1

Namangan shahri hokimi "Navbahor" futbol klubi prezidenti etib tayinlandi

Sport 14.07.2017, 09:09
Teglar: Futbol
Namangan shahri hokimi "Navbahor" futbol klubi prezidenti etib tayinlandi

13 iyul kuni "Navbahor" klubi rahbariyati, murabbiylar shtabi va futbolchilar Namangan viloyat hokimi qabulida bo`lishdi. Namangan viloyat hokimligining kichik majlislar zalida tashkil etilgan marosimda jamoa a`zolaridan tashqari viloyatdagi homiy tashkilot rahbarlari ham ishtirok etishdi. Bu haqda "Navbahor" klubi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Marosim avvalida so`z olgan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati a`zosi, Namangan viloyat hokimi, viloyat futbol federasiyasi prezidenti Xayrulla Hayitboevich Bozarov so`z oldi. Viloyat hokimi yig`ilishdan asosiy maqsad "Navbahor" futbol klubiga yangi prezident tayinlash va ikkinchi davrani munosib tarzda o`tkazishni ta`minlashdan iborat ekanligini bildirdi. Bozarov yaqinda Namangan shahar hokimi sifatida ish boshlagan Shavkatjon Shokirdjanovich Abdurazzoqovni klub prezidenti sifatida yig`ilganlarga tanishtirdi. Viloyat hokimi klub prezidentining faoliyatini muvaffaqiyatli chiqishi bilan bir qatorda faoliyatiga omad tiladi.

So`zga chiqqan klub prezidenti Shavkatjon Abdurazzaqov birgalikda "Navbahor" jamoasini yuksak o`rinlarga olib chiqishdan umidvorligini bildirdi. Shuningdek, notiq o`z so`zida millionlar o`yiniga befarq emasligini, yoshlik chog`ida futbol bilan shug`ullanganligini aytib, jamoa ravnaqi va muxlislarni hursand qilish uchun hamjihatlikda ish olib borilishini ta`kidladi.

Shundan so`ng jamoa bosh murabbiyi Ilhom Mo`minjonov so`zga chiqib, jamoaning birinchi davradagi ishtiroki haqida so`z yuritib, ikkinchi davraga olib borilayotgan tayyorgarlik jarayoni haqida axborot berdi. Mo`minjonov ikkinchi davrani munosib tarzda o`tkazib jamoa muxlislarini hursand qilish asosiy maqsad ekanligini bildirdi. Aynan shu maqsadda tarkibga Abbos Maxstaliev, Doniyor Usmonov, Murod Rajabov va Mirzohid Mamatxanovlarni taklif etilganligini aytib, futbolchilarni yig`ilganlarga tanishtirdi. O`z navbatida murabbiy tarkibga yangi o`yinchilarni jalb etish borasida muzokaralar davom etayotganligini qo`shimcha qildi.

Bosh murabbiyning so`zlarini tinglagan viloyat hokimi jamoaga mahoratli hujumchi jalb etish kerakligini uqtirdi. Murabbiy bunga javoban bu borada ham muzokaralar davom etayotganligini aytib, birinchi davrani jarohat tufayli to`liq o`tkaza olmagan Ro`zimboy Ahmedovni safga qaytganligi sababli jamoada olib qolganligini bildirdi.

Viloyat hokimi Xayrulla Bozarov jamoaning birinchi davradagi ishtiroki haqida o`z fikrlari bilan o`rtoqlashdi:

- Maydonda futbolchilar chiroyli va mazmunli o`yin namoyish etishlari lozim. Raqib darvozasiga bitta gol urib, yutuqni ushlab qolish maqsadida harakat qilishni noto`g`ri deb o`ylayman. Chiroyli o`yin namoyish qilib taktik usullarni qo`llab g`alaba sari intilish o`yingohni to`ldirib o`tirgan muxlislarga quvonch baxsh etadi. Shundan kelib chiqqan holda yutuq uchun mazmunli o`yin orqali intilish kerak. Birinchi davrada jamoaning urgan gollari soni ancha kam bo`ldi. Kombinasion xatti-harakatlar orqali nafaqat gollar sonini balki yutuqlarni ham oshirish mumkin. Tajribali futbolchilar maydonda etakchilikni qo`lga olib jamoani munosib tarzda to`p surishini ta`minlashi lozim. Oldingi yillarda jamoaga bo`lgan e`tibor u qadar kuchli bo`lmagandi. Bu yildan vaziyat o`zgardi. Homiylarimiz "Navbahor"ni chempionatda munosib ishtirok etishi uchun yordam berib kelishmoqda. Buning uchun homiylarimizga katta rahmat. Futbolda moddiy ta`minot muhim sanaladi. Doimiy ravishda jamoalar moddiy tomondan qo`llab-quvvatlangan. O`zbek futboliga ham xorijiy investorlarni kirib kelayotganligiga guvoh bo`lmoqdamiz. Vaqti kelib "Navbahor"ga ham xorijdan homiylar topilar. "Navbahor" xalq jamoasi, shunday ekan hozircha mahalliy homiylar ko`magida jamoani ko`tarishga harakat qilamiz. Bunga javoban futbolchilar maydonda munosib o`yin ko`rsatib bildirilgan ishonchni oqlashlari kerak. Ikkinchi davrada "Navbahor"ga omad yor bo`lsin, - deya Bozarov o`z so`zini yakunladi.

Yig`ilish so`nggida futbolchilar nomidan Dilshod Jabborov yaratib berilayotgan shart-sharoitlar va bildirilgan ishonch uchun minnatdorchilik bildirib, ikkinchi davrada rahbariyat va muxlislar ishonchini oqlash uchun astoydil harakat qilishlarini aytib o`tdi.

Samimiy ruhda o`tgan yig`ilish shu asnoda yakunlandi.

Sharhlar

Tarixda ilk bor 48 ta jamoa ishtirok etadi. Futbol bo`yicha 2026 yilgi jahon chempionati formati tasdiqlanmoqda

15.03.2023, 11:00

FIFA navbatdagi jahon chempionati formati borasida qaror qabul qildi va uni tasdiqlashga yaqin turibdi, deya yozdi "zamon.uz".Bu 48 ta jamoa ishtirok etadigan birinchi jahon chempionati...
Italiya futboli yulduzlari Toshkentga keladi

07.05.2022, 09:03

Xabaringiz bor 17-18 may kunlari Toshkentda Italiya va O`zbekiston futboli afsonalari uchrashuvi o`tkazilishi rejalashtirilgan. O`zbek futbolining 110 yilligiga bag`ishlab o`tkazilayotgan ushbu o`yinda uzoq yillar davomida...
“Lokomotiv” bosh murabbiyi Sekeyra: “Bu tizim bilan O`zbekiston MTJ hech qachon jahon chempionatiga bormaydi”

23.10.2021, 22:16

Superliganing 23-turidan o`rin olgan "Qo`qon-1912" - "Lokomotiv" (2:1) uchrashuvidan so`ng mehmonlar bosh murabbiyi Mikael Sekeyra fikrlarini bildirib o`tdi.Portugaliyalik mutaxassis o`yindan keyin o`zbek futbolidagi tizimni keskin...
“Qayrat” jamoasi a`zolari joy olgan samolyot halokatga uchradi

22.10.2021, 14:47

Bortida Olmaotaning “Qayrat” klubi futbolchilari va murabbiylar shtabi bo`lgan samolyot halokatga uchradi. Bu haqda Vesti.kz xabar bermoqda.Qayd etilishicha, baxtsiz hodisa Olmaota xalqaro aeroportida ro`y bergan. FlyJet...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1