Xabaringiz bor, Toshkentning “Lokomotiv” jamoasi ayni damda Minsk shahrida o`quv-yig`ini olib bormoqda. Mazkur yig`in “temiryo`lchilar” uchun Oliy Liga ikkinchi davrasiga tayyorgarlik vazifasini o`tab beradi. “Lokomotiv”ning birinchi davra yakunlari hamda ikkinchi davraga olib borayotgan tayyorgarligi xususida jamoa matbuot xizmati Oleg Zoteevdan kichik intervyu oldi.
– Oleg, Minsk yig`ini qay tariqa o`tmoqda?
– Yig`in juda ajoyib tarzda o`tmoqda. Ob-havoning qulayligi sabab turli xil yuklamar olishda hamda nazorat uchrashuvlarida har xil yangicha uslublarni qo`llashda muammoga duch kelmayapmiz.
– “Lokomotiv”ning birinchi davrada qayd etgan natijasi xususida nimalar deya olasiz?
– Oliy Liga ilk davrasini musobaqa jadvali peshqadami sifatida yakunlay olganimizdan juda xursandman. Lekin bundada yaxshiroq natija qayd etishimiz va ba`zi o`yinlarda kutilmaganda ochko yo`qotmasligimiz ham mumkin edi. Qolaversa, Osiyo Chempionlar Ligasida ham guruhdan chiqish nasib etmadi. Bunga esa jamoamizda jarohat olganlar soni ortib ketgani sabab bo`ldi.
– O`zingiz namoyish etayotgan o`yindan ko`ngilngiz to`lyaptimi?
– Ha, shunday desa ham bo`ladi. Ammo o`z o`yinimdan yuz foizga qoniqayotganim yo`q. Zero ba`zi uchrashuvlarda biroz o`yin qovushmay qoldi. Lekin shunday bo`lsa-da, aksariyat bahslarda o`z o`yinimdan o`zim roxat olgan vaziyatlar soni ham kam bo`lmadi.
– Birinchi davrada sizni turli pozisiyalarda o`ynaganingizga guvoh bo`ldik. Sizga aslida qaysi nuqtada o`ynash qulayroq?
– Menga qaysi pozisiyada o`ynashning unchalik ahamiyati yo`q: Asosiysi – jamoamga naf keltirsam bas. Lekin o`zim chap qanotda o`ynasam, biroz qulaylikni his etishim ham rost. Sababi mana uch mavsumdirki, ayni shu chiziqda o`ynab kelyapman.