AsosiyJamiyat

​O`zbekiston Prezidenti Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o`rinbosari – tashqi ishlar vazirini qabul qildi

'​O`zbekiston Prezidenti Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o`rinbosari – tashqi ishlar vazirini qabul qildi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 11 iyul kuni Toshkentga amaliy tashrif bilan kelgan Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o`rinbosari – tashqi ishlar vaziri Rashid Meredovni qabul qildi.

Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari do`st Turkmaniston xalqiga va Prezident Gurbanguli Berdimuhamedovga o`zining chuqur hurmatini izhor etdi va samimiy salomini yo`lladi, deb yozadi O`zA.

Siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikasiya va madaniy-gumanitar sohalarda o`zaro munosabatlar izchil rivojlanib, mustahkamlanib borayotgani mamnuniyat bilan ta`kidlandi.

O`zbekiston Prezidentining Turkmanistonga shu yilning mart oyidagi ilk davlat tashrifi, may va iyun oylarida "Avaza" sayyohlik zonasi va Qozog`iston poytaxti Ostonadagi amaliy uchrashuvlar, shuningdek, ikki davlat rahbarlarining muntazam muloqotlari O`zbekiston bilan Turkmaniston hamkorligini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqqani va Strategik sheriklik to`g`risidagi shartnoma qoidalarini amalga oshirishni ta`minlayotgani qayd etildi.

Ayni paytda kelishuvlarga muvofiq O`zbekiston va Turkmaniston kompaniya va korxonalari qiymati 200 million dollardan ziyod qo`shma tashqi savdo shartnoma va bitimlarni amalga oshirmoqda.

Qishloq xo`jaligi mashinasozligi sohasida tizimli va uzoq muddatli hamkorlik yo`lga qo`yildi, Turkmanistonga navbatdagi paxta terish mashinalari, kultivator va boshqa zamonaviy texnikalar etkazib berildi. Shu oyda Ashxobodda Savdo-servis markazi o`z faoliyatini boshlaydi.

"O`zbekiston temir yo`llari" aksiyadorlik jamiyati korxonalari bazasida Turkmaniston temir yo`llari harakatlanuvchi tarkibini ta`mirlash va modernizasiya qilish ishlari olib borilmoqda.

Turkmanobod – Farob avtomobil va temir yo`l ko`priklari ochilgach, mamlakatlarimiz o`rtasida tranzit tashishlar hajmi sezilarli darajada ko`paydi. O`zbekistonning faqat temir yo`l orqali Turkmaniston hududidan o`tgan eksport yuklari hajmi 25 foiz oshdi.

Madaniy-gumanitar sohada ham hamkorlik jadal rivojlanmoqda. Toshkentda Ashxobod bog`ini tashkil qilish ishlari boshlandi. Sentyabr oyida sportchilarimiz Turkmaniston poytaxtida yopiq inshootlarda va jang san`atlari bo`yicha bo`lib o`tadigan navbatdagi Osiyo o`yinlarida ishtirok etadi.

Suhbat chog`ida mamlakatlarimiz o`rtasida amaliy hamkorlikni kengaytirish, strategik sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan yangi yo`nalishlarni belgilash va istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirish masalalari muhokama etildi.

Tomonlar mintaqaviy va xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar.

Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o`rinbosari – tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov Prezident Gurbanguli Berdimuhamedovning O`zbekiston xalqi va uning rahbari Prezident Shavkat Mirziyoevga chuqur hurmati va ezgu tilaklarini etkazdi. R.Meredov Turkmaniston ikki davlat o`rtasidagi keng ko`lamli hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanini ta`kidladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar