– Hamma gap odamning o`ziga bog`liq demoqchisiz-da?

Munisa: – Albatta! Noma`qul yo`lga yuraman degani, eshikni yopsangiz, darchadan bo`lsa ham, yo`l topadi-da, maqsadiga erishadi. Chunki uning o`zi shuni istayapti-da. Aksi bo`lganida-chi, boshidan zar yog`dirmaysizmi, o`z tushunchalariga sodiq qoladi. Fursatdan foydalanib, ayrim yoshlarga e`tirozim borligini aytmoqchiman. Qizlar o`z qadrini bilmay qolayapti, yigitlar mas`uliyatni unutishgan. Yana deng o`z ustida ishlashmaydi, izlanishmaydi. Nega shuncha imkoniyatlar turganida foydalanmasliklarini anglolmayman. Ijtimoiy tarmoqlarga biror izoh yozishda ingliz yoki rus tiliga murojaat qilsam, norozi bo`lishadi «Biz tushunmaymiz, o`zbekcha yozing», deb. Uyat emasmi, chet tilini bilmayman deyish?! Ertalabdan kechgacha internetda o`tirgandan ko`ra til o`rganishsin, kitob o`qishsin. Shular ko`proq foyda keltiradi-ku axir. Singlimga ham ko`p aytaman, o`zing harakat qil, o`qi, izlan, oyoqqa tur, hech kimdan umid qilma, faqat o`zingga ishon, deb. To`g`ri, yaqinlarimiz yordamini ayamaydi, ammo ertaga nima bo`lishi faqat Yaratganga ayon. Men singlimning qiynalishini, qo`polroq bo`lsa ham, aytaman, sinib qolishini istamayman. Hozir zamon shunday bo`lib qoldi, hech kimga ishonib bo`lmaydi. O`zini-o`zi eplab yurgan men ham vaqti kelganida aldanib qolaman, xato qilaman. Ahamiyat bergan bo`lsangiz, so`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlardan ancha uzoqlashganman. Instagramga deyarli surat qo`ymayapman. Ijodim bilan bog`liq yangiliklar bo`lsagina bo`lishayapman. Karimaga ham talabim shu, internetga kamroq kirsin.

– Muxlislaringiz norozi bo`lishmayaptimi bundan?

Munisa: – Kim nima desa deyaversin, haqiqiy muxlis o`zini qiziqtirgan ijodiy yangilikni izlab topoladi. O`zimni hadeb ko`z-ko`z qilaverishni yoqtirmayman, bilasiz. Intervyu kam beraman, televidenieda ham ko`p chiqavermayman, hatto qo`shiq yozishimda ham shunday. Bir haftada o`nta qo`shiq chiqargandan nima naf?

– Kimdir sen haqingda gapirsa, qalbingda chumolidek nafrat paydo bo`ladi. Uni o`sha zahoti yanchib tashlamasang, u bora-bora ajdahoga aylanishi mumkin, deb o`qigandim yaqinda. Munisa o`zi tomonga otilayotgan «tosh»larga dosh berolayaptimi?

Munisa: – Meni xafa bo`lishim besh daqiqalik. Jahlim chiqadi, achchiqlanaman, keyin bir necha daqiqadan so`ng unutib yuboraman. Ba`zan ko`cha-ko`yda biror dugonam yoki tanishimni uchratib qolsam, indamay yonimda o`tib ketadi-yu, men o`yga tolaman «Nega so`rashmadi, urishib qolmaganmidim u bilan», deb. Lekin sira eslolmayman, nima gap-so`z bo`lganini. Kimgadir nisbatan nafratni o`zimda ushlab o`tirmayman, chiqarib yuboraman.

– Siz-chi, Karima?

Karima: – Men hamma narsani yuragimga yaqin olaman. Vaholanki dadam ko`p aytadi «Gap-so`zlarga e`tibor berma, kim nima desa deyaversin, sen o`zigga ishon», deb. Lekin kimdandir ranjisam, kek saqlamayman, tezda unutib yuboraman.


– Ta`sirchan insonligingizga qaraganda opangiz to`g`risidagi mish-mishlar og`ir botsa kerak?

Karima: – Juda ham! Munisni menga yomonlagan yoki u haqda biror noo`rin gap qilgan odam men uchun yo`q hisob! Kim bo`lishidan qat`i nazar ayab o`tirmayman.

– Eshitgan yoki o`qiganlaringizni Munisaga aytasizmi?

Karima: – Aytadigan va aytilmaydigan gaplar bor. Uni ranjitadiganlarini, yaxshisi, bildirmay qo`ya qolaman. Ortiqcha tashvishga qo`yib nima qildim.

– Hamisha barchaning diqqat-e`tiborida bo`lish qiyin emasmi, Munisa?

Munisa: – Shou-biznesda meni yoqtirmaydiganlar ko`p. Buni ochiqchasiga aytolaman. Lekin ularga nisbatan ginam yo`q. Yaxshiga o`n chandon yaxshiman, yomon munosabatda bo`lganlar bilan esa hech qanday muomala qilmayman. Siz aytayotgandek, hamisha e`tibordamanmi, demak, oldindaman.

– Avvalgiga qaraganda ehtiyotkorroqsiz yoki menga shunday tuyulayaptimi?

Munisa: – Ilgari men uchun hamma yaxshi edi. Ammo boshim devorga urilaverib, juda ehtiyotkor bo`lib qoldim. Hozir atrofimdagi insonlar doirasi u qadar katta emas.

– Karima, agar Munisa hech nima qilgim kelmayapti desa....

Karima: – Yo`-o`-o`q, unda bu Munis bo`lmay qoladi. Lekin dam olgani biror erga borsak, uxlab, hordiq chiqaradigan odati bor. Chet elga sayohat qilsak ham, uxlashni yoqtiradi. «Yuring aylanib kelamiz, shaharni tomosha qilamiz», deb qancha gapirmay «Yil davomida tinim bilmay ishladim, uxlab olay», deydi.

Munisa: – Bu ham yilda bir marta ramazon oyida bo`ladi. Faqat shu paytdagina dam olishim mumkin.

Karima: – Qolgan paytlari tinimi yo`q. Hatto, tobi bo`lmasa ham, tinch o`tirmaydi. O`zim ham hayron qolaman, shuncha g`ayratni qaerdan oladi deb. Bolaligimizda men erinchoqroq edim, oyim «Ko`chaga chiq, tengdoshlaring bilan o`yna», deb joyimdan qo`zg`ata olmasdi. U esa uyda o`tirmasdi.

Munisa: – (kuladi) O`g`il bolalar bilan futbol o`ynardim, boks, karate, ushuga borardim, vokalga ham ulgurardim.

Karima: – Lekin hozir ancha harakatchan bo`lib qolganman. Sport bilan shug`ullanaman, Munis esa bunday yumushlarni yoqtirmay qolgan.

– Opangiz ijrosida eng sevimli taronangiz?

Karima: – Hamma qo`shiqlarini yaxshi ko`raman! Men Munisning eng ashaddiy muxlisiman! Har bir yangi qo`shig`ini birinchilardan bo`lib telefonimga yuklab olaman. Uyali telefonimning musiqiy jovonida Munisning barcha ashulalari bor.

– «Ota-ona» qo`shig`iga ishlangan klipda Karima volidangizning yoshligini ijro etdi. Bu fikr kimdan chiqqandi?

Munisa: – Singlim onamning yoshligiga o`xshaydi. Klip rejissyorining taklifi bilan uni shu rolga taklif qildik.

– Suratga olish jarayonida qiynalmadingizmi, Karima?

Karima: – O`ziga yarasha qiyinchiligi bo`ldi. Ayniqsa, to`lg`oq boshlanadigan sahnalarda juda hayajonlandim. S`yomka maydonidagi shifokorlarning yo`l-yo`rig`i bilan ko`zi yoriyotgan ayolni ijro etishga harakat qildim. Tasvirga olish ishlari qizaloqlar ham qatnashishgandi. Bir necha kun ichida ularga bog`lanib qolgan ekanman.

– Yaqinlaringiz qo`shiq va unga ishlangan klipni qanday qabul qilishdi?

Karima: – Onam qo`shiqni Munisning konsertida eshitdi. Ota-ona to`g`risida tarona ijro etilishini aytib, hayajonga berilmasligini so`ragan bo`lsam-da, ko`z yoshlarini arang ushlab turdi.

– Munisa «Lol bo`laman» nomli qo`shig`ingiz haqida so`rasam, ko`pchilik uni xorazmcha deb o`ylagandi.

Munisa: – Musiqasida xorazmcha ohanglar bor, ammo sof xorazm shevasida kuylamadim. Lekin muxlislarim yaxshi kutib olishdi. To`y xizmatlarida ham ko`p so`rashayotganidan manzur bo`lganini bilayapman. Rostini aytsam, bu qo`shiqqa katta umid bog`lagandim. Chindan ham kutganimdek bo`ldi.

– So`nggi paytlarda milliy musiqaga ko`proq murojaat qilayotgandeksiz?

Munisa: – Bu yil faqat shu yo`nalishda ijod qilishni reja qilganman. Albatta, har bir taronamda o`zimga xos bo`lgan uslubim saqlanib qoladi. Yaqin kunlarda yana bir yangi qo`shiqni havola etamiz. Eshitib, o`zingiz baho berishingiz mumkin.

– Karima, opangizning orzulari haqida bilasizmi?

Karima: – Munisa, hayotining har bir kunidan zavqlanib yashaydi. Eng katta orzusi mana bu deb biror nimani aytolmayman, balkim ular haqida bilmasman. Lekin singlisi sifatida o`z baxtini topishini, shirindan-shakar farzandlari bo`lishini tilab qolaman.

– Munisaga opa sifatida qanday ta`rif berasiz?

Karima: – Qattiqqo`l, talabchan, mehribon, kuyinchak opa. Hammani ko`ngliga yaqin olib, g`amxo`rlik qilaveradi, ammo ko`p ozor chekadi.... (ko`ziga yosh keldi). Uzr, bu haqda gapirish men uchun og`ir. Opamning qiynalishini ko`tara olmayman, ich-ichidan azoblanayotganini ko`rganimda qo`lini tutgancha yonida bo`lolaman, xolos. Istardimki, Munis hamisha kulib yursin, hech qachon g`am ko`rmasin! Zero u shunga loyiq!

– Yaxshi tilaklaringiz ijobat bo`lishini istab qolamiz!

Dildora YuSUFBEKOVA suhbatlashdi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar