“Qirg`iziston go`zali-2017” tanlovining ishtirokchisi Susanna Egoryan Livanda bo`lib o`tgan “World Next Top Model 2017” go`zallik tanlovining finalida “Armaniston” deb yozilgan tasmani taqib chiqdi, deb xabar berdi Tengrinews.kz nashri.
Tanlovda 17 yoshli Susanna Qirg`iziston respublikasi nomidan ishtirok etayotgan edi. Ammo tanlov yakuniga kelib, u familiyasiga mos keluvchi davlat nomidan ishtirok etdi. Natijada Susanna Armaniston vakili sifatida ikkinchi o`rinni egalladi. “Qirg`iziston go`zali” tanlovi tashkilotchisi Tattibubu Samiddin qizi Susanna Qirg`iziston vakili sifatida ishtirok etishi lozim bo`lganligini ma`lum qildi.
“Bu yangilikdan bugun xabar topib, boshqalar kabi dahshatga tushdim. Mazkur tanlovga Susannani men yuborgan edim. U go`zallik tanlovida Qirg`iziston vakili sifatida ishtirok etishi lozim edi. Ammo Susanna mening va butun Qirg`iziston xalqining yuzini erga qaratdi”, dedi Tattibubu.
Qizg`in muhokamaga qaramay, Susanna Egoryan mazkur voqeaga uzoq vaqt izoh bermadi. Uning Instagram ijtimoiy tarmog`idagi sahifasiga juda ko`p negativ xarakterdagi izohlar joylashtirildi. Oradan biroz vaqt o`tgach, Susanna ularga javoban quyidagi postni joylashtirdi.
“Birinchidan, gapni go`zallik tanloviga davlat hisobidan emas, balki opamning hisobidan borganligimdan boshlasak, to`g`ri bo`ladi, deb o`ylayman. Opam tanlov tashkilotchilari bilan bog`lanib, menga homiylik qildi. Ikkinchidan, tanlov shartiga ko`ra, birinchi chiqishimizda o`zimiz yashayotgan davlat nomidan, ikkinchisida esa millatimiz tegishli bo`lgan mamlakat nomidan chiqishimiz uchun ishtirokchilarga ikki mamlakatning nomi yozilgan tasmalar berildi. Mening g`alabam millatim va o`zim yashayotgan davlatga tegishlidir. Shunga shuncha janjal ko`tarish shartmi? Men o`zim yashayotgan mamlakatga xiyonat qilganim yo`q! Tanlovga o`z hisobimdan kelganim uchun faqat millatim nomidan ham ishtirok etishim mumkin edi. Aksariyat hamyurtlarim qirg`iz millatiga mansub bo`lmaganim uchun Qirg`iziston nomidan tanlovda ishtirok etishga loyiq ko`rishmagan edi. Shunga qaramay, men tanlovda Qirg`iziston respublikasi nomidan qatnashdim!”, -deb yozdi yosh model.
17 yoshli Susanna 2017 yilda 11-sinfni tamomlagan. “Qirg`iziston go`zali” go`zallik tanlovida “Podium go`zali” unvoniga sazovor bo`ldgan.
“World Next Top Model 2017” go`zallik tanlovi 14 iyuldan 6 avgustga qadar Livanda bo`lib o`tdi.