AsosiySalomatlik

IGNATERAPIYaDAN ShIFO TOPISh MUMKINMI?

'IGNATERAPIYaDAN ShIFO TOPISh MUMKINMI?'ning rasmi

Bemor odam dardiga davo istab, tibbiyotning turli usullarini qo`llab, muolaja olishga urinadi. Samarador sanalgan terapiyalar orasi igna bilan davolash ham bor. Xo`sh, eng qadimgi davolash usullaridan biri sanalgan ignaterapiya qanday kasalliklarda shifo bo`ladi? Uni har qanday xastalikdan forih bo`lish uchun qo`llash to`g`rimi?

Igna bilan davolash — akupunktura usuli organizmning yumshoq to`qimalariga maxsus ignalar sanchib davolashdir. Ushbu muolaja Xitoy, Koreya, Yaponiya xalq tibbiyotida qadimdan keng qo`llaniladi. Bunda gavdaning muayyan (700 ga yaqin) nuqtalariga kiritilgan ignalar nerv tolalarini ta`sirlantiradi. Ta`sirlanish bosh yoki orqa miyaga, u erdan turli a`zolarga o`tadi. Periferik asab tizimi xastaliklari, uyqu buzilishi, moddalar almashinuvining buzilishi, shikastlanish va boshqalar natijasida paydo bo`ladigan bo`g`im va mushak kasalliklarida qo`llaniladi. Zarurat tug`ilganida igna sanchib davolash bilan birga dori-darmonlar ham buyuriladi. Igna bilan davolashni shifokor belgilaydi va bu muolajani faqat shu soha mutaxassisigina o`tkaza oladi.

Qo`llash mumkin bo`lgan xastaliklar

Asab tizimi: uyqusizlik, surunkali charchoq sindromi, migren (bosh og`rig`i), depressiya( tushkunlik).

Tayanch-harakat tizimi: osteoxondroz, artrit, bo`g`imlar artrozi,

Siydik yo`li xastaliklari: surunkali prostata, bepushtlik, nevrit, disk churrasi, bachadon kasalliklari.

Me`da-ichak tizimi kasalliklari: ich qotishi, o`t qopidagi toshlar, oshqozonosti bezi kasalliklari, surunkali xolesestit.

Qay holatda tavsiya etilmaydi?

1.Surunkali-yuqumli (tuberkulyoz) sil kasalliklarida;

2. Isitma chiqqan holatda;

3. Og`ir kasalliklar, depressiya holatidan keyin kuchsizlanib qolgan organizmda;

4. Uch yoshga to`lmagan bolalarda;

5. Etmish yoshdan oshgan keksalarda;

6. Og`ir jismoniy mehnatdan so`ng, yugurganda, qaynoq vanna qabul qilgandan so`ng;

7. Kuchli alkogol ta`sirida qo`llash mumkin emas.

8. Shuningdek, homilador ayollarda ikkinchi, uchinchi uch oylikda igna sanchib davolash usuli tuhilajak bola uchun xavfli hisoblanadi. Ginekologlarning fikricha, tug`ruqdan 5 oy avval igna sanchib davolash usuli qat`iy ta`qiqlanishi lozim. Ayniqsa, qorindan pastki qism, oyoqdagi kasallikni davolash nuqtalari belgilanishi homila uchun katta xavfdir.

Nojo`ya ta`siri ham bormi?

Igna sanchib davolashning nojo`ya ta`siri u qadar xavfli emas. Odatda, igna bilan davolash muolajasidan so`ng bemorda engil bosh aylanishi, kuchsiz bosh og`rig`i kuzatiladi.

Odatda, igna sanchib davolash kasallikni davolashdagi eng birinchi usul emas, qo`shimcha davo usulidek qabul qilinadi. Shu bois, igna bilan davolash sog`liq bilan bog`liq barcha muammolarni hal qiladi, deb hisoblash noto`g`ri. Mazkur usulni qo`llamoqchi bo`lsangiz, albatta, soha mutaxassisiga uchrashishingiz va maxsus klinikaga murojaat qilishingiz zarur.

Feruza tayyorladi

    Boshqa yangiliklar