Chamasi o`n yillar avval u haqida juda ko`p gapirishardi. San`at olamiga o`ziga xos ijrosi va imiji bilan kirib kelgan Shahriyor bir qancha muxlislar orttirishga ham ulgurgan edi. Ammo rep xonandasi kutilmaganda tanaffus oldi va yana kutilmagan tarzda sahnaga qaytdi. Biroq u endi avvalgidek emas! O`zi ham, qo`shiqlari ham o`zgargan! Sababi esa... Yaxshisi, barchasini suhbatdoshimizning o`zidan eshiting.
– Suhbatni ko`pchilikni qiziqtirgan savoldan boshlasak, ayni kunlarda Shahriyor nimalar bilan band?
– Zavq bilan aytolamanki, qizg`in ijod pallasidaman. Kuch-g`ayratim, shijoatim to`lib-toshayaptiki, ko`proq yangiliklar qilishga oshiqayapman. Bunda menga muxlislarimning qo`llab-quvvatlashi katta yordam berayapti. «Shahriyor ijod qiling, siz bizga keraksiz», degan so`zlar yanada olg`a intilishim uchun turtki bo`layapti desam, xato bo`lmaydi.
– Aytavering endi!
– O`zbek shou-biznesi vakillari bilan hamkorlikdagi ishlarimizni taqdim etganimdan so`ng xorijiy san`atkorlar bilan tayyorlanayotgan loyihalarni tanishtiraman. «Hammasi yolg`on», «Begonamiz», «Izhor» singari so`nggi taronalarim yaxshi kutib olindi, o`ylaymanki, keyingilari ham e`tibordan chetda qolmaydi.
– Rep yo`nalishida ijodni boshlab, bugun milliy va zamonaviy estradaga ko`proq urg`u berayotganingiz boisi nima?
– Endigina san`atga kirib kelgan paytlarim 15–16 yoshda edim. O`smirlarga xos bo`lgan qiziqqonligim sababmi yoki rep yo`nalishiga shu qadar mehrim bo`lak edimi, xullas, ayni shu san`at turini mahkam tutgandim. Soddaroq aytganda, rep yo`nalishiga boshim bilan sho`ng`idim. Vaqt o`tib, sekin-asta o`zimni anglay boshladim va boshqa yo`nalishlarda ham o`zimni sinab ko`rish istagi paydo bo`ldi. So`nggi havola etilgan qo`shiqlarimni tinglasangiz, milliy ohanglar ishtirokidagi rep usulini ham ko`rasiz.
– Xo`sh, ijrongiz o`zingizga manzur bo`layaptimi?
– Albatta! Manzur kelmasa, kuylarmidim (kuladi). Qolaversa, yoshi katta insonlardan ham «Shahriyor, baraka top!» degan mazmunda maqtovlar eshitayapman.
– Ko`p yillardan buyon sizga muxlislik qilayotganlar-chi, ular qanday qabul qilishayapti qo`shiqlaringizni?
– Rostini aytsam, bugun kuylayotgan taronalarim barchaga birdek manzur kelayapti deyolmayman. Ijtimoiy saytlarda «Nega avvalgidek qo`shiqlaringiz yo`q?», «Repni unutib qo`yibsiz» degan fikrlar ham bo`layapti. Vaholanki, birdaniga katta o`zgarish qilganim yo`q, asta-sekin uslubimni yangilab borayapman, xolos. Ijodimga nisbatan bildirilayotgan fikr-mulohazalar men uchun nihoyatda muhim. Rep bu mening hayotim, ayni shu yo`nalishda tanildim, Shahriyor bo`ldim!
– Sizni yana bir rep ijrochisi – Shohrux bilan taqqoslashar edi.
– Ha!
– Buni qarangki, siz ijoddan chetlashgan paytda Shohrux ham tanaffus oldi. Tasodifni qarangki, ikkingizning sahnaga qaytishingiz ham deyarli bir vaqtga to`g`ri keldi?..
– (kuladi) Chindanam qiziq holat. Shohruxning sahnaga qaytganidan xursandman! O`z muxlislariga ega san`atkor. Ammo deyarli bir vaqtda ijodiy tanaffus olib, yana xuddi shunday sahnaga qaytishimiz, menimcha, tasodif bo`lsa kerak.
– San`atdan tashqari salom-alik bormi o`rtangizda?
– Tadbirlarda uchrashib qolsak, albatta, so`rashamiz, hol-ahvolimizga qiziqamiz, ammo shugina xolos. San`atdan tashqari do`stona bordi-keldimiz yo`q.
– Bundan chiqdi, bir-biringizga raqobatchi sifatida qarar ekansiz-da baribir?
– Yo`q! Shohrux menga raqobatchi bo`lmagan va bo`lmaydi ham! Men o`z-o`zim bilan raqobatdoshman.
– Bordi-yu aynan ikkingizni biror-bir loyihaga taklif etishsa, masalan, birgalikda duet kuylash, rozi bo`lasizmi?
– Buni vaqt ko`rsatadi. Hozir bir nima deyishim qiyin.
– Imijingiz o`zgaribdi, bu o`zingizning qaroringizmi yo biror kimning tanbehi?
– (kuladi) Unisi ham, bunisi ham. San`atga kirib kelgan paytlarim tashqi ko`rinishim bilan ko`p tajriba qilar edim. Bir xillikni yoqtirmayman-da. Bugun zamonaviy klassika uslubiga murojaat qilayapman. Qolaversa, yaqin do`stim, prodyusserim, maslahatchim Qobiljonning hissasi katta bunda. «Do`stim, kiyinishingni bunday qilsak-chi, mana bu soch turmagi ham chakki emas», deb gapiraverib, oxiri ko`ndirdi. Avvalboshdan keng shimlarim tog`alarim tomonidan ham tanqidga uchragan (kuladi). Mana, hammasining o`z vaqti-soati bor ekan, bugun tamoman boshqa Shahriyorman! Kim biladi, ehtimol yana soch turmagimni o`zgartirgim kelar...
– Bu hali hammasi emas, demoqchimisiz?
– (hirgoyi qilib) «Bu hali, hali hammasi emas» degan qo`shiq yodimga tushdi. Aytdim-ku, bir xillikni yoqtirmayman deb. San`atkor zamon bilan hamnafas bo`lishi kerak, o`zgarishlardan cho`chimasligi, yangiliklarga chanqoq bo`lishi lozim.
– Yuqorida milliy musiqa yo`nalishi haqida gapirdingiz. Shahriyor bu uslubni qay darajada tushunadi?
– O`zbekiston xalq artisti Sherali Jo`raev ijodiga hurmatim baland! Qo`shiqlarini eshitsam, sel bo`layozaman. Ayni kunlarda O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Sevara Nazarxonning «Tortadur» nomli musiqiy to`plamini tinglayapman. Bilasizmi, bu ikki san`atkor ijrosidagi taronalarni eshitib, o`zim uchun katta ma`naviy ozuqa olayapman.
– «Tashlandiq» filmidan keyin kinoda ko`rinmadingiz yo tanbehlar bo`lganmidi?
– Yo`q, «Tashlandiq»dagi rolimga nisbatan birorta ham tanbeh eshitmaganman, chin so`zim. Ehtimol kinotanqidchilarning biror e`tirozi bordir, ammo oddiy tomoshabin obrazimni yaxshi qabul qilgan. Buni ishonch bilan aytayotganim, har zamon boshimga kepka kiyib, ko`zoynak taqib taksiga chiqaman yoki do`stim Qobiljon bilan onda-sonda o`tkazadigan «kira operasiya»miz bor. Odamlarning men haqimdagi fikrlarini bilish uchun-da bular. Hali biror marta ham «Tashlandiq» haqida nojo`ya gap bo`lmadi. Kinolarda suratga tushishga kelsak, so`nggi o`n yil davomida yaratilgan filmlarda sehr yo`q! Bu bilan kimnidir tanqid qilmoqchi emasman, bunga haqqim ham yo`q, ammo shaxsiy fikrim shunday. Tomoshabinni qattiq ta`sirlantira oladigan filmlar qo`l bilan sanoqli. Aksariyati engil-elpi, saviyasiz kartinalar. «Tashlandiq» filmining ham kamchiliklari bordir ehtimol, lekin mavzu dolzarb edi.
– Suhbatimizni o`qiyotgan mushtariylar orasida Shahriyorning musiqiy bilimi qanday, deya qiziqqanlar bor?..
– Vokal bilan shug`ullanaman, ammo musiqiy bilimim yo`q. Ya`ni musiqa kolleji yoki konservatoriyada o`qimaganman. Estrada aktyori fakultetida ikki yil o`qidim, amaliyotim Operetta teatrida o`tgan. Ko`pchilik aytadi: «Musiqiy biliming bo`lishi kerak-ku» deb, ammo musiqa aniq fan emas. To`rt-besh yil tahsil olib, «O`rganib bo`ldim» deyish noto`g`ri, men umrimning oxirigacha san`at ichida yashashni, uni o`rganishni istayman. Bu men uchun xuddiki dunyoda bir dona bo`lgan noyob kitobni mutolaa qilishdek gap. Tezgina o`qib tugatishni xohlamayman.
– Oila qurgansiz?..
– Keling, oilaviy mavzuda suhbatlashmaylik. Bu mening shaxsiy hududim, unga daxl qilishlarini istayman. Meni to`g`ri tushundingiz, deb o`ylayman.
– Bir paytlar o`zini ko`rsatishni yoqtiradigan, qiziqqon Shahriyor bugun anchayin o`zgaribdi!
– Tashakkur! Hayot kutilmagan vaziyatlar, zarbalar, chigalliklar va albatta, yaxshi kunlardan iborat bo`larkan. Har biridan o`zingiz uchun xulosa chiqararkansiz. Qaysidir vaziyatlarda irodam charxlandi, qaysilaridadir zavqlanib yashash kerakligini tushundim, xullas, hayot meni tarbiyaladi. Oldinda esa bizni kelajak kutmoqda. U yorug` bo`lishi uchun har zamon ortimga nazar solib turishni kanda qilmayman.
– Ijodiy tanaffus hamkasblarning ro`yi-rost qiyofasini fosh etadi, ayniqsa, san`atkorlarda bu yaqqol sezilishi mumkin...
– Men nolishni yoqtirmayman, erkakka xos ish emas bu! Kimni qanday munosabatda bo`lishiga oddiyroq qarash kerak, chuqurlashsangiz, shunga yarasha savollar ham ko`payaveradi. «Qiyin paytimda do`stlarim tashlab ketdi» deguvchilar, ehtimol, mendan ham biror xatolik o`tgandir, qars ikki qo`ldan chiqadi axir, deb o`ylab ko`rishlari kerak. Hayotimni bag`ishlagan insonlarim mendan voz kechsa, sinishim mumkin, qolgani bekor. Yana, muhimi, muxlislarimning nazaridan qolmasam kifoya! Sahnaga qaytganimdan so`ng nojo`ya gap-so`zlar yoki kimningdir noo`rin munosabatini ko`rmadim. Avval hamkasblarim bilan qanday muomalada bo`lsam, hozir ham shunday.
– Javobingizdan kelib chiqqan holda, chin muxlislaringizning nazaridan qolmasligingizni tilab qolamiz!
– Rahmat!
Dildora YuSUFBEKOVA suhbatlashdi