Bugun Milliy olimpiya qo`mitasida O`zbekiston qilichbozlik federasiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov Konferensiyasi bo`lib o`tdi. Uni Milliy olimpiya qo`mitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov olib bordi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar bermoqda.
Konferensiyada dastlab O`zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport davlat qo`mitasi raisi Rustam Qurbonov so`z olib, mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sport sohasiga qaratilayotgan davlat siyosati darajasidagi e`tibor va o`z navbatida bunday g`amho`rlik natijasida xalqaro maydonda, eng nufuzli musobaqalarda o`zbekistonlik sportchilar qayd etayotgan natijalar, erishayotgan yutuqlar hususida to`xtalib o`tdi.
Shu jumladan mamlakatimizda qilichbozlik sport turi ommaviyligini yanada oshirish, uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, sportning ushbu turi an`analarini qayta tiklash va rivojlantirish masalasi bugungi kun talabi ekanligiga alohida urg`u berib o`tdi.
Konferensiya kun tartibida tashkiliy masala ham ko`rib chiqildi. O`zbekiston qilichbozlik federasiyasiga so`nggi 10 oy davomida rahbarlik qilgan Adham Ilhamovich Ikramov mamlakatimizni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish, fuqarolar ijtimoiy farovonligini ta`minlash va yana boshqa ko`plab tashkiliy ishlar bo`yicha ish hajmi nihoyatda kattaligi va shu bois vaqt ziqligini e`tiborga olib, o`z hoxishlariga ko`ra federasiya raisi lavozimini topshirishga qaror qildilar.
Ta`kidlab o`tish lozimki, Adham Ilhamovich rahbarligida O`zbekiston qilichbozlik federasiyasi ishi sezilarli darajada jonlandi. Terma jamoalar uchun sportning ushbu turi taraqqiy etgan mamlakatlarda bir qator o`quv-mashg`ulot yig`inlari tashkil etildi. Ushbu yig`inlarda o`zbekistonlik sportchilar Olimpiya o`yinlari g`olib va sovrindorlari, jahon va Evropa chempionlari bilan birgalikda mashg`ulotlarda ishtirok etish, tajriba almashish imkoniga ega bo`lishdi.
Andijonda “Qilichbozlik majmuasi” foydalanishga topshirildi va bu sportchi hamda murabbiylar uchun o`ziga hos sovg`a bo`ldi. Endilikda poytaxtimizda ham sportning ushbu turiga ixtisoslashgan markaz qurib bitkazilishi rejalashtirilmoqda. Bu o`z navbatida terma jamoalarimizning bo`lajak nufuzli musobaqalarga munosib tayyorgarlik ko`rishi yo`lida tashlangan juda muhim qadam bo`ladi. Shunday ekan, Adham Ikramovning federasiya boshqaruvidagi faoliyatini hech ikkilanmay samarali bo`ldi deb ayta olamiz.
Konferensiyada O`zbekiston qilichbozlik federasiyasi raisi lavozimiga xaqiqiy sport jonkuyari, ko`p yillar davomida O`zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vaziri, Toshkent shahar hokimi lavozimlarida faoliyat yuritgan, hozirda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O`ta muhim ijtimoiy, madaniy va tarixiy ahamiyatga molik ob`ektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta`mirlash direksiyasi raisi Rustam Mavzurovich Shoabdurahmonov nomzodi ilgari surildi.
Delegatlar Rustam Shoabdurahmonov nomzodini bir ovozdan ma`qullashdi va uni qilizbozlik federasiyasi raisi lavozimiga saylashdi. Shuningdek, O`zbekiston qilichbozlik federasiyasining Bosh kotibi lavozimiga shu paytga qadar federasiya rais o`rinbosari lavozimida ishlab kelgan Muhammad Humoyun Ibragimov bir ovozdan saylandi.
Konferensiya yakunida federasiyaga yangi saylangan rais Rustam Shoabdurahmonov so`z olib, unga bildirilgan yuksak ishonch uchun eng avvalo davlatimiz rahbarlariga, shuningdek, Jismoniy tarbiya va sport davlat qo`mitasi va Milliy olimpiya qo`mitasiga o`z minnatdorchiligini izhor qildi.
-“Zimmamga qanday mas`uliyatli vazifa yuklanayotganligini juda yaxshi tushunib turibman. Shuni ishonch bilan ayta olamanki, O`zbekiston qilichbozlik federasiyasi ishini yangi bosqichga olib chiqish, sportning ushbu turini yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish yo`lida bor imkoniyatlarimni ishga solaman. O`z navbatida menga bildirilgan yuksak ishonch uchun minnatdorchilik izhor etaman” – dedi Rustam Shoabdurahmonov.
Ta`kidlash lozimki, oldinda qilichbozlik federasiyasini o`ta mas`uliyatli davr kutib turibdi. Turli yosh toifalaridagi qit`a va jahon chempionatlari, nufuzli xalqaro turnirlar, Osiyo o`yinlari kabi musobaqalar orqali sportchilarimiz to`rt yillikning eng muhim starti – Tokio 2020 Olimpiya o`yinlariga munosib tayyorgarlik ko`rishlari lozim. O`ylaymizki bugun amalga oshirilgan o`zgarishlar uzoq kuttirmay o`z samarasini beradi. Shuning bilan Konferensiya o`z ishini yakunladi.






