AsosiySport

Rasman: Eldor Shomurodov Rossiyaning “Rostov” klubiga o`tdi

'Rasman: Eldor Shomurodov Rossiyaning “Rostov” klubiga o`tdi'ning rasmi

Toshkentning “Bunyodkor” jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov keyingi faoliyatini Rossiya premer-ligasi vakili “Rostov” klubida davom ettiradi.

Birinchi davra oxirlarida “Bunyodkor” futbol klubiga Eldor Shomurodov transferi masalasida Rossiyaning “Rostov” klubidan taklif tushdi. Olib borilgan muzokaralardan so`ng Eldor Shomurodov “Bunyodkor”dan “Rostov”ga o`tdi.

Aytish joizki, “Bunyodkor” futbol klubi o`z tarkibidagi futbolchilarining biznikidan kuchliroq bo`lgan xorij chempionatlariga yo`l olishiga doimo ijobiy munosabatda bo`lib keladi. O`ylaymizki, Eldor Shomurodov Rossiya premer-ligasida to`p tepib, orttiradigan tajribasi va mahorati kelajakda O`zbekiston milliy terma jamoasi uchun foydali bo`ladi. Shomurodov so`nggi yillarda premer-liga bahslarida o`z o`rniga ega bo`lishgan Odil Ahmedov, Vitaliy Denisov, Vadin Afonin singari nom qozonib, Rossiya chempionatida munosib ishtirok etadi. Qayd etish kerakki, Eldor Shomurodov "Bunyodkor" FKdan Rossiya chempionatiga yo`l olgan o`zbekistonlik birinchi futbolchi bo`ldi.

Eldor Shomurodov "Bunyodkor"dagi ikki yarim yillik faoliyati mobaynida 83ta uchrashuv o`tkazib, raqiblari darvozasiga 22ta gol urdi.

“Bunyodkor” futbol klubi akademiyasi esa yangidan-yangi yulduzlarni kashf qilishda davom etadi. O`ylaymizki, futbol maktabimizda tarbiya topayotgan yosh futbolchilar uchun Shomurodovning “Rostov”ga o`tishi qo`shimcha kuch bag`ishlab, ularning o`z ustilarida yanada ko`proq ishlashiga va kelajakda mohir futbolchi bo`lib etishishiga turtki bo`ladi.

Boshqa yangiliklar