Avvalroq O`zbekiston milliy jamoasi yarim himoyachisi Sardor Rashidov faoliyatini BAA proligasida davom ettirishi haqida xabar bergan edik. Futbolchi ushbu mamlakatning etakchi klublaridan biri - «Al-Jazira» bilan shartnoma tuzdi.
Kelishuv 2 yilga mo`ljallangan. Ma`lumot uchun aytish kerak, «Jazira» shu yil dekabr oyida Klublar o`rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etadi. Aynan shu holat ham Rashidovning ushbu jamoa taklifini qabul qilishida muhim omil bo`lib xizmat qildi.
Qolaversa, Qatarning ikki klubi birlashishi natijasida Sardor o`ynagan «Al-Jaish» faoliyatini to`xtatgandi. Aslida hamyurtimiz ko`plab jamoalardan chorlov oldi va yakunda aynan «Al-Jazira» libosini kiyishni ma`qul ko`rdi. Biz dam olish kunlari Sardor bilan bog`lanib, ayni mavzu yuzasidan intervyu oldik.
Sardor, avvalo, «Al-Jazira» jamoasi bilan shartnoma tuzganingiz sabab, tabriklaymiz. Xo`sh, bu variant qanday yuzaga keldi?
- «Al-Jazira» bosh murabbiyi va shaxsan klub prezidenti meni jamoa safida ko`rishni istashdi. Bu birinchi qadamni tashlashimda muhim omil bo`ldi. Qolaversa, «Al-Jazira»ning Klublar o`rtasidagi jahon chempionatida qatnashishi ham tanlov bo`yicha bir to`xtamga kelishimni osonlashtirdi. Chunonchi, salohiyatimni dunyosining grand klublariga qarshi o`yinlarda sinab ko`rish xohishi kuchlilik qildi. Umuman, buning vaqti ham kelgandi. Yana bir tomoni, «Al-Jazira» yakunlangan mavsum BAA chempionati g`olibiga aylandi. Xullas, hammasi bir bo`lib, BAA klubi taklifini qabul qildim. Bundan bag`oyat xursandman, albatta.
Bilishimizcha, oldingizda boshqa variantlar ham bor edi. Deylik, Qatar klublaridan ham taklif olganingiz haqida o`qidik? Ularni ham ko`rib chiqqandirsiz...
- Yo`q, ochig`i, Qatarda qolishni istamadim. Zero, faoliyatimda burilish yasashni xohladim. Agar Yulduzlar ligasida qolganimda, hozirgi imkoniyatga ega bo`lmasdim. Oddiy aytganda, o`zimni boshqa chempionatda sinab ko`rish istagi balandroq bo`ldi.
Umuman, «Al-Jaish»ning boshqa klub bilan birlashtirish qarorini qanday qabul qilishdi?
- Qatarning 2ta etakchi klubini birlashtirish g`oyasi mamlakat futbol federasiyasidan chiqqani aniq. Shaxsiy fikrim, bu unchalik to`g`ri qaror bo`lmadi. Har holda, birlashishda ma`no ko`rmayapman. Chunonchi, «Al-Jaish» OChLda muvaffaqiyatli ishtirok etadigan Qatar klublaridan biri edi.
Milliy federasiyaning ushbu qarori bilan chempionatdagi raqobatga ham ma`lum darajada putur etadi, menimcha. Axir «Jaish» chempionlik uchun kurash olib boradigan 3-4ta jamoa qatorida gavdalanayotgandi. Endi esa «Al-Sadd» va yangi tuzilgan jamoa qoldi, xolos. Xulosam shuki, bu qaror Yulduzlar ligasi saviyasi pasayishiga olib keladi. Shu bois ham, Qatarda qolish variantiga ijobiy qaramadim.
Shuningdek, BAAning yana bir klubi - «Al-Ayn»dan ham taklif olganingizni eshitgandik. Aytishlaricha, shaxsan Umar Abdulrahmon sizni o`z jamoasi safida ko`rishni istagan ekan.
- Ha, bu to`g`ri ma`lumot va uni tasdiqlayman. Bilishimcha, aynan Umar Abdulrahmon klub rahbarlariga meni xarid qilishni tavsiya etgan va ular nomzodimga qiziqib qarashgan. Lekin «Al-Ayn» kelasi mavsum OChLda qatnashmaydi. Zero, jamoa BAA chempionatida atigi 4-o`rinni egalladi.
«Al-Jazira» bilan tuzilgan 2 yillik shartnomangiz bandlari haqida ma`lumot bera olasizmi? Uning moliyaviy jihatlari «Al-Jaish»nikidan yaxshiroqmi?
- Albatta ijobiy tomonga o`zgarish bor. Shuning uchun taklifni qabul qilishda ortiqcha ikkilanmadim.
«Al-Jaish»da 10-raqam ostida o`ynadingiz. «Al-Jazira»da ham «10»ni tanlaysizmi yoki...?
- Afsuski, klubda bu raqamning egasi bor ekan - Muborak Bussufa. Bu futbolchi «Anji»da Odil Ahmedov bilan birga o`ynagan edi. Darvoqe, men bilan birga mashhur Lassana Diarra ham «Jazira» a`zosiga aylandi.
Xo`sh, o`zingizga raqam tanladingizmi?
- Hozircha yo`q. Ochig`i, raqamning alohida ahamiyati bo`lmasa kerak.
Klub tarkibiga qachon qo`shilasiz?
- 14 iyul kuni.
Demak, «Jazira» bilan hali to`liq tanishmagansiz. Jamoa qarorgohi, stadioni...
- «Al-Jazira» bazasi masalasida qandaydir shubhaga o`rin yo`q. «Manchester Siti»da qanday sharoit yaratilgan bo`lsa, «Jazira»da ham xuddi shunday. Chunki klub aynan «Manchester Siti» xo`jayiniga tegishli.
Alohida uy ajratishdimi?
- Bu masalani BAAga borgandan keyin hal qilamiz.
Bosh murabbiyning sizdan umidi katta ekan. U bilan gaplashdingizmi?
- Hali ulgurmadim. Hozirda murabbiy ta`tilda. Dubayga borgach, albatta, alohida gaplashib olamiz.
Arab diyorida sizni Krishtianu Ronalduga o`xshatishadi. Bunga qanday qaraysiz?
- Shunday taqqoslashlarni eshitish yoqimli. Lekin futbolchi avvalo, o`z nomi va o`yin uslubiga ega bo`lishi lozim. Xullas, men aynan shuni istayman.
Ronalduning «Real»dan ketishi haqida xabarlar urchidi. Siz bunga ishonasizmi yoki hammasi oddiy gap-so`z, shov-shuv ko`tarishmikan?
- Kim biladi, balki haqiqatdir. Ispaniyadagi soliq tizimidan nafaqat Ronaldu, balki Messi ham aziyat chekayotgani haqida o`qiyapmiz. Shu sabablimi, Krishtianu chindan ham, klubini almashtirmoqchidir. Menga qolsa, uning «Real»dan ketmagani yaxshi. Axir shunday taqdirda Klublar o`rtasidagi jahon chempionatida u bilan to`qnash kelishim mumkin.
Manba: "Interfutbol" gazetasi






