Ja`farbek yangi mashina olaman deb, pulga zor bo`lgani haqida...

Shou-biznes 16.08.2013, 00:35
Ja`farbek yangi mashina olaman deb, pulga zor bo`lgani haqida...
Xonanda Ja`farbek bilan bundan ancha vaqt avval suhbatlashib qolganimda juda yosh uylanishining sababini aytib bergan edi. Eslashimcha, uning yaqinlari birin-ketin vafot etaverishgan. 
Bu yo`qotishlar orasidagi tanaffus hatto 2 oyga ham etmagan. Tanish-bilishlar esa tezroq bu oilada to`y qilish kerakligini maslahat berishgach, xonanda 17 yoshida uylangan ekan. Shu bilan mo``jiza sodir bo`libdi-yu to`ylar to`yga ulanibdi. Ja`farbekka ana shu voqealarni batafsil aytib berishini so`rab qo`ng`iroq qilganimda, u og`ir yo`qotishlarni eslashni istamadi. Aksincha, kuni kecha ro`y bergan boshqa bir voqeani aytib berib, bizni lol qoldirdi.
         Bir necha oy avval yangi mashina xarid qilish uchun avtosalonga borib asosiy to`lovlarini to`lab keldim. Bir kuni avtosalon vakillari menga qo`ng`iroq qilib, mashinaning qolgan mablag`larini bergach, uni olib ketishimni aytishdi. Ochig`i, shodlanishni  ham, xafa bo`lishni ham bilmay qoldim. Chunki yiqqan-tergan pullarim qolgan to`lovlarga etmas edi. Amal-taqal qilib, eng oxirgi pullarimni yig`ib avtosalonga bordim. Ishonsangiz, bor yo`g`i 20 ming kam edi. O`sha vaqt ko`zimga yosh keldi.

Balki ko`pchilik kishi san`atkorlarda ham shunday holatlar bo`lishiga unchalik ishonishmas. Ammo men buni o`z boshimdan o`tkazdim. Xullas, uyga qaytib, turmush o`rtog`im tokchaga qo`ygan bor pullarni ham yig`ishtirib oldimda, yana ortga qarab yo`lga tushdim.

Orzumga erishdim, lekin ko`nglimga chiroq yoqsa yorishmasdi. Axir, hali davlat raqami olishim, ro`zg`or qilishim kerak. Cho`ntagimda esa sariq chaqa ham yo`q. Qarz so`rashga esa atrofdagilardan istihola qilarkansan kishi. O`sha kunlari hech qanday to`y xizmatlari belgilanmagan. Nima qilarimni bilmay uyga qaytdim. Ichimdan o`tayotgani faqat o`zimga ayon edi. Mashina olganim nima-yu, cho`ntagimda bir so`m yo`qligi nima deb o`zimcha kulib ham qo`yardim.

O`sha kecha ko`zimga uyqu inmadi. Ich-etimni eb, nima qilishga hayron o`tiraverardim. Hademay yangi kun boshlanadi. Ertaga ro`zg`or uchun ham, boshqa extiyojlar uchun ham pul kerak bo`ladi. Yaratgan noiloj bandalariga o`zi to`g`ri yo`l ko`rsatishiga ishonib, faqat uning o`zidan madad kuta boshladim. Ishonsangiz, ikki  soat tavallo  qilib,  mushkulimni oson qilishini so`radim.

Erta tongdan ukam qo`ng`iroq qildi. “Aka, bugun bir san`atkor do`stingiz kichik qahvaxonada konsert berayapti, kirish 20 ming so`m ekan, borasizmi?” dedi. Ochig`i, ukamga pulim yo`q deyishga andisha qilib, ishim bor edi, borolmayman dedim. Keyin ko`chaga otlandim. Yangi mashinamni haydab yo`lda ketayotgan edim, birdan svetaforning qizil chirog`i yondi, to`xtadim. Yo`l chetida miltirab yonib ko`zimni qamashtirayotgan narsani ko`rdim. Hamma o`zi bilan o`zi ovvora, mashinalar esa bir-birini quvib o`tish payida edi.

Asta mashinadan tushib haligi narsa tomon yaqinlashdim. Ne ko`z bilan ko`rayki, erda bir bog`lam pul yotibdi. Qo`limga olib “kimniki” deya baqirdim. Hech kim javob bermadi. “Yo`l yuzida nima qilib baqirib yuribsan, nima, aqldan ozdingmi?” deganlar ham topildi.

Haligi pulni olib mashinaga o`tirdim-u birdan ko`zimga yosh keldi. Bu kimning puli ekan? Egasi peshona teri bilan topib, keyin yo`qotib qo`ydimikin? Balki hozir ichi tuzdek achishib turgandir? Balki, bu Yaratganning menga yuborgan in`omidir? Bu pulni ehtiyojlarimga ishlataversammikin? Axir men uni birovdan tortib olmadim-ku? Men olmasam, boshqa birov topib ishlatishi mumkin edi-ku? Nima bo`lganda ham bu pul hozir mening qo`limda. Men esa bu pulga muhtoj edim.
Axir kecha tunda  Yaratgandan “Juda ko`p emas, bir necha kunga etadigan pul bersang bas” deb iltijo qilgandim. Balki bu o`sha iltijolarim ijobatidir? Pulni olib bozorga bordim, birinchi bo`lib bechoralarga xayr-sadaqa ulashdim. So`ng boshqa ishlarimni bitirdim.
Hikoyam so`ngida bir narsani aytmoqchiman: kishi har bir ishga ixlos bilan yondashishi kerak ekan. Ana o`shanda biz ro`yo deb bilgan har qanday mo``jiza sodir bo`ladi.  

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1